Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hindiston dekabr oyiga Rossiya nefti xaridlarini qisqartirdi
Bloomberg agentligining manbalariga tayanib yozishicha, Hindistonning besh yirik neft qayta ishlash kompaniyasi kelasi oy uchun Rossiya neftini sotib olish bo‘yicha buyurtma joylashtirmadi.
Foto: Biju Boro/AFP
Hindiston dekabr oyida yetkazib berish uchun Rossiya nefti xaridlarini qisqartirdi, deb yozadi Bloomberg 11 noyabr kuni. Uning ma’lumoticha, bu «g‘arb sanksiyalari va AQSh bilan savdo muzokaralari xaridlar tuzilmasiga jiddiy ta’sir qilayotganidan dalolat beradi».
Manbalarga tayanib xabar qilinishicha, odatda joriy oyning 10 kuniga qadar amalga oshiriladigan jarayonga zid ravishda, bir yo‘la besh yirik NQZ kelasi oy uchun Rossiya neftini sotib olish bo‘yicha buyurtma bermagan. Qayd etilganidek, bu o‘zgarish AQSh prezidenti Donald Tramp Hindiston import tovarlariga bojlarni 50 foizgacha oshirgani va keyinchalik Kreml tomonidan Ukrainada urush to‘xtatilmagani bois «Lukoyl» hamda «Rosneft»ga nisbatan sanksiyalar joriy etganidan so‘ng ro‘y berdi.
Bloomberg’ning Kpler tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib yozishicha, besh neftni qayta ishlash kompaniyasi — Reliance Industries Ltd., Bharat Petroleum Corp. Ltd., Hindustan Petroleum Corp. Ltd., Mangalore Refinery and Petrochemicals Ltd. va HPCL-Mittal Energy Ltd. «joriy yilda Hindistonning Rossiya nefti importi uchdan ikki qismini ta’minlagan». Shu bilan birga, aynan shu kompaniyalar dekabr oyi uchun Rossiya neftidan voz kechgan-kechmagani ko‘rsatilmagan. Dekabrga «ma’lum miqdorda Rossiya nefti»ni faqat ikki qayta ishlovchi sotib olgani aytilgan: Indian Oil Corp — sanksiyalar ro‘yxatiga kirmagan sotuvchilardan — va qisman «Rosneft»ga tegishli Nayara Energy Ltd.
2 noyabr kuni Reuters agentligi manbalariga tayanib, AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya Rossiya neft sektorini nishonga olgan sanksiyalar joriy etgandan keyin, Turkiyadagi NQZ Iroq va Qozog‘istondan ko‘proq neft xarid qila boshlaganini yozdi. Suhbatdoshlar agentlikka Turkiyaning ikki yirik NQZsiga ega Tupras kompaniyasi yaqin orada zavodlardan biri uchun Rossiya neftini import qilishni butunlay to‘xtatishi mumkinligini taxmin qilgan.
10 noyabr kuni esa AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan uchrashuvda Vashingtonning NATOdagi barcha ittifoqchilarini Rossiya energetika manbalarini xarid qilishni to‘xtatishga yana bir bor chaqirdi. «Qo‘shma Shtatlar, shuningdek, Ukrainada davom etayotgan urushni to‘xtatishga yordam berish maqsadida, prezident Trampning barcha NATO ittifoqchilariga Rossiya energiya manbalarini xarid qilishni to‘xtatish bo‘yicha chaqirig‘ini yana bir bor ta’kidladi», — deyilgan AQSh Davlat departamenti saytida e’lon qilingan press-relizda.