Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ekspertlar: Rossiya Ukraina hududini egallash sur’atini ikki baravar oshirdi
To‘liq bir haftaga yetmaydigan muddat ichida Rossiya Ukraina hududining 134 kvadrat kilometr maydonini egalladi - bu oktyabr oyiga nisbatan ikki baravardan ko‘proq, deb xabar berdi Ukrainaning DeepState OSINT-loyihasi.
Foto: Dmitriy Yagodkin / TASS
Ukrainada noyabr oyi mamlakat uchun yillik eng yuqori hududiy yo‘qotishlar oyiga aylanishi mumkin, shuningdek, Dnipro va Zaporijjya kabi yirik shaharlar yaqinida Rossiya armiyasining hujumi "1–2 yil, hatto bir necha oy ichida real masalaga aylanishi ehtimoli bor". Bunday prognozni Bild nemis tabloidi harbiy sharhlovchisi Yulian Ryopke 16 noyabr kuni bildirdi.
Ryopkening baholashicha, agar Ukraina hukumati yoki g‘arb hamkorlari o‘z strategik pozitsiyasini o‘zgartirmasa, Rossiya asta-sekin Ukrainaga qarshi urushda g‘alaba qozonadi. Nemis ekspertining ta’kidlashicha, "g‘arbdan yetkazib berilayotgan zirhli texnika Rossiyaning optik tolali tizimlar sohasida o‘sib borayotgan ustunligi fonida samara bermayapti".
Shu bilan birga, dezertirlik va ukrainalik harbiylarning xizmatda vaqtincha yo‘qligi ko‘p hollarda Ukraina qurolli kuchlarining butunboshli brigadalari faqat qog‘ozda mavjud bo‘lib qolishiga olib kelmoqda, deya ta’kidlaydi Yulian Ryopke. "Har oy safarbar qilinadigan 17 ming odam amalda qayerga joylashtirilayotgani noma’lum", — deb eslatadi u.
Ukraina hududlarini Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallash sur’atlari oshgani haqida "Agenstvo. Novosti" Telegram-kanali ham yozmoqda. Ukrainaning DeepState OSINT-loyihasiga tayangan mualliflar 16 noyabr kuni ma’lum qilishicha, bir hafta vaqt ichida Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari Ukrainada 134 kvadrat kilometr hududni egallagan — bu oktyabr oyidagi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p.
"Janubiy frontda, unga Zaporijjya, Xerson va Dnipropetrovsk viloyatlari kiradi, dushanba kunidan juma kunigacha (10 noyabrdan 14 noyabrgacha — tahr.) Rossiya harbiylari nazoratiga 72 kv. km hudud o‘tdi. 42 kv. km maydonda Rossiya armiyasi Pokrovsk atrofida, 19 kv. km maydonda esa Xarkiv viloyati sharqida ilgarilashga erishdi", — deyiladi postda.
AQShdagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) baholashicha, jang maydonidagi vaziyatni shakllantirishda, xususan Rossiya qurolli kuchlarining Pokrovsk yo‘nalishidagi ilgarilashi nuqtai nazaridan, Rossiyaning Ukraina qurolli kuchlari logistikasini front ortiga yaqin hududlarda dronlar yordamida yo‘q qilishga qaratilgan ko‘p oylik kampaniyasi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.
RF QKning butun front bo‘ylab, ayniqsa Pokrovsk va Gulyaypole yo‘nalishlaridagi muvaffaqiyatiga havo sharoiti — tuman va yomg‘irlar ham yordam bergan. Bu haqda ISW’ning 15 noyabr kungi hisobotida qayd etilgan.