Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bozorlarda tijoriy syomka pulli bo‘lgani oddiy vizitorlarga taalluqli emas - hokimlik
Toshkent shahridagi bozorlarda tijoriy syomka uchun joriy etilgan 5 mln so‘mlik to‘lov – oddiy tashrif buyuruvchilarga taalluqli emas, deb bayonot berdi poytaxt hokimligi. Bu to‘lov kontentdan daromad oladigan professionallar uchun joriy etilgan. Rasmiylarning izohlashicha, “bu – keng tarqalgan xalqaro amaliyot”.
Foto: Kun.uz
Bu yangilik OAVda tarqalgach, hokimlik “ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqinlar paydo bo‘lgani”ni aytib bayonot berdi.
“Ba’zi kuzatuvchilar buni "oddiy xaridorlar uchun jarima" yoki "hokimlik uchun qo‘shimcha daromad" deb noto‘g‘ri tushundilar. Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, – deyiladi rasmiy munosabatda.
Ma’lum qilinishicha, yangi qoidalar oddiy tashrif buyuruvchilarga taalluqli emas:
- Xaridlaringizni telefonga suratga olish, oila bilan rasmga tushish, shaxsiy blog yoki storislar yuritish – bepul va ruxsat etilgan.
- Sayyohlar, maktab o‘quvchilari, talabalar, rasmiy OAV jurnalistlariga hech qanday cheklovlar qo‘llanilmaydi.
- Qoidalar faqat tijorat maqsadidagi suratga olishga, ya’ni pul ishlab, daromad olish uchun mo‘ljallangan videotasvirlarni olishga taalluqli.
Rasmiy bayonotga ko‘ra, 5 mln so‘mlik to‘lov “faqat kontentdan daromad oladigan professionallar”ga taalluqli, ya’ni quyidagilarga:
- muntazam ravishda reklama, integratsiya va ko‘rishlardan pul topadigan yirik blogerlar va inflyuyenserlar;
- kliplar, reklama roliklari, hujjatli loyihalar, seriallar yoki filmlar suratga oladigan tijorat studiyalari va media ishlab chiqarish guruhlari;
- o‘z tovarlari va xizmatlarini targ‘ib qilish uchun bozor hududidan foydalanadigan kompaniyalar.
“Bu – keng tarqalgan xalqaro amaliyot. Dunyoning barcha yirik shaharlarida – Istanbuldan tortib Parijgacha – tijorat maqsadidagi suratga olish uchun pul to‘lanadi”, – deyiladi Toshkent shahar hokimligi axborotida.
Hokimlikka ko‘ra, tijoriy suratga olish – bozor hududini band qiladi; odamlarning harakatlanishiga xalaqit beradi; sotuvchi va xaridorlarga noqulaylik tug‘diradi; qo‘shimcha nazorat, kuzatuv va xavfsizlikni ta’minlashni talab qiladi.
“Professional jamoalar shtativlar, chiroqlar, uskunalar, massovka va aktyorlar bilan kelganda– bu maishiy tasvirga olish emas, balki ishlab chiqarish jarayonidir”, – deyiladi bayonotda.
Hokimlikning va’da qilishicha, tijorat maqsadidagi suratga olish uchun to‘lovlar rasmiy, shaffof tarzda yig‘iladi va infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Mablag‘lar – obodonlashtirish, sanitariya va xavfsizlikni ta’minlash, piyodalar yo‘laklari va o‘tish joylarini yaxshilash, kuzatuv va yoritish tizimlariga xizmat ko‘rsatishga sarflanadi.
Hokimlik yuqoridagi qaror bilan bozorlardagi avtoturargoh narxlari oshirilayotganiga izoh bermagan.
Mavzuga oid
18:42 / 05.12.2025
Prezident qarori: Toshkentda tirbandliklarni kamaytirish choralari tasdiqlandi
14:47 / 05.12.2025
Svetoforlar “aqlli” tizimga ulanadi: transport oqimiga qarab avtomatik moslashadi
08:41 / 05.12.2025
Toshkentda 115-sonli avtobus yo‘nalishi yangilandi
09:34 / 04.12.2025