O‘zbekiston | 16:31 / 19.11.2025
28237
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident yig‘ilishida ikki tuman hokimi ishdan olindi

Denov va Chiroqchi tumanlari hokimi ishdan ketdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Chiroqchi hokimi katta resurs ajratilganiga qaramay, odamlarga tayyor loyiha berish o‘rniga, “aholini yoppasiga kredit olishga majburlayapti”. Yana 20 ta tuman hokimlariga nisbatan o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rilishi bo‘yicha topshiriq berildi.

Surxondaryo viloyati Denov tumani hokimi Ilhom Abrorov hamda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Surxondaryo viloyati Uzun tumanini namunaviy hududlardan biri sifatida qayd etilgan, ushbu tumanda yil boshidan buyon kambag‘allik darajasi 10,5 foizdan 3 foizgacha kamaygan.

Uzun tumaniga nisbatan 4,5 barobar ko‘p mablag‘ olgan Denov tumani hokimligi esa ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani ko‘rsatib o‘tilgan. Kambag‘al oilalar reyestriga kirganidan buyon 1200 ta oila daromadida o‘zgarish bo‘lmagan.

Chiroqchi tumaniga esa joriy yil mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kreditga 309 milliard so‘m resurs berilgan. Lekin tuman hokimligi shuncha resursi bilan ham odamlarga imkoniyatiga yarasha tayyor loyiha bermagan.

“Tumanning iqtisodiyot kompleksida 153 nafar xodim ishlaydi. Tuman hokimi Yusupov, uning birinchi o‘rinbosari Ergashev shuncha xodim, shuncha resurs bilan odamlarga imkoniyatga yarasha tayyor loyiha berish o‘rniga, aholini yoppasiga kredit olishga majburlayapti. Uning qaytimini o‘ylaganiyam yo‘q”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois Denov tumani hokimi Ilhom Abrorov, uning birinchi o‘rinbosari Sh.To‘raqulov, Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov, uning birinchi o‘rinbosari Zafar Ergashev ishdan olinishi belgilangan.

Shuningdek, ayrim tuman hokimlari bandlik masalalarida jiddiy kamchiliklar va ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Bosh vazirga ishga shunday yondashgan 20 ta tuman – Yashnobod, Buxoro, G‘ijduvon, Koson, Xatirchi, Qumqo‘rg‘on, Yangiyo‘l, O‘zbekiston, Guliston, Yakkabog‘, Andijon, Parkent, Toshkent, Nurobod, Uchtepa, Chortoq, Davlatobod, Oltinko‘l, Qiziriq, Kogon tumanlari hokimlariga nisbatan o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rish topshirilgan.

  • Ma’lumot uchun, Ilhom Abrorov 2023 yil yanvaridan buyon Denov tumaniga rahbarlik qilayotgandi. Fayzulla Yusupov esa 2023 yil avgustida Chiroqchi tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid