O‘zbekiston | 09:31 / 14.11.2025
10687
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston o‘rik yetishtirish va eksporti bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda

Agrosanoatni rivojlantirish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘rik yetishtirish va o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallaydi. Shuningdek, mamlakat shaftoli, gilos va uzum yetishtirish va eksport qilish bo‘yicha ham yetakchi lokatsiyalar qatorida qayd etilmoqda.

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston o‘rik yetishtirish va eksporti bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda, shuningdek, shaftoli yetishtirishda ham asosiy lokatsiyalardan biri hisoblanadi.

Bu haqda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari O‘g‘iloy Boltaboyeva brifingda ma’lum qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024–2025 yillarda respublika bo‘yicha jami 43,2 ming gektar sanoatlashgan intensiv mevali bog‘ va tokzorlar barpo etilmoqda.

Intensiv bog‘lar uchun eng yirik hududlar quyidagicha belgilangan:

  • Namangan viloyati – 3 277 ga;
  • Samarqand viloyati – 2 539 ga;
  • Jizzax viloyati – 2 413 ga;
  • Surxondaryo viloyati – 1 700 ga;
  • Andijon viloyati – 1 439 ga.

Shuningdek, boshqa viloyatlarda ham intensiv bog‘lar maydoni kengaymoqda.

Agentlik axborotida ta’kidlanishicha, joriy yilning 9 oyida 1,6 million tonna meva mahsulotlari 1,5 milliard dollar qiymatda 70 dan ortiq davlatga eksport qilingan.

Yangi barpo etilgan bog‘larning 2–3 yil ichida hosilga kirishi inobatga olinsa, yaqin 3–5 yil ichida mamlakat meva eksporti hajmini kamida 30 foizga oshirish mumkinligi qayd etilgan.

Global reytinglar bo‘yicha O‘zbekiston quyidagi ko‘rsatkichlarga ega:

o‘rik yetishtirish bo‘yicha dunyoda Turkiyadan keyin 2-o‘rin;
o‘rik eksporti bo‘yicha Italiyadan so‘ng 2-o‘rin;
gilos, uzum va shaftoli eksporti bo‘yicha ham yetakchi davlatlar qatorida turibdi.

Mavzuga oid