Jahon | 09:25 / 20.11.2025
1549
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Kiyev va RF o‘rtasidagi muzokaralarni Istanbulda qayta boshlashga chaqirdi

Ukraina va Turkiya prezidentlari Anqarada mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishning ehtimoliy yo‘llarini muhokama qildi. Erdo‘g‘an Rossiya bilan variantlarni muhokama qilishga tayyorligini, shuningdek, AQShning rolini yuqori baholashini aytdi.

Foto: X / trpresidency

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Moskva va Kiyevni Istanbulda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga qaytishga chaqirdi. Unga ko‘ra, muzokaralar «urushning har ikki tomon uchun vayronkor oqibatlarini» hisobga olgan holda juda muhim. Erdo‘g‘an bu haqda 19 noyabr, chorshanba kuni Anqarada Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan birgalikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti bilan uchrashuvda u «pragmatik va natijaga yo‘naltirilgan yondashuv» asosida Istanbul jarayonini davom ettirish zarurligini ta’kidlagan. Turkiya rahbariga ko‘ra, bu muzokaralar «urushning vayronkor oqibatlari har ikki taraf uchun kuchayib borayotgan bir paytda olib borilayotgan diplomatik sa’y-harakatlarda muhim bosqich»dir. Anqara, shuningdek, barcha hamkorlardan Istanbul jarayonini ishga tushirish masalasida «konstruktiv yondashuv» kutayotganini ta’kidladi. Erdo‘g‘an, shu bilan birga, doimo Rossiya bilan tinchlik takliflarini muhokama qilishga tayyorligini va bu jarayonda AQSh ishtirokini qadrlashini qo‘shimcha qildi.

Volodimir Zelenskiy matbuot anjumanida muzokaralar masalasida Erdo‘g‘anning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi. «Biz turk diplomatiyasining kuchiga umid qilamiz, uning Moskvada tushunarli bo‘lishiga ishonamiz», — dedi Zelenskiy. U Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi kontekstida «ko‘plab jarayonlar» faollashganini ta’kidladi.

«Biz barcha faoliyat aynan tinchlikka, munosib tinchlikka, kafolatlangan xavfsizlikka qaratilgan bo‘lishi uchun harakat qilyapmiz. Urush tugashi kerak. Tinchlikka muqobil narsa yo‘q. Rossiya urush va o‘ldirishlar uchun hech qanday mukofot bo‘lmasligini anglab yetishi lozim», — dedi Ukraina prezidenti.

U Kiyev Rossiya bilan asirlar almashinuvi jarayonini qayta tiklash uchun sa’y-harakatlar qilayotganini qayd etdi. «Umid qilamizki, yil oxiriga qadar almashinuvlarni qayta boshlaymiz va katta miqdorda asirlarni qaytarishga erishamiz. Bu borada Turkiya bizga juda katta yordam bermoqda», — dedi Zelenskiy.

Shuningdek, u ayniqsa, Turkiyani «ko‘ngillilar koalitsiyasi» deb ataluvchi tuzilma ishlariga jalb etish imkoniyati juda muhimligini ta’kidladi, ayniqsa dengiz kuchlari komponentiga tegishli masalalarda. «Hamma Qora dengizda xavfsizlikning ahamiyatini tushunadi, bu xavfsizlikni faqat Turkiya bilan hamkorlikda ta’minlash mumkin», — deb qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti.

Mavzuga oid