O‘zbekiston | 23:25 / 12.11.2025
4076
4 daqiqa o‘qiladi

“Markaziy Osiyoda yagona raqamli platforma yaratishga kelishdik” – transport vaziri 

12 noyabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo transport vazirlari yig‘ilishi hamda Markaziy Osiyo – Janubiy Kavkaz (CASCA+) koridori bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi. O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamovning matbuotga aytishicha, mintaqada yagona raqamli platforma yaratiladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Quruqlikda joylashgan Markaziy Osiyo mintaqasi uchun savdo yo‘llariga chiqish masalasi – doim strategik ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston esa mintaqaning markazida bo‘lib, dengiz yo‘llari uchun ikki va undan ortiq mamlakatlarni bosib o‘tishi kerak. Ayniqsa, Rossiya-Ukraina urushi sabab shimoliy koridor o‘z jozibadorligini yo‘qotgani inobatga olinsa, yangi savdo yo‘llarini topish – hukumat oldidagi asosiy vazifalardan. 

1990 yillardan muhokama qilingan – Markaziy Osiyo – Janubiy Kavkaz transport koridori uzoq yillar turli siyosiy muammolar, infratuzilmaviy kamchiliklar sabab e’tibordan chetda qolib keldi. 2023 yildan e’tiboran bu yo‘lakdan faol foydalanish masalasi aktuallashdi va yo‘lak «SASCA+» deb nomlana boshlandi. 2023 yilning noyabrida Turkiyaning Anqara shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarboyjon, Gruziya va Turkiya vakillari birinchi “CASCA+” yig‘ilishini o‘tkazishdi. Shundan beri bu yo‘lak rasmiy darajada mintaqaviy transport koridori sifatida tan olingan.

12 noyabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo davlat rahbarlari maslahat uchrashuvi sammitidan avval bu respublikalarning transport vazirlari ishtirokida yig‘ilishi o‘tkazildi. Shuningdek, “SASSA+” muloqoti ham bo‘lib, bu yo‘lak orqali Yevropa bozoriga chiqish masalasi ko‘rib chiqildi. 

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamovga ko‘ra, besh davlatdan kelgan vakillar bilan avvalo, yagona transport raqamli platformasini yaratish, chegaradagi muammolarni bartaraf qilish masalalari ko‘rib chiqilgan. 

15-16 noyabr kunlarida Markaziy Osiyo prezidentlari va Ozarboyjon prezidentining tashriflari kutilmoqda. Transport vazirlari bilan o‘z yig‘ilishimizni o‘tkazdik. Markaziy Osiyoni yagona transport regioni, ya’ni transport xabiga aylantirish, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida chegaradagi muammolarni yo‘q qilib, raqamlashtirilgan bitta platforma yaratishni gaplashdik. Prezident tashabbusi bilan Transafg‘on multimodal koridori va Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston multimodal koridori rivojlantirilyapti. Chunki yildan yilga yuk miqdori oshib bormoqda”, - deydi Ilhom Mahkamov. 

Vazir shuningdek, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilguniga qadar boshqa kichik muammolarni ham bartaraf etish vazifasi borligini eslatdi. 

Asosiy yo‘nalish bu Yevropaga bo‘ladi. Savdo esa qurilayotgan, ya’ni o‘rta koridor - “CASCA+” bo‘ylab amalga oshadi. Kaspiy dengizining sathi tobora tushib borayotgani, paromlarning yetishmasligi kabi muammolarni temiryo‘l qurib bitkazilguncha yechishimiz lozim”, deydi u. 

Eslatib o‘tamiz, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘lining qurilishi to‘g‘risida hukumatlararo bitim 2024 yilning iyunida imzolangan. Ma’lum muddat to‘xtab qolgan bu loyiha doirasida qurilish ishlari shu yilning iyulidan boshlangan.

Mavzuga oid