Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoy kemalari Yaponiya nazoratidagi orollar suv hududiga kirib bordi
Pekin va Tokio o‘rtasidagi munosabatlarda keskinlik ortib bormoqda. Bundan oldin Yaponiya bosh vaziri Xitoyning Tayvanga ehtimoliy hujumiga harbiy javob qaytarish va mamlakatga yadroviy qurol kiritishga qo‘yilgan taqiqdan voz kechish imkoniyatini ochiq qoldirishini ma’lum qilgan edi.
Xitoy qirg‘oqni qo‘riqlash xizmati kemalari 16 noyabr kuni Sharqiy Xitoy dengizida Senkaku orollari (ularning xitoycha nomi – Dyaoyuydao) yaqinidagi, Yaponiya nazoratida bo‘lgan suv hududiga kirib bordi. Pekin tomonidan bildirilishicha, Yaponiya nazoratidagi, ammo Xitoy da’vo qiladigan ushbu kishi yashamaydigan orollar atrofidagi territorial suvlarda "patrullik qilish" amalga oshirilgan bo‘lib, uning maqsadi Xitoyning "huquq va manfaatlarini himoya qilish"dan iborat bo‘lgan.
Hodisa Yaponiya va Xitoy o‘rtasida munosabatlar kuchayib borayotgan bir paytda sodir bo‘ldi. Bunga Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaiti 7 noyabr kuni parlamentda so‘zlar ekan, Xitoyning Tayvanga ehtimoliy hujumiga harbiy javobni istisno etmagani sabab bo‘ldi. Uning bu bayonoti Pekinda keskin reaksiya uyg‘otdi, Xitoy tomoni Yaponiyadan bu pozitsiyadan voz kechishni talab qildi. Xitoy hukumati o‘z fuqarolariga Yaponiyaga safarlardan voz kechishni tavsiya etdi.
So‘nggi kunlar ichida ma’lum bo‘lishicha, Takaiti Yaponiyaning yadroviy quroldan voz kechishga oid prinsiplarini qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini o‘rganmoqda, deb xabar berdi 14 noyabr kuni "Kiodo" agentligi hukumatdagi manbalariga tayanib. Bu haqda bundan avvalroq The Japan Times gazetasi ham yozgan edi.
1967 yilda qabul qilingan uch "yadrosiz prinsip"ga muvofiq, Yaponiya yadroviy qurolga ega bo‘lish, uni ishlab chiqish va mamlakat hududiga kiritishdan voz kechgan. Hozir Tokio yadroviy qurolni mamlakatga kiritishga qo‘yilgan taqiqning maqsadga muvofiqligi borasida shubhalanmoqda, chunki bu taqiq Yaponiyaning ittifoqdoshi – AQSh tomonidan ta’minlanayotgan yadroviy tiyib turish siyosatining samaradorligini pasaytiradi, deb hisoblanmoqda. Hozirda Vashington o‘zining Yaponiyada joylashgan harbiy bazalarida va yapon portlariga kiradigan kemalarida yadroviy qurollar joylashtira olmaydi.
16 noyabr kuni Tayvan mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida Xitoyning 30 ta harbiy samolyoti va yettita harbiy kemasi orol atrofidagi havo hududi va territorial suvlarga kirib chiqqan.
Mavzuga oid
21:09 / 04.12.2025
Birinchi «Markaziy Osiyo – Yaponiya» sammiti Tokioda o‘tkaziladi
18:54 / 04.12.2025
Sirdaryo viloyatida Xitoy bilan hamkorlikda avtomobil ishlab chiqariladi
17:37 / 04.12.2025
Sirdaryodagi 9 ta tuman-shahar hokimlari Xitoyga yo‘l oladi
11:22 / 04.12.2025