Jahon | 11:46 / 17.11.2025
1391
2 daqiqa o‘qiladi

Filippin poytaxtida yuz minglab odamlar korrupsiyaga qarshi norozilikka chiqdi

Manilada 550 mingga yaqin kishi suv toshqinlaridan himoya qilish loyihalari atrofidagi qonunbuzarlikka qarshi norozilik bildirdi. Korrupsiyada ayblanayotganlar orasida prezident kichik Ferdinand Markosning yaqin atrofidagi shaxslar ham bor.

Foto: Mark Cristino/AP

Yuz minglab kishilar Manila ko‘chalariga chiqib, suv toshqinlariga qarshi inshootlar qurilishi bilan bog‘liq qonunbuzarlik holatlariga qarshi norozilik bildirdi. 16 noyabr kuni Filippin poytaxtida namoyishchilar davlat tomonidan sel-toshqinlarga qarshi infratuzilma loyihalariga ajratilgan 500 milliard pesodan (qayta hisob-kitobda taxminan 7,3 milliard yevro) ortiq mablag‘ni o‘g‘irlashda ayblanayotgan korrupsion sxema qatnashchilarini javobgarlikka tortishni talab qildi.

Politsiyaga ko‘ra, Iglesia ni Cristo nufuzli nasroniy guruhi tomonidan uyushtirilgan mazkur aksiyada taxminan 550 000 kishi qatnashgan. Plakatlarda, boshqalar qatorida, "Adolat!" va "Suiqasd o‘rniga shaffoflik!" degan talablar yozilgan edi. Tashkilotchilar ma’lumoticha, mazkur namoyish korrupsiya mojarosiga qarshi eng yirik norozilik aksiyasiga aylandi. Yangi norozilik chiqishlari 17 va 18 noyabr kunlariga rejalashtirilgan.

Korrupsiya mojarosida, boshqalar qatorida, mamlakat prezidenti kichik Ferdinand Markosning atrofidagi odamlar ham tilga olingan. Figurantlar orasida o‘nlab qurilish pudratchilari, davlat amaldorlari va qonun chiqaruvchilar, jumladan davlat rahbarining amakivachchasi bor.

Ular suv toshqinlariga qarshi real loyihalarni amalga oshirish o‘rniga soxta kontraktlarni imzolashda yoki ishlar sifatsiz bajarilishida ayblanmoqda. Bundan tashqari, pudratchilar tomonidan ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirish va siyosatchi hamda amaldorlar tomonidan pora olish holatlari haqida ham xabar berilgan.

Filippin ayniqsa ekstremal ob-havo hodisalariga, jumladan, toshqinlar va to‘fonlarga kuchli darajada moyil mamlakat hisoblanadi. Bu orollarga ega davlatga har yili o‘rtacha 20 ga yaqin tropik siklon yopiriladi. Qudratli to‘fonlardan biri joriy yil noyabr oyi boshida Filippinga kirib kelgan edi.

Mavzuga oid