Iqtisodiyot | 10:11 / 18.11.2025
1222
3 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Amerikaning Chevron kompaniyasi "Lukoyl" aktivlarini sotib olishni o‘ylayapti

AQShning Chevron neft kompaniyasi sanksiyalar ostida qolgan Rossiyaning "Lukoyl" kompaniyasining chet eldagi ayrim aktivlarini sotib olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Reuters agentligi beshta manbaga tayanib 17 noyabr kuni shunday xabar berdi.

Foto: Emin Djafarov / Kommersant’

Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, Amerika energetika giganti "Lukoyl"ning barcha emas, faqat Chevron bilan aloqador yoki kesishuvchi aktivlarini sotib olish variantlarini o‘rganmoqda. Masalan, ikki kompaniya ham Qozog‘istondagi Qarachaganak va Tengiz konlarida neft qazib oladi. Bundan tashqari, "Lukoyl"ning Nigeriyadagi OML-140 dengiz shelfida joylashgan loyihada ulushi bor, bu yerda operator sifatida Chevron faoliyat yuritadi.

Amerika kompaniyaning Reuters so‘roviga javoban "Lukoyl" aktivlarini ehtimoliy sotib olish haqidagi ma’lumotlarni izohlashdan bosh tortdi, faqat kompaniya o‘z faoliyatiga taalluqli barcha qonun va qoidalarga rioya qilishini ta’kidlash bilan cheklandi.

Bundan oldin Reuters "Lukoyl" aktivlarining ehtimoliy xaridorlaridan biri sifatida AQShning Carlyle investitsiya kompaniyasini tilga olgan, uning bitimni o‘rganishi jarayoni "ilk bosqichda" ekani qayd etilgan edi.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, xalqaro bozorda Rossiya kompaniyalari orasida eng keng tarmoqqa ega korxona aynan "Lukoyl" hisoblanadi. Rossiya neft giganti Yevropada neftni qayta ishlash zavodlarida ulushlarga, shuningdek Iroqdan tortib Qozog‘istongacha bo‘lgan hududlarda joylashgan neft konlarida katta ulushlarga ega. Kompaniya brendi AQShdan to Belgiya va Ruminiyagacha bo‘lgan hududdagi AYoQSh (avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari) tarmoqlarida ham mavjud.

Rossiyaning "Lukoyl" va "Rosneft" neft qazib oluvchi kompaniyalari, shuningdek, ularning 34 ta shu’ba tuzilmasi joriy yil oktyabr oyida AQSh va Britaniya sanksiyalari ostiga tushgan. Bu qaror Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi fonida qabul qilingan.

Shundan so‘ng "Lukoyl" o‘zining chet eldagi aktivlarini sotishga qaror qildi. Dastlabki xaridor sifatida, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning do‘sti Gennadiy Timchenko hammuassislaridan biri bo‘lgan Shveytsariyaning Gunvor kompaniyasi ko‘rib chiqilgan edi.

Vashington bu bitimni to‘sdi, Gunvor’ning Moskva bilan yaqin aloqalariga ishora qilib, Ukrainadagi urush tugamaguncha bu kompaniyaga biznes yuritishi uchun litsenziya bermasligini ma’lum qildi.

Mavzuga oid