Moliya | 11:32 / 19.11.2025
5945
8 daqiqa o‘qiladi

Vaqtingiz necha pul turadi?

Aytaylik, siz uyingizni tartibga keltirmoqchisiz. Bu – uyni tozalash, bog‘ ishlari yoki mebellarni ko‘chirish ishlari bo‘lishi mumkin. Shu kabi ishlarda o‘zingiz ishga yeng shimarasizmi yoki yollanma ishchi xizmatidan foydalanasizmi?

Siz o‘zi tozalik ishlarini qanchalik yoqtirasiz? Ishchilar ishlayotganda nima bilan band bo‘lasiz? Sizning yaqin kunlardagi moliyaviy rejalaringiz qanday? O‘zi uyni saramjonlashda qo‘shimcha “qo‘llar” shartmi?

Juda ko‘p holatlarni hisobga olib, bu savolga aniq javob berish biroz mushkul. Shuning uchun savolni soddalashtirib ko‘ramiz: bir soatlik ish haqingiz miqdorini soatbay ish bozoridagi bir soatlik “stavka” bilan solishtirsak-chi? Agar sizning soatlik tarifingiz mardikornikidan yuqori bo‘lsa, uni ishga jalb qilish iqtisodiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Albatta, bu juda sodda solishtiruv, lekin bizning quyidagi kichik tahlilimiz uchun to‘g‘ri keladi.

1 soatlik mehnat qiymatingiz qancha turadi?

Iqtisodiyotda “vaqtning qiymati” – insonning bir birlik vaqt davomida yaratadigan qiymati yoki yo‘qotadigan imkoniyati hisoblanadi. Agar siz frilanser sifatida maqolalar yozsangiz, logotiplar tayyorlasangiz yoki veb-saytlarni loyihalashtirsangiz, har bir tayyor mahsulot uchun sizga ma’lum bir summa to‘lanadi. Har bir ish uchun o‘rtacha vaqt sarfidan kelib chiqib, mehnatingizning bir soati qancha turishini oson hisoblashingiz mumkin. Murakkab bo‘lmagan sayt tayyorlash uchun taxminan 20 soat vaqt sarflanganda va 6 mln ish haqi belgilanganda:

6 000 000 : 20  = 300 000 so‘m (1 soat uchun)

Deylik, sizda mijozlarning oqimi yaxshi va har doim qo‘shimcha ish bilan shug‘ullanish imkoniyati mavjud. Agar siz ko‘proq daromad olishni istasangiz, yana ikkita loyihani qabul qilishingiz mumkin. Endi siz kuniga odatdagi 6 soat o‘rniga 8 soat ishlaysiz. Har kuni ishlashga qancha ko‘p vaqt sarflasangiz, shuncha ko‘proq daromadga ega bo‘lasiz. Boshqa narsalarga sarflagan har bir soatingiz 300 000 so‘m olish uchun o‘tkazib yuborgan imkoniyatingiz hisoblanadi.

Iqtisodiy fanda bu atama o‘zbekchada “muqobil xarajatlar”, inglizchada esa “opportunity cost” deyiladi.

O‘zingizmi yoki tozalash xizmati?

Aytaylik, sizning xonadoningizni 4 soatda, 800 000 so‘m evaziga tozalab berishni taklif etuvchi servis xizmati bor. Xizmat narxi bir soat uchun 200 000 so‘mni tashkil qiladi. Sizning bir soatlik xizmat haqqingiz esa 300 000 turadi. Agar sizda shu vaqt oralig‘ida naqd buyurtmangiz bo‘lsa yoki bu ish sizning keyingi vazifalarni bajarishda samaradorligingizni tushirsa, farrosh xizmatidan foydalanish iqtisodiy jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi.

Foto: Pexels

Vaqtbay tizim (belgilangan ish haqi)

Vaqt – bu bozorda sotiladigan resursdir. Yuqorida misol qilganimiz frilanserlik faoliyatida kishi o‘z vaqtini har bir loyiha asosida sotadi. Maoshi belgilangan xodim esa mehnat shartnomasini imzolaydi va qat’iy to‘lov evaziga vaqtini ulgurji “pullaydi”.

Deylik, siz xususiy maktabda o‘qituvchisiz. Oyiga 80 soat ishlashga rozilik bildirgansiz va buning evaziga 15 000 000 so‘m oylik olasiz. Bir soatlik ish haqi miqdorini yuqoridagi formuladan foydalanib hisoblaymiz:

15 000 000 : 80  = 187 500 so‘m (bir soat uchun)

Bir lekini bor! Siz har kuni bir-ikki soat ko‘proq ishlaysiz va ko‘pincha tushlik vaqtini ham o‘tkazib yuborib, biror yumush bilan band bo‘lasiz. Agar siz ushbu sarflagan vaqtlaringiz uchun qo‘shimcha haq olmasangiz, unda sizning vaqtingiz qiymati undan ham kamroq bo‘ladi:

15 000 000 : (80 + 20) = 150 000  so‘m (bir soat uchun) (20 soatlik qo‘shimcha ish misolida ko‘rsak)

“Vaqtni sotish” yoki “vaqtni sarmoya qilish”

Muvaffaqiyatli kishilar vaqtini ikki yo‘l bilan sarflaydi:

1. Vaqtni sotadi – ish haqi evaziga vaqtini ajratadi.

2. Vaqtni sarmoya qiladi – yangi ko‘nikmalarni egallash, sog‘lik uchun sport bilan shug‘ullanish, oila yoki dam olish uchun vaqt ajratadi, bu esa keyinchalik yuqoriroq daromad yoki samarali faoliyatga turtki beradi.

Misol tariqasida, repetitorlikni olib ko‘ramiz. Siz asosiy ishingizdan (xususiy maktabda o‘qituvchi misoli) keyin har kuni 2 soat va har dam olish kunlari bo‘lsa 5 soat ishlashingiz mumkin (onlayn dars). Shunda siz har hafta qo‘shimcha o‘rta hisobda 3 000 000 so‘m ishlashga imkon topasiz va bu vaqtni sotish demakdir. Lekin siz dam olishni afzal ko‘rsangiz, har hafta 3 000 000 so‘m foydadan mahrum bo‘lasiz. Bu yo‘qotilgan foydangizni farzandingiz ta’limi uchun ajratsangiz, vaqtingizni kelajak uchun sarmoya qilgan bo‘lasiz.

Foto: Pexels

Vaqtni tejashga yordam beruvchi 5 xizmat

Bugungi kunda aholimiz onlayn xaridlar, servis xizmatlari, avtomatik to‘lovlar, umumiy olganda esa vaqtlarini tejash maqsadida eng ko‘p murojaat qilayotgan saytlar va mobil ilovalarning kichik ro‘yxati:

  • Payme, Click va boshqa to‘lov ilovalari orqali kommunal, telefon, internet, soliq va bojlar hamda boshqa to‘lovlarni onlayn amalga oshirish mumkin.
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (MyGov ilovasi, my.gov.uz sayti) – 700 dan ortiq davlat xizmatlaridan onlayn tarzda foydalanish mumkin.
  • Yandex Go – yetkazib berish xizmati. Oziq ovqat maxsulotlari, xo‘jalik buyumlaridan tortib issiq taomlargacha buyurtma berish mumkin.
  • Zoom – onlayn videoaloqa platformasi. Guruh va individul muloqot uchun videokonferensiya hamda onlayn darslar tashkil etib, ortiqcha ovoragarchiliklar oldi olinadi.
  • Notion – bu “Hamma narsa bitta joyda” tamoyili asosida yaratilgan, loyihalarni tartiblashdagi qulay ish maydoni.

Qachon pulni tejash kerak emas?

Vaqtni faqat daromad manbayi sifatida ko‘rsak, charchoq, stress va hayotdan lazzat olish yo‘qolishi mumkin. Ba’zida pulli xizmatlardan foydalanib, kundalik ishlardagi “zerikarli”, sog‘liq uchun zararli bo‘lgan ishlardan qochish mumkin.

Agar uydagi turli yumushlar sizga yangi narsalarni o‘rganishga, oilangiz bilan vaqt o‘tkazishga yoki sevimli ishingizni yanada samaraliroq qilishga yordam bersa, o‘zingizni bu zavqlarni his etishdan mahrum qilmang.

Pul hayot sifatini yaxshilashga va siz uchun muhim bo‘lgan narsalarga vaqt ajratishga yordam beradi. Ammo bu o‘z-o‘zidan baxt keltirmaydi. Vaqt ancha qimmatli: vaqt o‘tishi bilan pul topish mumkin bo‘lsa-da, vaqtni hech qanday pulga sotib olib bo‘lmaydi.

Бахтинур Муҳамедов
Muallif Бахтинур Муҳамедов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid