Jahon | 15:37 / 19.11.2025
10097
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Rossiya urushni to‘xtatish bo‘yicha yangi reja ustida ishlamoqda

Rossiya prezidenti maxsus vakili Kirill Dmitriyevning so‘zlariga ko‘ra, bu safar «Rossiya pozitsiyasi chindan ham e’tiborga olingan».

Foto: Vyacheslav Prokofev / TASS / Profimedia

Tramp ma’muriyati Rossiya vakillari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda va Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha yangi reja ustida ishlamoqda, deb xabar berdi Axios amerikalik va rossiyalik mulozimlarga asoslangan holda.

Axios manbalariga ko‘ra, reja 28 banddan iborat, ular to‘rtta umumiy kategoriyani tavsiflaydi: Ukrainada tinchlik, xavfsizlik kafolatlari, Yevropadagi xavfsizlik hamda AQShning Rossiya va Ukraina bilan kelgusidagi munosabatlari. Loyihada Ukraina sharqidagi hududlar masalasi bo‘yicha nima deyilgani noma’lum.

Amerikalik rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, loyihani tayyorlash ishlariga Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff rahbarlik qilmoqda, u loyihani Rossiya prezidenti maxsus vakili Kirill Dmitriyev bilan batafsil muhokama qilgan. Dmitriyevning o‘zi esa 24–26 oktyabr kunlari Mayamiga tashrifi chog‘ida Uitkoff hamda Tramp jamoasining boshqa a’zolari bilan uch kun davomida muzokaralar olib borganini aytgan. Ukrainalik mulozimning ma’lumotiga ko‘ra, Uitkoff bu rejani shu hafta boshida Mayamida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov bilan ham muhokama qilgan.

Reja tafsilotlari noma’lum. Dmitriyevning ta’kidlashicha, «asosiy g‘oya» Tramp va Putin Alyaskada kelishib olgan tamoyillarni qabul qilish bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar doirasi «ancha kengroq bo‘lib, nafaqat Ukrainada, balki Yevropada uzoq muddatli xavfsizlikni qanday ta’minlash haqida» gap ketadi. Dmitriyev bu safar ruslar «Rossiya pozitsiyasi chindan ham tinglanganini his qilishayotgani»ni ta’kidlagan.

Rossiya prezidenti maxsus vakilining so‘zlariga ko‘ra, Amerika tomoni hozirda ukrainlar va yevropaliklarga hozirgi yondashuvining «foydalari»ni tushuntirmoqda. «Va bu Rossiya haqiqatan ham jang maydonida qo‘shimcha muvaffaqiyatlarga erishayotgani fonida sodir bo‘lmoqda», – deya qo‘shimcha qildi u. «Foyda» nimadan iboratligi va bu qanday yondashuv ekaniga Dmitriyev aniqlik kiritmagan.

Shu bilan birga, The Wall Street Journal va Politico nashrlari yozishicha, Tramp Ukrainaga AQSh armiya vaziri (bu Pentagon ichidagi lavozim) Deniyel Driskoll boshchiligidagi yuqori martabali delegatsiyani yuborgan. U Volodimir Zelenskiy va Ukraina rasmiylari, shuningdek, yetakchi harbiylar va sanoat vakillari bilan uchrashishi ko‘zda tutilgan, deydi WSJ manbalari. Keyinroq Driskoll Rossiya tomoni bilan ham uchrashishni rejalashtirmoqda, biroq aynan kim bilan va qayerda uchrashishiga aniqlik kiritilmagan.

WSJ suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Driskollning missiyasi «Tramp nomidan tinchlik muzokaralarini qayta boshlash»dan iborat. AQSh prezidenti ma’muriyatidagi manba Driskoll «haqiqiy vaziyat haqida tasavvurga ega bo‘lish uchun» Ukrainaga borishi va o‘z xulosalarini Oq uyga taqdim etishini ma’lum qilgan. Politico nashri AQSh va Ukraina pilotsiz texnologiyalar almashinuvi bo‘yicha kelishuv ustida ishlayotgani va safar ushbu sa’y-harakatlarni ham qo‘llab-quvvatlashga qaratilganini qo‘shimcha qilgan.

Volodimir Zelenskiy bir kun oldin 19 noyabr kuni «tinchlik muzokaralarini faollashtirish» uchun Turkiyaga borishini xabar qilgandi. «Muzokaralarni faollashtirish ustida ishlayapmiz, hamkorlarga taklif qilish uchun qo‘limizda tayyorlangan yechimlar bor. Urushga yakun yasashni barcha imkoniyatlar bilan yaqinlashtirish – Ukrainaning birinchi darajali vazifasi», – deya yozdi u. Reuters Uitkoff ham Turkiyaga uchishi haqida xabar bergandi, ammo keyinroq Axios manbasi uning safari qoldirilganini ma’lum qildi. Buning sababiga aniqlik kiritilmagan.

The Economist jurnalisti Oliver Kerrol Turkiyada Uitkoffning Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak bilan uchrashuvlari ham bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgani, ammo bu ham bekor qilingani, chunki Uitkoff «bu uchrashuvga rozilik bildirganida u o‘ralashib qolgan mojaro haqida bilmagani» haqida yozdi – u katta ehtimol bilan, «Energoatom» atrofidagi korrupsiya mojarosini nazarda tutgan.

Mavzuga oid