Jahon | 23:07 / 17.11.2025
3259
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy yadro qurolini sinovdan o‘tkazish uchun poligon tayyorlashni boshladi

Xitoy yadro dasturi bo‘yicha AQSh va Rossiyadan ortda qolmoqda, aynan shu narsa sinov obektini tayyorlashga sabab bo‘lishi mumkin.

Foto: Getty images

Xitoy Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatining g‘arbiy qismidagi yadroviy sinovlar poligonini tez sur’atlarda kengaytirmoqda va modernizatsiya qilmoqda, u yerda 1964 yilda birinchi marta atom bombasini sinovdan o‘tkazgan, deb yozdi The Washington Post sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va ekspertlar tahliliga tayanib.

«Harbiylar yangi tunnellar va yo‘llar qurgan, cho‘lda yuqori quvvatli yadroviy portlashlarni amalga oshirish uchun maxsus vertikal shaxtalar uchun asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan ikkita yirik quduq qazigan, yordamchi inshootlar qurgan va elektr ta’minotini yo‘lga qo‘ygan», deb yozdi WP.

Dastlabki ishlar 2021 yilda boshlangan bo‘lsa, bu yil uzluksiz davom etmoqda. Xitoy yadro dasturi bo‘yicha AQSh va Rossiyadan ortda qolmoqda, aynan shu narsa sinov obektini tayyorlashga sabab bo‘lishi mumkin.

Xitoyning yadroviy sinovlarga ehtimoliy tayyorgarligi Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi fonida sodir bo‘lmoqda. Yaqinda Vladimir Putin bir qancha «mo‘jizaviy qurol» - yadro dvigatelli «Burevestnik» raketasi va «Poseydon» yadro torpedasi bilan maqtandi. Bunga javoban Donald Tramp Pentagonga zudlik bilan yadro qurolini sinovdan o‘tkazishni buyurdi.

Amerika olimlari federatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1992 yildan beri yadro sinovlarini o‘tkazmagan AQSh hozirda 5117 ta yadro kallaklariga ega, Rossiyada 5459 ta, Xitoyda esa 600 ta. Shimoliy Koreyada 50 ga yaqin jangovar kallak bor.

Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, Xitoy arsenali 2030 yilga borib taxminan 1000 ta jangovar kallakka yetadi.

Shu bilan birga, Xitoy o‘z yadroviy dasturini rivojlantirishda hech qanday cheklovlarga ega emas, AQSh va Rossiya uchun esa strategik hujum qurollarini cheklash to‘g‘risidagi shartnoma amal qiladi. To‘g‘ri, uning muddati 2026 yil fevralida tugaydi va 2023 yil fevralida Putin uning amal qilishini to‘xtatdi. Pekin har qanday shartnomalarni muhokama qilishdan bosh tortmoqda, chunki u AQSh va Rossiyadan ancha orqada.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid