O‘zbekiston | 15:30 / 14.11.2025
3031
3 daqiqa o‘qiladi

Bojxonachilar qariyb 1 trln so‘mlik noqonuniy tovar aylanmasini to‘xtatdi

Bojxona qo‘mitasida 2025 yilning yanvar–oktyabr oylarida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan brifingda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish doirasida 34,6 ming holatda qariyb 1 trln so‘mlik noqonuniy tovar aylanmasiga chek qo‘yilgani ma’lum qilindi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Bojxona qo‘mitasida 2025 yilning 10 oyi davomida bojxona organlari tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning yanvar–avgust oylarida chegara-bojxona postlari orqali 1,5 mln ga yaqin yuk avtotransport vositalari (+25 foiz), 670 mingdan ziyod yukli vagonlar (+14 foiz), shuningdek, 50,5 mln nafar yo‘lovchi (+10 foiz) harakatlangan.

Hisobot davrida 946 mingdan ziyod (+12 foiz) bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirilgan.

Tadbirkorlarning moliyaviy barqarorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 12 mingdan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisiga 47 trln so‘m bojxona to‘lovlaridan imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanilgan. Shuningdek, 400 dan ziyod tadbirkorlik sub’yektiga 4,8 trln so‘m bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat berilgan.

Davlat budjetiga jami 60,7 trln so‘m bojxona to‘lovlari o‘tkazilib, ko‘zlangan reja 101,3 foizga bajarilgani qayd etildi.

Ma’lumotga ko‘ra, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasida 34,6 ming holatda salkam 1 trln so‘mlik tovarlar, jumladan:

73,3 mlrd so‘m ekvivalentidagi valuta qimmatliklari;
114,1 mlrd so‘mlik zargarlik buyumlari noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Mamlakat aholisining sog‘ligi va xavfsizligini ta’minlash doirasida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida:

1 tonna 610 kg giyohvandlik vositalari;
1 tonna 55 kgdan ziyod psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalar;
137 ta o‘qotar va sovuq qurollar;
566 ta patronlar;
44,5 mlrd so‘mlik tamaki mahsulotlari bojxonachilar tomonidan ushlab qolingan.

Sohani raqamlashtirish hisobiga eksportda 94 foiz, importda 85 foiz bojxona yuk deklaratsiyalari soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilgan. Bunda BYuDni inson omilisiz rasmiylashtirish hajmi eksportda 45 foiz, importda esa 6 foizni tashkil etgan.

Bojxona hududida qayta ishlash rejimini ommalashtirish natijasida ushbu rejimdan foydalangan tadbirkorlar soni 443 nafarni tashkil etdi. Mazkur rejimga 979 mln dollarlik tovarlar joylashtirilib, qayta ishlangan qariyb 1,2 mlrd dollarlik tovarlar (+43 foiz) eksport qilingani ma’lum qilindi.

Mavzuga oid