O‘zbekiston | 11:24 / 17.11.2025
6064
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat fuqarolik xizmati reyestriga yangi organlar va lavozimlar qo‘shildi

Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan yangi buyruqqa muvofiq, davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinadigan organlar ro‘yxatiga bir qator yangi agentliklar qo‘shildi, shuningdek, respublika, hududiy va tuman darajasidagi lavozimlar davlat reyestri turli yangi shtat birliklari bilan to‘ldirildi.

Foto: Kun.uz

“Davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinadigan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxati hamda lavozimlarining davlat reyestriga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi buyruq Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjatga muvofiq, davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinadigan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxatiga quyidagi tuzilmalar kiritilmoqda:

  • Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi;
  • Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi;
  • Kasbiy ta’lim agentligi.

Shu bilan birga, Respublika, hududiy va tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri qator yangi lavozimlar bilan to‘ldirildi.

Jumladan:

  • vazirlik va idoralarda 16 ta turli lavozim (axborot xizmati rahbari (matbuot kotibi), bosh inspektor, bosh maslahatchi, bosh yuriskonsult va boshqalar);
  • hududiy bo‘linmalarda 14 ta turli lavozim (matbuot kotibi, devonxona mudiri, yetakchi maslahatchi, katta maslahatchi va boshqalar) kiritilmoqda.

Mazkur o‘zgarishlar davlat fuqarolik xizmati tizimini yanada institutsional jihatdan mustahkamlash, davlat organlarida kadrlar boshqaruvini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishi qayd etilmoqda.

Mavzuga oid