Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil falastinlik qochqinlar lageriga zarba berdi: 13 kishi halok bo‘ldi
Isroil Livandagi falastinlik qochqinlar lageriga aviazarba berib, 13 kishini o‘ldirdi. IDF bu joyni «Hamasning Livandagi infratuzilmasi» deb atadi, guruh esa buni qat’iy rad etdi. BMT ekspertlariga ko‘ra, Isroil Hizbulloh bilan sulh tuzilganidan buyon deyarli har kuni Livanga aviazarbalar uyushtirmoqda.
Foto: Reuters
Isroil seshanba kuni kechqurun Livan janubidagi falastinlik qochqinlar lageriga aviazarba uyushtirdi. Sayda shahrida joylashgan lagerga berilgan aviazarba oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘lgan.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, zarba lager ichidagi bir markazni nishonga olgan va hujumda bir necha odam yaralangan, ammo aniq soni ko‘rsatilmagan.
New York Times'ning Livan davlat axborot agentligiga tayanib yozishicha, markazga uchta raketa otilgan. Zarbadan so‘ng Sayda shahridagi shifoxonalarga ko‘plab yaralanganlar olib kelingan, qurbonlar uchun aholiga qon topshirish bo‘yicha murojaatlar qilinmoqda.
Bu — Hizbulloh bilan urush tugagach, sulh kuchga kirganidan beri Isroil amalga oshirgan eng halokatli zarbalardan biri bo‘ldi.
Isroil harbiylari o‘z bayonotida Hamasga tegishli o‘quv majmuasini nishonga olganini va «Hamasning Livandagi infratuzilmasiga qarshi harakat qilayotganini» bildirdi.
Hamas esa Isroil harbiylarining bayonotini rad etib, uni «mutlaq soxtalik va yolg‘on» deb atadi. Guruhning aytishicha, «nishonga olingan joy — lagerdagi yoshlar tashrif buyuradigan ochiq sport maydoni bo‘lgan». «Livandagi falastinliklar lagerlarida hech qanday harbiy obektlar yo‘q», dedi Hamas.
Anadolu'ning yozishicha, Isroil armiyasi 2024 yil oktabr oyida ushbu lagerga shunga o‘xshash hujum uyushtirgan edi. O‘shanda olti kishi, jumladan uch bola halok bo‘lgan.
Livan falastinlik qochqinlarning katta qismi yashaydi, deb yozmoqda NYT. Ularning aksariyati Isroil bosib olgan hududdagi joylashgan shahar-qishloqlaridan 1948 yilgi urush chog‘ida qochgan yoki quvib chiqarilganlarning avlodlaridir.
Isroil Livandagi sulhni tinimsiz buzib kelmoqda
Janubiy Livanda so‘nggi haftalarda tanglik kuchayib bormoqda. Isroil armiyasi Livan hududida deyarli har kuni aviazarbalar uyushtiryapti va buni «Hizbulloh a’zolari va infratuzilmasini nishonga olish» deb atamoqda.
Isroil armiyasi 2023 yil oktyabrida boshlagan hujumlaridan buyon Livanda 4 mingdan ortiq odamni o‘ldirgan va qariyb 17 ming kishini yaralagan. Hujumlar esa 2024 yil sentabrida to‘liq miqyosli harbiy amaliyotga aylangan.
2024 yil noyabrida e’lon qilingan sulhga ko‘ra, Isroil armiyasi shu yil yanvar oyida Livan janubidan to‘liq chiqishi kerak edi, biroq buning o‘rniga faqat qisman chiqib ketgan va hozir ham chegaradagi beshta postda harbiy mavjudlikni saqlab qolyapti.
O‘tgan oy BMT ekspertlari Isroil sulh kuchga kirganidan beri Hizbullohga qarshi deyarli har kuni sulh buzilishi holatlarini qayd etayotganini xabar qildi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi buning oqibatida Livanda 100 dan ortiq tinch aholi qurbonlari qayd etilganini tasdiqladi.
Mavzuga oid
15:51 / 02.12.2025
Netanyahu qanday ayblovlar uchun afv so‘ramoqda va buning imkoni bormi?
13:59 / 02.12.2025
“Netanyahu uchun qulay siyosiy fon yaratilyapti” - Farhod Karimov
18:14 / 30.11.2025
Netanyahu Isroil prezidentidan korrupsiya ishi bo‘yicha afv so‘radi
16:52 / 29.11.2025