Jahon | 20:36 / 14.11.2025
3460
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoylik olimlar yoshga bog‘liq bepushtlikni davolashning yangi usulini kashf etdi

Jamoa ribosomalar translatsiyasini ingibirlashi bilan mashhur bo‘lgan rapamitsin preparatini sinovdan o‘tkazdi.

Foto: Reuters

Xitoylik olimlar tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqot yosh o‘tishi bilan fertillik pasayishining asosiy mexanizmini aniqladi va uni davolash mumkinligini ko‘rsatdi.

Cell Repors Medicine jurnalida chop etilgan tadqiqot Nankay universiteti boshchiligidagi qo‘shma guruh tomonidan o‘tkazildi.

«Biz ribosomalarning disfunksiyasi tuxum hujayralari sifatining pastligi uchun ilgari e’tiborga olinmagan omil ekanini aniqladik. Bu nafaqat ootsit muammosi, balki uning atrofidagi kumulyus hujayralari ham shunga o‘xshash o‘zgarishlarga uchraydi va ular birgalikda tuxum hujayrasi va embrionning rivojlanish qobiliyatiga ta’sir qiladi», dedi maqola muallifi Li Tsze.

Jamoa ribosomalar translatsiyasini ingibirlashi bilan mashhur bo‘lgan rapamitsin preparatini sinovdan o‘tkazdi. Tajribalar shuni ko‘rsatdiki, rapamitsin ribosomalar faolligini samarali pasaytiradi va oqsil muvozanatini tiklaydi, tuxum hujayralarining sifatini va tuxumdonlar muhitining holatini yaxshilaydi.

Klinik tadqiqotda ilgari yordamchi reproduktiv texnologiyalar paytida embrion rivojlanishining kechikishi kuzatilgan ayollar rapamitsin bilan qisqa muddatli davolangan. Bu aralashuv ularga yuqori sifatli blastotsistalar olishga yordam berdi, bu esa muvaffaqiyatli homiladorlik va tirik tug‘ilishga olib keldi.

«Dastlabki natijalar umid baxsh etadi va yoshga bog‘liq bepushtlikni tushunish va davolash uchun yangi imkoniyatlar ochadi», dedi Shansi provinsiyasidagi bolalar shifoxonasidan U Syuetsin. «Biroq, samaradorlikni yanada tasdiqlash va davolash protokolini optimallashtirish uchun kengroq klinik tadqiqotlar zarur».

Mavzuga oid