Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevrokomissiya: Ukrainani moliyalashtirish bo‘yicha qarorni kechiktirib bo‘lmaydi
Kelasi ikki yilda Ukrainani moliyalashtirish masalasi bo‘yicha muhokamalar Yevrokomissiyaning YeI mamlakatlariga yo‘llagan xati ortidan yangi bosqichga chiqdi. Unda moliyalashtirishning uchta varianti bayon etilgan. Hozircha bu masala bo‘yicha qonunda mustahkamlangan rasmiy taklif yo‘q.
Foto: Dursun Aydemir/Anadolu Agency/IMAGO
Yevropa komissiyasi Ukrainaga moliyalashtirish variantlari taklif etilgan o‘z xatiga Yevroittifoq a’zo davlatlaridan iloji boricha tezroq javob kutmoqda, chunki «vaqt tig‘iz», deb ta’kidladi Yevrokomissiyaning rasmiy vakili Paula Pinyu 18 noyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda.
DW'ning Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyenning xatiga YeI mamlakatlari qanday reaksiya bildirgani haqidagi savoliga javoban, Yevrokomissiyaning yana bir rasmiy vakili Balash Uyvari hozircha bunga baho berishga erta ekanini aytdi, chunki xat 17 noyabr kuni yuborilgan.
Yevrokomissiyaga ko‘ra, Ukraina moliyalashtirilishi masalasi bo‘yicha muhokama va fon der Lyayyen hamda boshqa ishtirokchilar o‘rtasidagi muloqot davom etadi. Hozirgacha u bu mavzuda hech qanday rasmiy qonun loyihasini taqdim etmagan, faqat variantlar bayon etilgan xat bilan cheklangan.
Taklif etilayotgan uch variant orasida: birinchisi — YeI mamlakatlari tomonidan Yevropa Ittifoqiga ixtiyoriy ikki tomonlama grantlar ajratish, keyin YeI bu mablag‘larni «zarur shartlarga rioya etilgan holda» Ukrainaga o‘tkazadi. Ikkinchisi — Yevroittifoqning moliya bozorlaridan qarz olish hisobiga Ukrainaga kredit ajratishi, keyinchalik Ukraina bu kreditni Rossiyadan urush oqibatida yetkazilgan zarar uchun olinadigan kompensatsiyalar hisobiga qoplaydi. Bu variantda mablag‘lar muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlari hisobidan emas. Uchinchi variant sifatida esa Yevrokomissiya avvaldan ma’lum bo‘lgan — muzlatilgan Rossiya aktivlari hisobidan Kiyevga «reparatsion kredit» berish taklifini yana takrorladi. Bu taklifni hozircha Belgiya bloklab turibdi.
Siyosatchilar, mansabdorlar va ekspertlarning ta’kidlashicha, Ukrainani 2026–2027 yillarda moliyalashtirish bo‘yicha yakuniy qaror 18–19 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan YeI yetakchilari sammitida qabul qilinishi kerak. Aks holda, Kiyev 2026 yilning ikkinchi choragidayoq budjet mablag‘larisiz qolib ketishi mumkin.
Ukrainani moliyalashtirish mavzusi 20 noyabr kuni Bryusselda o‘tadigan YeI tashqi ishlar Kengashi majlisida ham qisman muhokama qilinadi, ammo kun tartibiga alohida band sifatida kiritilmagan, deb ma’lum qildi 18 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan boshqa bir brifingda Yevroittifoqning yuqori martabali mansabdori.
Shuningdek, Rossiyaga nisbatan kelajakda qabul qilinishi mumkin bo‘lgan 20-sanksiyalar paketi mazmuniga oid g‘oyalar almashinuvi ham rejalashtirilgan. Biroq bu uchrashuvda aniq qarorlar qabul qilinishi kutilmayapti. Asosiy mavzu — Rossiya neftini narx cheklovini chetlab tashiydigan «soya floti»ga qarshi choralar bo‘ladi.
Mavzuga oid
13:45
Kipr: Ukraina YeI Kengashiga raislik davrida ustuvor yo‘nalish bo‘ladi
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025
Ukraina aholisi 42 milliondan 36 milliongacha kamaydi – OAV
23:00 / 04.12.2025