Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT Xavfsizlik Kengashi G‘azo bo‘yicha Trampning tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatladi
BMT Xavfsizlik Kengashi qabul qilgan rezolyutsiya G‘azo sektorida barqarorlikni ta’minlash uchun xalqaro kuchlar tuzish va Donald Tramp rahbarlik qiladigan "Tinchlik kengashi"ni shakllantirish bo‘yicha AQSh rejasini qo‘llab-quvvatlaydi. Rossiya va Xitoy ovoz berishda betaraf qoldi.
BMT Xavfsizlik Kengashi (XK) AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azo sektori bo‘yicha tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiyani qabul qildi. 15 a’zo davlatdan 13 tasi 17 noyabrda Vashington taklifi uchun ovoz berdi. Rossiya va Xitoy ovoz berishda betaraf qoldi.
Reja G‘azo sektorida barqarorlashtirishga qaratilgan xalqaro kuchlar tuzishni va Yevroittifoq, Buyuk Britaniya hamda AQShda terroristik tashkilot sifatida e’tirof etilgan HAMAS harakatini qurolsizlantirishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, falastinliklar uchun o‘tish davri ma’muriyatini tuzish taklif etilmoqda.
Ovoz berish arafasida Isroil rezolyutsiya matnida "Falastin xalqi o‘z taqdirini o‘zi belgilashi va Falastin davlati tuzilishiga ishonchli yo‘l" haqidagi bandni tanqid qildi.
Rezolyutsiyaning qabul qilinishi BMT Xavfsizlik Kengashi uchun nisbatan kam uchraydigan yutuq hisoblanadi. So‘nggi yillarda a’zo davlatlar Yaqin Sharq masalasida o‘ta qarama-qarshi pozitsiyalarni egallab kelayotgan edi. Bunday ovoz berish natijasi Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayoni tobora kengroq xalqaro qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘layotganidan dalolat beradi, deya ta’kidladi dpa agentligi. AFP agentligi eslatishicha, rezolyutsiya matni keskin muzokaralar chog‘ida bir necha bor qayta ko‘rib chiqilgan.
HAMAS ham rezolyutsiyani tanqid qilib, "G‘azo sektori ichida xalqaro kuchlarga vazifa va funksiyalar yuklanishi, jumladan qurolsizlantirish vazifasi, ularni neytrallikdan mahrum qilib, mojaro taraflaridan biriga aylantiradi", deb bayonot berdi. Guruh pozitsiyasini Reuters agentligi keltirdi.
Avvalroq G7 mamlakatlari, shuningdek Vashingtonning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilari – Qatar, Misr, BAA, Saudiya Arabistoni, Indoneziya, Pokiston, Iordaniya va Turkiya AQSh rezolyutsiyasini qabul qilishga chaqirgan edi.
"Butun dunyoni BMT Xavfsizlik Kengashining ajoyib ovoz berish natijalari bilan tabriklayman, unga ko‘ra 'Tinchlik kengashi' tan olindi va ma’qullandi. Unga men rahbarlik qilaman, unga dunyodagi eng nufuzli va hurmatli liderlar kiradi", – deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Oq uy rahbari BMT Xavfsizlik Kengashi a’zo davlatlariga, jumladan Rossiya va Xitoyga ham minnatdorlik izhor qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "Tinchlik kengashi" a’zolari haqidagi ma’lumotlar yaqin haftalarda e’lon qilinadi.
BMT Xavfsizlik Kengashida veto huquqiga ega bo‘lgan Moskva o‘z rezolyutsiya loyihasini tayyorlagan edi. Unda "Tinchlik kengashi"ni tuzish va AQSh muvofiqlashtiradigan xalqaro kuchlarni mintaqada joylashtirish haqida so‘z bormagan. Hujjatda AQSh prezidentining o‘zi ham tilga olinmagan.
Shu bilan birga, Rossiya diplomatlari o‘z rezolyutsiyasini umuman ovoz berishga qo‘ymadi. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili esa amerikaliklar hujjatini "qopdagi mushuk" deb atab, uni qattiq tanqid qildi.
HAMASning 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroilga qilgan hujumi Yaqin Sharq mojarosining yangi bosqichiga start berdi. O‘sha paytda HAMAS jangchilari Isroilga raketa zarbasi berib, uning hududiga kirib bordi va taxminan 1200 kishini o‘ldirdi. Shuningdek, 250 nafar garovga olingan shaxslar G‘azo sektoriga olib ketildi. Keyinchalik ba’zi garovdagilar almashtirildi, ayrimlari esa o‘ldirilgan.
Isroil bu hujumlarga javoban HAMASga urush e’lon qildi. Quruqlik amaliyoti va G‘azo sektoriga berilgan havo zarbalari natijasida 68 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, yana 170 mingdan ziyodi yaralandi.
13 oktyabr kuni Sharm ash-Shayxdagi xalqaro "tinchlik sammiti"da G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish haqida deklaratsiya imzolandi. U yerda otashkesim rejimi kuchga kirdi, Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) harbiy harakatlar hududining taxminan yarmini tark etdi. Isroil qariyb 2 ming falastinlik mahbusni ozod qildi. HAMAS jangchilari esa so‘nggi tirik garovdagilar va halok bo‘lganlar jasadini qaytardi.
Sulh shartlariga ko‘ra, HAMAS qurolsizlanishi va G‘azo sektoridagi hokimiyatni tark etishi kerak edi. Biroq jangchilar qurolni topshirmadi va siyosiy raqiblarini sudsiz qatl qilish bilan shug‘ullanishda davom etdi.
Mavzuga oid
09:02 / 11.06.2026
Qochqinlar soni rekord darajada: BMT yangi hisobotni e’lon qildi
11:00 / 10.06.2026
Parij isroillik vazirga qarshi sanksiyalar joriy qildi
08:45 / 09.06.2026
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
08:15 / 08.06.2026