Jahon | 09:02 / 19.11.2025
1550
2 daqiqa o‘qiladi

MI5: Xitoy Britaniya parlamentida josuslik qilishga urinmoqda

MI5 Britaniya aksilrazvedka xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy Xavfsizlik vazirligi agentlari Britaniya parlamenti a’zolaridan ma’lumot olishga va ular faoliyatiga ta’sir o‘tkazishga urinyapti. Bu maqsadda ular tanishuv saytlari, rekruting agentliklari va boshqa turli “vosita”lardan foydalanmoqda.

Foto: Jakub Porzycki/NurPhoto/picture alliance

Britaniya kontrrazvedka xizmati MI5 parlament a’zolarini Xitoy agentlarining ulardan ma’lumot olish va faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan urinishlari xususida ogohlantirdi. Reuters agentligi hamda Britaniya OAV – jumladan BBC mediakompaniyasi va The Guardian gazetasi xabariga ko‘ra, Xitoy tomonidan amalga oshirilayotgan josuslik faoliyati haqidagi bu ogohlantirish Britaniya parlamentining har ikki palatasi (Quyi palata – Jamoatlar palatasi va Yuqori palata – Lordlar palatasi) spikerlari Lindsi Xoyl va Jon Makfoll tomonidan tarqatilgan.

Deputatlarga yo‘llagan murojaatida Xoyl shu munosabat bilan Xitoy davlat xavfsizlik vazirligi "jamiyatimiz vakillari bilan faol “aloqa o‘rnatmoqda”, ma’lumot to‘plash va uzoq muddatli munosabatlarga zamin yaratishni ko‘zlab, professional tanishuv saytlari, rekruting agentliklari va ular nomidan ish yurituvchi konsultantlardan foydalanmoqda", deya ta’kidladi.

MI5 ogohlantirishida aytilishicha, "vositachi shaxslar" jabrlanuvchilarga "frilans konsultant" sifatida ishlashni taklif qilib, ulardan geosiyosiy tahlil va hisobotlar tayyorlashni so‘raydi. Hujjatda ayniqsa LinkedIn ijtimoiy tarmog‘idagi ikki profilga ishora qilingan bo‘lib, ular Xitoy davlat xavfsizlik vazirligi manfaatlariga xizmat qilayotgani da’vo qilingan.

The Guardian’ning yozishicha, yaqin fursatda Buyuk Britaniya milliy xavfsizlik bo‘yicha davlat vaziri Den Jarvis Quyi palatada (Jamoatlar palatasi) maxsus bayonot bilan chiqishi kutilmoqda.

Londondagi Xitoy elchixonasi hozircha jurnalistlarning ushbu vaziyatga izoh berish haqidagi so‘rovlariga javob qaytarmagan.

Mavzuga oid