Jahon | 11:45 / 14.11.2025
3987
9 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada mobil internet cheklanishi: “oq ro‘yxat” tizimi haqida nimalar ma’lum?

Ulyanovsk viloyatida Ukrainadagi urush tugaguniga qadar mobil internet bloklanishi e’lon qilindi. Rasmiy sabab - Ukraina dronlari bilan kurash. «Oq ro‘yxat»dagi saytlar haqida nima ma’lum va mahalliy aholi bu holatga qanday munosabatda?

Foto: AP

Rossiya mintaqalarida mobil internetni ommaviy o‘chirish 2025 yil bahorida boshlangan — asosan bu G‘alaba paradlari o‘tkazilgan yirik shaharlarga taalluqli edi. Ukraina «To‘r» («Pautina») operatsiyasini iyun oyida o‘tkazib, dronlar Rossiya ichkarisida joylashgan strategik aviatsiya aerodromlariga hujum qilganidan so‘ng, mobil internet Rossiyaning Yevropa qismida o‘chira boshlandi. Rasman sabab sifatida dronlar bilan kurash ko‘rsatildi, chunki ular navigatsiya uchun mobil internetdan foydalanadi, deb ta’kidlandi.

Internetni bir necha marotaba o‘chirishdan so‘ng Rossiya Axborot texnologiyalari vazirligi yirik aloqa operatorlari bilan birgalikda taklif etilgan «oq ro‘yxat»ni — ya’ni, internet o‘chirilgan paytlarda ham ishlaydigan servislar to‘plamini tasdiqladi. Ushbu ro‘yxat RF hokimiyatlari tomonidan nazorat qilinadi, deb hisoblanadi. Unga «Gosuslugi» portali, Ozon va Wildberries marketpleyslari, «Yandeks»ning yetkazib berish va taksi xizmatlari, «VKontakte» va «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmoqlari, Max striming servisi va boshqa platformalar kiritilgan. Qaysi mintaqalarda mobil internet tobora ko‘proq bloklanayotgani va mahalliy aholi bu holatga qanday munosabatda ekani DW materialida bayon etilgan.

Ulyanovsk viloyati hokimiyati 11 noyabr kuni mobil internetni vaqtinchalik cheklash choralari Ukrainadagi urush tugaguncha doimiy choraga aylanishini e’lon qildi. Viloyat raqamli rivojlanish vaziri Oleg Yagfarovning aytishicha, cheklovlar maxsus maqsaddagi obektlar atrofida joriy etiladi, ammo amalda bu hududga turar joy kvartallari, ijtimoiy maskanlar va ofis binolari ham tushgan. Qaror federal darajada qabul qilinganini ta’kidlagan mansabdor shaxsga ko‘ra, cheklovlarning muddati belgilanmagan — Moskvadan boshqa ko‘rsatma kelmaguncha ular saqlanib turadi.

Rossiyadagi internet uzilishlarini kuzatib boruvchi «Na svyazi» loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, mobil aloqa muammolari haqida 57 ta mintaqadan xabar berilgan. Masalan, Sankt-Peterburg, Sochi, Tula, Ryazan, Krasnodar, Saratov, Nijniy Novgorod va Ufada uzilishlar tez-tez qayd etiladi. eQualitie loyihasining rus tilidagi koordinatori Leonid Yuldashevning ta’kidlashicha, «oq ro‘yxat»dan foydalanayotgan mintaqalar soni ortib bormoqda. Shu bilan birga, ularni aniq hisoblash juda qiyin, deydi u: «Qaysi joylarda “oq ro‘yxat” yoqilgani haqidagi ma’lumotni biz faqat foydalanuvchilardan va mahalliy hokimiyatning kamdan kam rasmiy bayonotlaridan olamiz. Lekin odam “oq ro‘yxat” amal qilayotgan hududda bo‘lsa, u bu haqda xabar ham berolmaydi — messenjerlar, VPN va boshqa aloqa vositalari ishlamaydi».

Voronej viloyatida 9 noyabr kuni Ukrain droni hujumidan so‘ng mobil internet deyarli ikki kun ishlamagan. «Bloknot» mahalliy nashri o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, respondentlarning 81 foizi mobil internet butunlay yo‘qolganini aytgan, faqat 10 foizida «oq ro‘yxat»dagi servislar ishlagan, qolganlari aloqa uzilishlarini sezmagan.

Yuldashevning aytishicha, hatto bir shaharning o‘zida ham «oq ro‘yxat» turlicha joriy etilishi mumkin. Masalan, maxsus maqsaddagi deb ataluvchi obektlar atrofida mobil internet deyarli doim o‘chirilgan bo‘ladi, boshqa tumanlarda esa vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkin, bundan tashqari, turli mobil operatorlar bu ro‘yxatlarni o‘zicha amalga oshiradi. Shu bois, ekspert so‘zlariga ko‘ra, «oq ro‘yxat» faqat ayrim kvartallarda ishlayotgan vaziyatlar ham kuzatilishi mumkin: «Tom ma’noda ikki bekat o‘tib ketsangiz, hammasi yana odatdagidek ishlay boshlashi mumkin».

«Internetni himoya qilish jamiyati» ijroiya direktori Mixail Klimaryovning tushuntirishicha, «oq ro‘yxat» yaratish g‘oyasi biznes, xususan aloqa operatorlari va hokimiyat o‘rtasidagi bir turdagi kompromissdir: tadbirkorlar shunday yo‘l bilan o‘z zararini kamaytirishga urinmoqda. Ammo hatto shunday formatda ham mintaqalar pul yo‘qotmoqda, uning hisob-kitobicha, Ulyanovsk viloyati iqtisodiyoti mobil internet o‘chirilgan har bir soat uchun taxminan 3 mln rubldan mahrum bo‘lmoqda.

«Internet hozir iqtisodiyot va davlat boshqaruvi rivoji bilan juda chambarchas bog‘langan. Hatto raqamli davlat deb atash qiyin bo‘lgan Afrika mamlakatlarida ham internet ulkan rol o‘ynaydi. Uni o‘chirib, hokimiyat aslida o‘ziga o‘zi zarar yetkazmoqda, — deydi Klimaryov. Uning fikricha, bu zarar hokimiyatlar da’vo qilayotgan xavflardan ham katta bo‘lishi mumkin: — Harbiy obektlarni himoya qilaman, deb ular fuqarolik infratuzilmasini izdan chiqarmoqda. Internetni o‘chirishdan iqtisodiyot ko‘radigan zarar dron hujumidan ko‘ra kattaroq bo‘lishi ehtimoli bor».

Ulyanovsk viloyatida biznes va korxonalar shatdaun paytida to‘xtab qolar ekan, «Internetni himoya qilish jamiyati» ekspertlari bahosiga ko‘ra, mintaqa har soatiga taxminan 3 mln rubl yo‘qotmoqda, agar shunday chora butun Rossiya bo‘ylab joriy etilsa, butun mamlakat iqtisodiyoti soatiga 1,9 mlrd rubldan ayriladi. «Zavodlardagi stanoklar internet orqali boshqariladi, suv quvurlaridagi datchiklar ma’lumotni tarmoq orqali uzatadi, transport navigator bo‘yicha yuradi, banklar onlayn ma’lumot almashadi. Onlayn-do‘konlar, internetdagi e’lonlar, hatto kassalar ham ishlashi uchun internet kerak», — deyiladi «Na svyazi» loyihasining Telegram-kanalida.

Volgogradda mobil internetning muntazam o‘chirilishi tufayli aholi sudga murojaat qila boshladi. Masalan, mahalliy fuqaro Maksim Konobeyevskix «Bilayn» operatoridan kompensatsiya talab qildi, yurist Ivan Ivanov esa aholini aloqa uzilishlari bo‘yicha ommaviy shikoyatlar berishga chaqirayotgani aytilgan.

Shu bilan birga, eQualitie loyihasi koordinatori Leonid Yuldashevning ta’kidlashicha, rossiyaliklar yangi cheklovlarni «ta’riflab bo‘lmas darajada bo‘sh qabul qilmoqda»: «Bu, albatta, hayot sifatiga salbiy ta’sir qiladi, ammo odamlar buni ob-havodek qabul qilyapti: bugun yomg‘ir — uyda o‘tiramiz, bugun “oq ro‘yxat” — Telegram’dan foydalanmaymiz».

Ko‘plab yetkazib berish va taksi xizmatlari allaqachon yana telefon orqali buyurtma qabul qilishga qaytmoqda, do‘konlar esa mijozlarni SMS orqali xabardor qilmoqda, deydi ekspert: «Rossiya ma’lum ma’noda internetdan oldingi davrga qaytyapti, garchi raqamli infratuzilma juda rivojlangan bo‘lsa ham. Fuqarolarning bu vaziyatga ta’sir ko‘rsatish imkoni deyarli yo‘q».

Yaqin olti oy — bir yil ichida «oq ro‘yxat»larni butun Rossiya bo‘ylab joriy etishga hokimiyat qodir emas, deb hisoblaydi Yuldashev. «Oq ro‘yxat — texnik jihatdan murakkab tizim, — deb tushuntirdi u. — Faqat ma’lum serverlarga trafikni o‘tkazish va qolganini to‘sish kerak, shu bilan birga, vaqt sinxronizatsiyasiga o‘xshash tanqidiy muhim servislar ishini buzmaslik lozim. Xatolar juda qimmatga tushadi, shu bois mintaqalar tizimni notekis va turlicha tezlikda joriy etmoqda». Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, to‘liq suveren internet yaratish ko‘p yillik tayyorgarlikni talab qiladi, hozir esa hokimiyat «qisqa hujumlar» bilan ish tutmoqda: «oq ro‘yxat»ni yoqadi, oqibatlarini kuzatadi va shundan keyingina qaror qabul qiladi. Shu bilan birga, Yuldashev ta’kidlashicha, «hokimiyat buni normaga aylantirmoqchi ekani aniq», aholi esa asta-sekin cheklovlarga ko‘nikmoqda.

Klimaryovning fikricha, Rossiya hokimiyati butun mamlakat bo‘ylab mobil internetni to‘liq izolyatsiya qilish uchun texnik jihatdan allaqachon tayyor: «Mendan ko‘p so‘rashadi: bu Rossiyani izolyatsiya qilishga tayyorgarlik emasmi? Texnik nuqtai nazardan “oq ro‘yxat”larni butun mamlakat bo‘ylab joriy etish qiyin emas. Bizga namoyon bo‘layotgan manzara esa rejali operatsiyadan ko‘ra, ko‘proq harbiylar harakatlariga javob sifatida ko‘rinadi», — deydi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid