Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
GFR: Kiyevga yordam korrupsiya mojarosidan qat’i nazar saqlanadi
GFR TIV rahbari Yoxann Vadeful Ukrainada korrupsiyaga keskin kurash olib borish zarurligini ta’kidladi. «Yettilik» mamlakatlari Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga sodiq ekanini tasdiqladi.
Germaniya va uning Yevropa hamkorlari Ukrainadagi korrupsiya mojarosiga qaramasdan, Kiyevni Rossiyaning qurolli tajovuziga qarshi mudofaa kurashida qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful 12 noyabr kuni Kanadada bo‘lib o‘tgan «yettilik» TIV rahbarlari uchrashuvi doirasida ma’lum qildi.
«Biz Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixaga G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlash ishonchli bo‘lib qolishi uchun Ukrainada korrupsiyaga qat’iy kurash zarurligini aniq yetkazdik», — dedi Vadeful jurnalistlarga.
Vadeful avvalroq Niagara-on-ze-Leyk shahridagi G7 anjumani doirasida YeIning tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas, shuningdek Fransiya va Italiya tashqi ishlar vazirlari Jan-Noel Barro va Antonio Tayani bilan uchrashdi. Uning aytishicha, qatnashchilar Ukraina va uning mustaqil antikorrupsiya organlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini tasdiqladi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy energetika sohasidagi korrupsiya mojarosi fonida adliya vaziri German Galushchenko va energetika vaziri Svetlana Grinchukni iste’foga chiqishga chaqirdi. Zelenskiy antikorrupsiya idoralarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini tasdiqladi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘p million dollarlik ish faqat energetikadagi poralar haqida emas, mudofaa sanoati haqida ham ketmoqda. Asosiy gumonlanuvchi — prezident Zelenskiyning biznes hamkori Timur Mindich hibsdan qochib, chet elga chiqib ketgan.
Vadefulning aytishicha, Ontario provinsiyasidagi uchrashuv yakuni bo‘yicha G7’ning Ukrainaga nisbatan ilgarigi pozitsiyasini tasdiqlovchi qo‘shma bayonot qabul qilinishi kutilmoqda. «G7 guruhi Ukraina tomonida. Ilgari aytgan va pozitsiyamiz bo‘lib qolgan barcha bayonotlarni ushbu konferensiyada tasdiqlayapmiz», — dedi u.
Kanada tashqi ishlar vaziri Anita Anandning ta’kidlashicha, mamlakat Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etadi. Ular, jumladan, Rossiya dronlari ishlab chiqish va qo‘llashda ishtirok etuvchi shaxs va kompaniyalarga, shuningdek suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga qaratilgan bo‘ladi. Shuningdek, Rossiya energiya cheklovlarini chetlab o‘tishda qo‘llayotgan «soya flot»ning 100 ta kemasi ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritiladi.