Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ko‘p kvartirali uylardan foydalanish qoidalari yangicha tartibga solinadi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari ishlab chiqdi.
Yangi qoidalar mulkchilik shaklidan qat’i nazar, ko‘p kvartirali uylar va ularga tutash hududlarda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va texnik ekspluatatsiya qilish tartibini belgilaydi. Hujjatda bino, inshoot, umumiy mol-mulk, ventilyatsiya, rekonstruksiya, mukammal ta’mirlash, monitoring kabi bir qator asosiy tushunchalarga aniq ta’riflar beriladi.
Qoidalarga muvofiq, ko‘p kvartirali uylar va uyga tutash hududdan foydalanish quyidagi talablar asosida amalga oshirilishi lozim: aholi uchun qulay va xavfsiz yashash sharoitlarini ta’minlash, uylarning muddatidan oldin eskirishi va avariya holatlarini oldini olish, nazorat va parvarishlash ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish, shuningdek ushbu jarayonlarni tashkiliy va texnik jihatdan muvofiqlashtirish.
Hujjatda ko‘p kvartirali uylardagi umumiy mol-mulk tarkibi aniq sanab o‘tilgan. Jumladan, zinalar, liftlar, umumiy foydalanishdagi yo‘laklar, chordoq va yerto‘lalar, texnik qavatlar, muhandislik kommunikatsiyalari, tom va yuk ko‘taruvchi konstruksiyalar, ichki suv ta’minoti, oqova, issiqlik va elektr ta’minoti tizimlari, axborot va telekommunikatsiya tarmoqlari, uyga tutash yer uchastkasi, sport va bolalar maydonchalari, avtoturargohlar va boshqa obektlar umumiy mol-mulk sifatida qayd etilgan.
Umumiy mol-mulkni saqlash va ta’mirlash uchun sarflanadigan xarajatlar joylar mulkdorlarining umumiy mulkdagi ulushiga mutanosib ravishda ular zimmasiga yuklatiladi. Bunda uy-joy mulkdorlari tomonidan boshqaruvchi tashkilot bilan tuziladigan shartnomalar, uy-joy mulkdorlari shirkatlari yoki bevosita boshqarish shakli orqali xizmat ko‘rsatuvchi va pudratchi tashkilotlarni jalb qilish imkoni nazarda tutilgan.
Qoidalarda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish shakllari, qurilish tashkilotidan boshqaruvchi tashkilotga uyni topshirish tartibi, umumiy mol-mulk holatini tekshirish va rasmiylashtirish, shuningdek boshqaruv organlari hamda mulkdorlarning huquq va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilgan. Jumladan, boshqaruv organi uyning texnik hujjatlarini yuritishi, binolar va muhandislik tizimlarini muntazam ko‘rikdan o‘tkazishi, avariya holatlarini bartaraf etish va mavsumiy tayyorgarlik ishlarini tashkil etishi shart.
Hujjatda fundament va yerto‘la, devorlar, fasadlar, tom va qavatlararo yopmalar, kirish yo‘laklari, liftlar, ventilyatsiya kanallari, issiqlik, suv va oqova tizimlari, gaz va elektr ta’minoti, shuningdek uylarga o‘rnatilgan quyosh panellaridan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha alohida talablar belgilangan. Energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, hisoblash asboblaridan foydalanish tartibi ham qoidalarda o‘z aksini topgan.
Ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni saqlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, chiqindilarni to‘g‘ri to‘plash va olib chiqish, qishki va yozgi tozalash ishlarini tashkil etish, gazonlar va daraxtlarni parvarishlash kabi vazifalar ham boshqaruv organlari va mulkdorlar mas’uliyati sifatida qayd etilgan.
Qoidalar talablarini buzgan shaxslar belgilangan tartibda amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortilishi nazarda tutilgan.
Mavzuga oid
09:05 / 06.06.2026
Qurilish sohasida sun’iy intellekt joriy etiladi
09:56 / 05.06.2026
Qurilishga ruxsat olish jarayoni soddalashtiriladi
15:05 / 01.05.2026
Balkonda kir yoyishga taqiq, BSKga esa aniq majburiyatlar. Ko‘p kvartirali uylar uchun yangi qoidalar tasdiqlandi
08:01 / 21.04.2026