Jahon | 21:38 / 12.11.2025
2293
3 daqiqa o‘qiladi

Falastin davlati konstitutsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha qo‘mita tuzildi

Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Falastin yetakchisi Mahmud Abbos e’lon qildi.

Foto: Reuters

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 12 noyabr kuni Yelisey saroyida Falastin yetakchisi Mahmud Abbosni qabul qildi. Makronning qayd etishicha, u «Falastin davlati prezidenti» bilan muzokaralar olib borgan. Abbos Parij Falastin davlatini tan olganidan beri Fransiyaga birinchi tashrifini amalga oshirmoqda, deb yozdi Euronews.

«Biz birgalikda ikki davlat - Isroil va Falastin tinchlik va xavfsizlikda yonma-yon yashaydigan ertangi kunga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz», deb yozdi Makron ijtimoiy tarmoqda.

Muzokaralar «G‘azodagi vaziyatni barqarorlashtirish» va «zarur islohotlarni» amalga oshirish orqali «Falastin davlatini mustahkamlashga» qaratilgan edi.

Emmanuel Makron Mahmud Abbos bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotda «Falastin ma’muriyatini urushdan vayron bo‘lgan G‘azo sektoriga tezroq qaytishga» chaqirdi.

Fransiya prezidentining fikricha, islohotlar «Isroil yonida yashovchan, demokratik va suveren Falastin davlatini yaratishning zarur shartidir». Ikki davlat rahbarlari Falastin konstitutsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha «qo‘shma qo‘mita» tashkil etilishini e’lon qildi.

O‘z navbatida, Mahmud Abbos Falastin muxtoriyatida islohotlarni, shuningdek, prezidentlik va parlament saylovlarini o‘tkazishga «sodiqligini» tasdiqladi.

Makronning aniqlik kiritishicha, saylovlar G‘azoda «o‘t ochishni to‘xtatishning ikkinchi bosqichiga o‘tganidan bir yil o‘tgach» bo‘lib o‘tadi. Birinchi bosqich hali davom etmoqda. Makronning ta’kidlashicha, «barcha Falastin hududlarida, jumladan, Sharqiy Quddusda erkin, shaffof va demokratik saylovlar o‘tkazish» ustuvor vazifa hisoblanadi.

Abbosning Fransiyaga taklif etilishi yahudiylar davlatida norozilik uyg‘otdi. Isroilning Fransiyadagi elchixonasi e’lon qilgan bayonotda Mahmud Abbos «Fransiyani manipulyatsiya qilayotgani» aytiladi. Ta’kidlanishicha, «Abbos Xolokostni rad etadi, 20 yil davomida hokimiyatni ushlab turgan siyosatchining mashhurlik reytingi esa 15 foizdan kam».

Mavzuga oid