O‘zbekiston | 18:47 / 13.11.2025
3943
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston – Ozarboyjon uchun qardosh mamlakat, ishonchli ittifoqchi – Ilhom Aliyev

Hozirga kelib, Ozarboyjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar eng yuqori – ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgan, dedi Ozarboyjon rahbari.

O‘zbekiston – Ozarboyjon uchun qardosh mamlakat, ishonchli ittifoqchi. Bizni mushtarak ildizlar, ma’naviy qadriyatlar, til, etnik yaqinlik, boy tarixiy va madaniy meros birlashtirib turadi. Bu haqda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev O‘zA nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Asrlar davomida qardosh xalqlarimiz o‘zaro iliq munosabatda bo‘lib, bir-birini chuqur hurmat qilgan. Bugun davlatlararo munosabatlarimiz ana shu mustahkam poydevor asosida muvaffaqiyatli rivojlanib borayotgani quvonarli, albatta. Hozirga kelib, Ozarboyjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar eng yuqori – ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgan», dedi Aliyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan.

«Fursatdan foydalanib, qardosh O‘zbekistonga Qorabog‘ni tiklash, xususan Fuzuliyda hozir 600 nafarga yaqin o‘quvchi ta’lim olayotgan buyuk o‘zbek olimi Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab qurilishiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildiraman. O‘zbekiston Qorabog‘ mintaqasini tiklashda yordam ko‘rsatish tashabbusi bilan chiqqan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Biz buni mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi hamjihatlik, do‘stlik, birodarlik ifodasi sifatida doimo yodda saqlaymiz», dedi Aliyev.

Mavzuga oid