Jahon | 18:56 / 12.11.2025
19190
2 daqiqa o‘qiladi

Millionerlar soni ko‘p bo‘lgan mamlakatlar reytingi tuzildi

AQSh millionerlar soni bo‘yicha, Shveytsariya millionerlarning aholi sonidagi ulushi bo‘yicha dunyoda yetakchilik qilmoqda.

Foto: Perini Navi

Shveytsariya millionerlarning aholi sonidagi ulushi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab turibdi. World Population Review nashrining 2025 yil uchun ma’lumotlari shundan dalolat bermoqda.

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, Shveytsariya katta yoshli aholisining qariyb 16,45 foizi bir million AQSh dollaridan ortiq sof aktivlarga ega bo‘lib, bu mamlakatga dunyodagi millionerlarning eng yuqori konsentratsiyasini ta’minlaydi. Lyuksemburg va Honkong ham boy aholi ulushi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiradi.

Mutlaq hisobda AQSh millionerlar soni bo‘yicha hamon yetakchilik qilmoqda - 22 milliondan ortiq. Ikkinchi o‘rinda Xitoy (6,3 mln), undan keyin Fransiya (2,9 mln), Yaponiya (2,7 mln) va Germaniya (2,7 mln) bormoqda. Aholi sonining sezilarli darajada ko‘pligiga qaramay, bu mamlakatlarda millionerlarning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ulushi Shveytsariya va Lyuksemburg kabi kichikroq moliyaviy markazlarga qaraganda pastligicha qolmoqda.

Ro‘yxatning pastki qismida daromad darajasi past bo‘lgan va aholi jon boshiga millionerlar ulushi minimal bo‘lgan rivojlanayotgan mamlakatlar joylashgan. Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika, Janubiy Osiyo va Markaziy Amerikaning ba’zi qismlarida bu ko‘rsatkich eng past, ko‘pincha 0 foizga yaqin.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu taqqoslashlarda valuta kurslari, yashash qiymati va ichki aktivlar qiymati kabi omillar muhim rol o‘ynaydi, chunki farovonlik ko‘rsatkichlari AQSh dollarida hisoblanadi. Hisobotda ta’kidlanishicha, farovonlikni taqsimlashda global tengsizlik saqlanib qolmoqda, shaxsiy boylikning katta qismi rivojlangan iqtisodiyotga ega mamlakatlarda to‘plangan.

World Population Review har yili xalqaro moliya institutlari va milliy statistika agentliklaridan olingan farovonlik va demografiya to‘g‘risidagi ommabop ma’lumotlardan foydalangan holda o‘z statistikasini yangilaydi.

Mavzuga oid