Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy Ukraina harbiylari Pokrovskdan olib chiqilishini istisno etmayapti
«Hech kim ularni vayronalar uchun o‘lishga majbur qilmaydi», degan u.
Foto: Videodan kadr
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari Pokrovskni tark etishi mumkinligini aytib, Donetsk oblasti g‘arbidagi ushbu shaharda ukrain harbiylari «juda murakkab vaziyatda qolgani»ni tan olgan.
«Hech kim ularni vayronalar uchun halok bo‘lishga majbur qilmaydi», – degan u Bloomberg uchun intervyuda.
Zelenskiy Pokrovsk mudofaasidagi harbiylarning har qanday qarorini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan:
Men u yerdagi askarlarimizni, ayniqsa, komandirlarni vaziyatni nazorat qilish uchun olishlarini ta’minlashda qo‘llab-quvvatlayman. Aks holda bu biz uchun juda qimmatga tushadi, biz uchun eng muhimi – askarlarimiz hayoti.
Zelenskiyning fikricha, Rossiya Trampni Ukrainada urushni to‘xtatish uchun Donbassdan voz kechishi kerakligiga ko‘ndirish maqsadida Pokrovskni bosib olishga intilmoqda. «Biz Ukraina sharqidan keta olmaymiz. Buni hech kim qabul qilmaydi, odamlarimiz buni qabul qilmaydi, – deydi u. – Va asosiysi, hech kim sizga ular u yoki bu shaharni bosib olgach, oldinga siljishda davom etmaydi, deb kafolat bermaydi. To‘xtatib turuvchi omil yo‘q».
Pokrovskdagi vaziyat
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik harbiylar qalin tumandan foydalangan holda Pokrovsk ichkarisiga kirib olgani aks etgan videolar keng tarqaldi.
Ukrainaning 7-desant-shturm korpusida ta’kidlanishicha, ob-havo sharoiti, xususan, qalin tuman Moskvani o‘z harakatlarini faollashtirishga undagan. Rossiyalik harbiylar keyinroq ukrain bo‘linmalarini qurshab olish uchun vayrona holatdagi shaharga imkon qadar ko‘proq qo‘shin kiritmoqda.
Rossiya armiyasi bir yildan oshiq vaqtdan buyon Pokrovskni egallashga harakat qilib keladi, Volodimir Zelenskiy ham tuman rossiyaliklarga qo‘l kelgani va vaziyatni murakkablashtirganini aytgan.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda virusdek keng tarqalgan videoda rossiyalik harbiylar tumandan foydalangan holda fuqarolik avtomobillari hamda mototsikllarda hech qanday qarshilikka uchramasdan, shaharga kiri kelayotganini ko‘rish mumkin. Videodagi mashinalar va mototsikllar juda eskirganidan kelib chiqib, ko‘plab sharhlovchilar buni kelajakdagi janglar haqidagi «Aqlsiz Maks» fantastik filmidagi kadrlar bilan taqqosladi.
Video shaharga janubdan, Selidove-Pokrovsk trassasi orqali kirib kelishda olingan.
So‘nggi kunlarda tuman ukrainlarga havo orqali razvedka ishlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qildi, deydi 68-brigadaning «Shershni Dovbusha» pilotsiz bo‘linmasidan bo‘lgan «Gus» laqabli harbiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shuning uchun Rossiya harbiylari texnikalar kolonnasi orqali hujumga o‘tishga «jur’at etgan» – havo ochiq kunlarda Ukraina dronlari ularni darhol yo‘q qilgan bo‘lardi.
Ukrainalik harbiy BBC muxbiri bilan suhbatda uning bo‘linmasi piyoda va mototsiklda kirib kelishga urinayotgan kichik rus guruhlarini muntazam ravishda aniqlab, yo‘q qilayotganini aytgan.
Bu bo‘linma yakshanba kuni tasvirga olingani aytilayotgan virusli videoda ko‘rsatilgan hujumni qaytarishda ham ishtirok etgan.
«Gus»ning ta’kidlashicha, kolonnadagilarning bir qismi yo‘q qilingan, ammo ob-havo sharoiti tufayli hujumni qaytarish paytida video kuzatuv bo‘lmagan, shuning uchun u butun guruhga zarba berilganiga ishonchi komil emas.

7-korpus bayonotida hozir Pokrovskda 300 nafar rus askari borligi aytiladi, lekin Zelenskiy bir hafta oldingi bayonotida ham shunday raqamlarni keltirgandi. Keyinroq paydo bo‘lgan video shuni ko‘rsatadiki, bu vaqt ichida ularning soni ko‘paygan bo‘lishi mumkin.
Ukrainaning DeepState monitoring guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Pokrovskning aksariyat hududlariga kirib kelgan. Ba’zi kuzatuvchilar shahar tez orada qulashi muqarrar ekanini aytishmoqda.
Shaharning katta qismi hozirda hech bir tomon to‘liq nazorat qilmaydigan «kulrang hudud» bo‘lib turibdi, deydi «Gus». «Biz bir binoda, dushman esa qo‘shni binoda pozitsiyani ushlab turgan bo‘lishi mumkin. Ular ortimizga o‘tishga harakat qilmoqda», – deydi u.
Rossiyaliklar Pokrovsk va qo‘shni Mirnogradni o‘rab olib, «kotyol» hosil qilishga urinmoqda.
Hali bu kotyol «qopqoq» bilan yopilmagan bo‘lsa-da, rus harbiylari FPV-dronlari yordamida shaharni boshqa hududlar bilan bog‘lovchi barcha yo‘llarni doimiy ravishda o‘qqa tutishi mumkin.
Ukraina qo‘shinlari qurshovga tushib qolmaslik uchun dushmanni «kotyol»ning sharqiy tomonidagi Suvorov va Rodinskiydan uloqtirib tashlab, Rossiya qanotlari o‘rtasida katta bo‘shliq yaratdi.
Rossiya kuchlari Pokrovskda Ukraina qo‘shinlarini ta’minlaydigan logistika yo‘nalishlarini kesishga harakat qilmoqda.
«Ular ta’minot yo‘llariga nafaqat masofadan – dronlar va artilleriya bilan hujum qilmoqda, balki u yerga quruqlikdagi askarlarni ham yubormoqda», – dedi BBC’ga ukrainalik dron operatori.
Bu taktika infiltratsiya deb ataladi va u yetarlicha muvaffaqiyatli bo‘lib chiqdi, deydi ukrainalik harbiy tahlilchi Konstantin Mashovets.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya kuchlari birinchi navbatda Ukrainada Rossiyaning kichik guruhlari harakatini aniqlash imkonini qoldirmaslik uchun FPV-dron operatorlarini nishonga olmoqda.
Mashovetsning qo‘shimcha qilishicha, rus askarlari ba’zida mahalliy aholi yoki ukrainalik harbiylar kiyimida shahar ichkarisiga kirib keladi. Ularning asosiy maqsadi – Ukraina himoyachilari o‘rtasida tartibsizlik keltirib chiqarish, shundan so‘ng Rossiya armiyasining asosiy kuchlari hujumga o‘tishi mumkin.
Rossiya harbiylari frontning boshqa uchastkalarida – shimoli-sharqda Kupyanskda va janubda Zaporijjya oblastida ham hujum qilishga urinmoqda.
Birlashgan kuchlar vakili Viktor Tregubov Moskvaning o‘z armiyasi Kupyanskni qurshab olishga muvaffaq bo‘lgani haqidagi bayonotini rad etdi, biroq shahar janubida rus qo‘shinlari borligi va vaziyat murakkabligicha qolayotganini tan oldi.
Mavzuga oid
15:21
Yevropa yetakchilari Trampning Ukraina bo‘yicha rejasiga ishonmayapti - Der Spiegel
13:45
Kipr: Ukraina YeI Kengashiga raislik davrida ustuvor yo‘nalish bo‘ladi
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025