O‘zbekiston | 17:22 / 13.11.2025
13912
2 daqiqa o‘qiladi

“EKO NOM” va “Novator” rusumli suv hisoblagichlar bo‘yicha izoh berildi

O‘zbekistonda iste’molchilarga “EKO NOM” va “Novator” rusumli suv hisoblagichlarini sotib olmaslik va o‘rnatmaslik tavsiya etildi. Chunki bu hisoblagichlar uchun berilgan sertifikat muddati tugagan. “O‘zsuvta’minot” izohiga ko‘ra, allaqachon o‘rnatilib, plombalangan holda turgan hisoblagichlardan foydalanishda davom etish mumkin. Ularni almashtirish shart emas.

Foto: "O‘zsuvta’minot" AJ

O‘zbekistonda “EKO NOM” va “Novator” rusumli suv hisoblagichlari uchun berilgan sertifikatlarning amal qilish muddati tugagan. Shu sababli iste’molchilar bu hisoblagichlarni sotib olmasliklari va o‘rnatmasliklari kerak.

“O‘zsuvta’minot” AJ avvalroq bu haqda bergan xabarida bu turdagi hisoblagichlardan “foydalanish taqiqlangani” aytilgan edi. Shundan so‘ng kompaniya qo‘shimcha izoh berdi: unga ko‘ra, bu hisoblagichlardan foydalanayotgan iste’molchilar agar hisoblagich plombalangan bo‘lsa, uni almashtirishi shart emas. Chunki ular sertifikat amal qilish muddati davrida o‘rnatilgan bo‘lib, xizmat muddati ham inobatga olingan.

Ma’lum qilinishicha, “EKO NOM” rusumli hisoblagichlar sertifikati muddati 2020 yil 10 iyulda tugagan. “EKO NOM SV” turi uchun berilgan hujjat muddati esa 2024 yil 29 noyabrda yakuniga yetgan. Shuningdek, “Novator LK” turidagi hisoblagichlarning sertifikati amal qilish muddati 2023 yil 30 avgustda tugagan.

O‘zbekiston hududida foydalanishga ruxsat etilgan suv hisoblagichlari ro‘yxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

Mavzuga oid