Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina: Xarkivda qurbonlar, Dniproga zarba va "DXR"da blekaut
Xarkiv viloyatida Rossiyaning yangi hujumi oqibatida 17 yoshli qiz halok bo‘ldi, yaralanganlar bor. "DXR" hududida esa ikki yirik IESga zarbadan keyin ikkinchi kundirki, elektr ta’minoti yo‘q, blekaut holati saqlanmoqda.
Foto: Telegram / synegubov
Rossiya qo‘shinlari 18 noyabrga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab havodan hujumlarni davom ettirdi. Xarkiv viloyatidagi Berestin shahriga raketa zarbasi natijasida 17 yoshli qiz halok bo‘ldi, jabrlanuvchilar bor, deb xabar berdi Xarkiv viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov.
«Shifoxonada Berestin shahriga raketa hujumi oqibatida og‘ir jarohat olgan 17 yoshli qiz vafot etdi. Jami 9 nafar jabrlanuvchi bor, ulardan yetti nafari portlash jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Yana ikki kishi kuchli stress holatiga tushgan», – deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.
Dnipro shahrida Rossiya dronlari vokzalga zarba berdi, natijada bir nechta poyezd yo‘lga kechikib chiqdi, vokzalda portlash to‘lqini bir necha oynani sindirdi, mintaqa qisman elektr energiyasiz qolgani haqida "Ukrazalіznitsya" temiryo‘l kompaniyasi xabar qildi. Shuningdek, "Suspіlne" mintaqaviy tahririyati va Ukraina radiosi binosi ham zarar ko‘rgan.
Bu orada o‘zini "Donetsk xalq respublikasi" ("DXR") deb ataydigan tuzilmada Rossiya tomonidan tayinlangan mintaqa rahbari Denis Pushilin 18 noyabr kechqurun Ukraina armiyasi ikkita issiqlik elektr stansiyasi (IES)ga hujum qilganini bildirdi.
«Zuyevsk va Starobeshevo IES shikastlandi. Ko‘plab aholi punktlari elektr ta’minotisiz qoldi, oqibatda qozonxonalar, filtrlash stansiyalari ishi to‘xtadi», – deb yozdi u Telegram’da.
Zuyevsk IES Donetskdan 40 km masofada, Zugres shahrida joylashgan. Mahalliy aholiga ko‘ra, o‘tgan tun ular ko‘plab portlash ovozlarini eshitgan, shundan keyin stansiyada yong‘in chiqqan. Ortidan yorug‘lik o‘chgan. Elektr ta’minoti urushga qadar 15 ming kishi yashagan qo‘shni Ilovaysk shahrida ham yo‘qolgan. Starobeshevo IES esa Donetskdan taxminan 20 km uzoqlikdagi Noviy Svet posyolkasida joylashgan. Har ikkala IES 2023 yil boshida ham otishma nishonlariga aylangan edi.
Avvalroq, 17 noyabr kuni tungi hujumlar vaqtida Ukraina dronlarining "DXR" energetika infratuzilmasiga zarbasi oqibatida Donetsk, Makeyevka, Gorlovka va Yasinovataya shaharlarida yarim millionga yaqin kishi yorug‘liksiz qolgan, qozonxonalar ishi to‘xtagan edi. Elektr ta’minotini faqat kun oxiriga kelib qisman tiklashga muvaffaq bo‘lindi. Shu bilan birga, Pushilin yaqin vaqt ichida rejali elektr energiyasini o‘chirishlar ehtimoli haqida ogohlantirdi.
Mavzuga oid
13:45
Kipr: Ukraina YeI Kengashiga raislik davrida ustuvor yo‘nalish bo‘ladi
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025
Ukraina aholisi 42 milliondan 36 milliongacha kamaydi – OAV
23:00 / 04.12.2025