Jahon | 14:54 / 14.11.2025
2034
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaga AQShdan qurol sotib olish uchun 500 mln dollar ajratiladi

Skandinaviya va Boltiq mamlakatlari PURL dasturi doirasida Ukraina uchun AQShdan qurol-yarog‘ xarid qilishga 500 mln dollar ajratishini e’lon qildi. Xususan, qurol-yarog‘ pulini Daniya, Finlandiya, Islandiya, Estoniya, Litva va Latviya to‘lab beradi.

Foto: Getty images

Skandinaviya va Boltiqbo‘yida joylashgan shimoliy Yevropaning sakkiz mamlakati Ukraina uchun AQShdan qurol-yarog‘ sotib olish maqsadida, asosan Yevropa sheriklari tomonidan moliyalashtiriladigan dastur doirasida 430 mln yevro (500 mln dollar) ajratadi. Mos bayonot 13 noyabr kuni NATO saytida e’lon qilindi.

«Daniya, Estoniya, Finlandiya, Islandiya, Latviya, Litva, Norvegiya va Shvetsiya NATOning PURL tashabbusi doirasida Ukraina uchun AQShdan 500 million dollarlik harbiy texnika va o‘q-dorilar paketini birgalikda moliyalashtirishini bugun e’lon qildi», — deyiladi ma’lumotda.

Bu qarorni NATO bosh kotibi Mark Ryutte qo‘llab-quvvatladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Ukrainada qish mavsumi boshlanayotgan bir paytda, “juda muhim harbiy texnika” yetkazib berilishi alohida ahamiyat kasb etadi».

«Ukrainaning ustuvor ehtiyojlari ro‘yxati» (Prioritised Ukraine Requiremens List, PURL) dasturi 2025 yil iyulidan boshlab NATO va AQSh prezidenti Donald Tramp kelishuviga binoan amal qiladi. 17 sentabr kuni Volodimir Zelenskiyning aytishicha, PURL doirasida Ukraina bugungacha 2 mlrd dollardan ortiq mablag‘ olgan, yil yakunida esa 3–3,5 mlrd dollarga umid qilmoqda. Bu mablag‘lar hisobiga, jumladan, Patriot havo mudofaa tizimlari hamda HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun raketalar xarid qilingan.

Bundan ko‘p o‘tmay Reuters agentligi AQSh Trampning Oq uyga qaytishidan keyin ilk bor Ukrainaga qurol yetkazib berishni qayta boshlayotgani haqida xabar berdi. O‘shanda PURL doirasida mamlakatga yaqin vaqt ichida har biri 500 mln dollarlik ikki harbiy yordam paketini yuborish rejalashtirilayotgani qayd etilgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid