Jamiyat | 20:01 / 19.11.2025
5988
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda narkosavdogar oila a’zolari qo‘lga olindi

49 yoshli ayol va uning 26 yoshli o‘g‘li tojikistonlik tanishlari tomonidan Toshkent viloyatining Piskent tumani hududidagi xufiya joyda qoldirilgan qariyb 5 kg gashishni olishga borayotganda ushlangan. Ularning Toshkent shahri Olmazor tumanidagi yashash uyidan ham ko‘p miqdorda opiy va gashish topilgan. Ushbu oila Tojikistondan giyohvand moddalarni kontrabanda qilib, poytaxtda sotib kelgan.

Foto: DXX

Toshkentda narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan ayol va uning ikki o‘g‘li qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent shahar IIBB hamda Bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Tojikistondan giyohvand moddalarni kontrabanda qilib, Toshkent shahrida sotish bilan shug‘ullanib kelgan oila a’zolari ushlangan.

Xususan, Toshkent viloyatida “Ohangaron – Piskent” yo‘nalishida harakatlanayotgan, oldindan kuzatuvga olingan Equinox mashinasi tekshirish maqsadida to‘xtatilgan. Natijada, mashinada bo‘lgan Toshkent shahrida yashovchi 49 yoshli ayol va uning 26 yoshli o‘g‘li tojikistonlik tanishlari tomonidan kontrabanda yo‘li bilan Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilib, xufiya joyda qoldirilgan giyohvand vositasini olishga ketayotgani ma’lum bo‘lgan.

Ularning uyali aloqa vositalari tekshirilganida, tojikistonlik shaxs tomonidan Telegram orqali narkotik moddaning geolokatsiyasi va fotosuratlari yuborilgani aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirilgan: Piskent tumani hududidagi yo‘l chetiga yashirib ketilgan 4 kg 985 gr gashish moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, ularning Olmazor tumanidagi yashash xonadonidan 1 kg 124 gr opiy va 1 kg 976 gr gashish moddalari topilgan. Bundan tashqari, ayolning 1996 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan o‘g‘li ham protsessual tartibda ushlangan.

Ayol va ikki o‘g‘liga nisbatan Jinoyat kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Sirdaryoda er-xotin tashkil qilgan narkolaboratoriya fosh etilgandi.

Mavzuga oid