Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moskva 3 yillik budjetda ustuvor yo‘nalish sifatida harbiy xarajatlarni belgiladi
Rossiya federal budjetining asosiy ustuvor yo‘nalishlari - harbiy va ijtimoiy xarajatlar, jumladan Ukrainadagi urushda ishtirok etuvchilar oilalarini qo‘llab-quvvatlashdir. Uchinchi o‘qish 20 noyabrga belgilangan.
Rossiya Davlat Dumasi 18 noyabr kuni 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan federal budjet loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi. Uchinchi o‘qish 20 noyabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Loyiha uchun 353 nafar deputat ovoz berdi, yana 53 nafari betaraf qoldi. Natijalar ekranda chiqarilganda, bir parlament a’zosi qarshi ovoz bergani ko‘rsatilgan, biroq «Yagona Rossiya» fraksiyasi deputati Vyacheslav Makarov bu texnik xato ekanini aytdi, deb yozadi «Vedomosti» gazetasi.
Budjet uch yilning barchasida ham kamomadli bo‘ladi. 2026 yilda kamomad 3,79 trln rubl yoki YaIMning taxminan 1,6 foizini tashkil etadi: 2026 yilda budjet daromadlari 40,3 trln rubl, xarajatlari esa 44,1 trln rubl miqyosida kutilmoqda. 2027 yilda daromadlar 42,9 trln rubl, xarajatlar 46 trln, 2028 yilda esa mos ravishda 45,9 va 49,5 trln rubl bo‘lishi prognoz qilingan.
2026–2028 yillar budjeti uchun asosiy ustuvor yo‘nalishlar — mudofaa va huquqni muhofaza qilish tizimi xarajatlari (16,84 trln rubl) hisoblanadi. Ular jami ijtimoiy xarajatlarning (10,8 trln rubl) taxminan yarim baravardan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Ilgari RF moliya vaziri Anton Siluanov «maxsus harbiy operatsiya ishtirokchilari oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash»ni, ya’ni Ukrainadagi urush qatnashchilari oilalariga yordamni alohida ta’kidlab o‘tgan edi.
Davlat Dumasi, shuningdek, ikkinchi o‘qishda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) stavkasi 2026 yil 1 yanvardan 20 foizdan 22 foizga oshirilishiga ham rozilik berdi.
Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin loyiha birinchi o‘qishda qabul qilinganidan so‘ng, kelasi uch yil uchun mo‘ljallangan budjet «sanksiyalar va Yevropa Ittifoqi tomonidan bo‘layotgan tahdidlarga qaramay, fuqarolar manfaatlarini himoya qiladi», deb bayonot bergan edi.
Mavzuga oid
17:21
Saida Mirziyoyeva Mixail Mishustin bilan iqtisodiy hamkorlikni muhokama qildi
15:51
Rossiya ichkarisiga dron hujumlari bilan Ukraina nimaga erishyapti?
09:20
G7 sammiti: Rossiya nefti va gaziga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlanmoqda
22:31 / 16.06.2026