Jahon | 15:10 / 20.11.2025
1084
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniya birinchi kosmik xavfsizlik strategiyasini taqdim etdi

Germaniya mudofaa va tashqi ishlar vazirlari mamlakatning ilk kosmik xavfsizlik strategiyasini taqdim etdi. U, avvalo, sun’iy yo‘ldoshlar va ular bilan bog‘liq infratuzilmani himoya qilish masalalarini qamrab oladi.

Boris Pistorius Foto: Bundeswehr/Christoph Kassette

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius va tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful chorshanba, 19 noyabr kuni mamlakatning ilk hukumat kosmik xavfsizlik strategiyasini taqdim etdi. Bu haqda GFR mudofaa vazirligi saytida xabar berildi.

Hujjatni ishlab chiqishda boshqa tuzilmalar ham ishtirok etgan — masalan, Fan-tadqiqotlar, texnologiya va kosmos vazirligi. Pistoriusning so‘zlariga ko‘ra, strategiya «biz o‘zimizni kosmosda qanday yaxshiroq himoya qila olishimiz va qanday qilib yanada barqaror bo‘lishimiz mumkinligi» uchun doira belgilaydi. U, avvalo, sun’iy yo‘ldoshlar va ular bilan bog‘liq infratuzilmani himoya qilish, shuningdek kosmosda harbiy operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatlari bilan bog‘liq masalalarni o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, «tezkor ravishda» amalga oshirish rejalashtirilayotgan ushbu strategiya umuman «milliy kosmik xavfsizlik arxitekturasini shakllantirishga» ko‘maklashishi kerak. Germaniya bu yo‘nalishda Yevropa va NATOdagi hamkorlari bilan hamkorlik qilish niyatida.

GFR tashqi ishlar vaziri Vadefulning ta’kidlashicha, Ukrainadagi urush kosmos «tinch tadqiqotlar sohasi»dan «harbiy to‘qnashuvlar va iqtisodiy raqobat maydoni»ga aylanganining yorqin misolidir. «Aloqadan tortib qanotli raketalar va dronlarni boshqarishgacha, strategik muhim xomashyoni qazib olishgacha — kosmosda ustunlik uchun kurash avj pallasiga kirdi», — dedi vazir. Unga ko‘ra, Germaniya manfaatlarini kosmosda himoya qilish uchun «biz xavfsizlik arxitekturasini yanada kengaytirishimiz» lozim.

Pistorius ham bu pozitsiya bilan o‘xshash fikr bildirdi. «(Kosmik) tizimlar ishidagi uzilishlar xavfsizligimiz va kundalik hayotimiz uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi. Masalan, Rossiya Boltiq dengizi hududida GPS-signallarini doimiy ravishda buzib turishini biz allaqachon kuzatyapmiz», — dedi mudofaa vaziri.

Pistorius ma’lum qilishicha, vazirlik 2035 yilgacha kosmos sektoriga taxminan 35 milliard yevro sarmoya kiritish niyatida. U aniq xarajat bandlari «omma oldida muhokama qilinmasligi kerak», deya ta’kidlab, misol sifatida past orbitada joylashadigan kichik sun’iy yo‘ldoshlar tarmog‘ini ishga tushirish loyihasini tilga oldi.

WDR va NDR telekompaniyalari hamda Süddeutsche Zeitung gazetasi Rossiya sun’iy yo‘ldoshlari kosmosda Bundesver yo‘ldoshlariga yaqinlashgani haqidagi qo‘shma surishtiruv natijalarini e’lon qildi.

Pistorius bu haqda 25 sentabr kuni gapirgan edi. Unda Rossiya va Xitoy kosmosda urush olib borish imkoniyatlarini kengaytirayotgani, bu esa Germaniya va umuman Yevropa uchun fundamental tahdid ekanini ta’kidlagan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi sun’iy yo‘ldoshlari, jumladan Bundesver ham foydalanadigan IntelSat yo‘ldoshlarini kuzatib boradi. Xitoy kosmik apparatlari esa shunday «murakkab manyovrlar»ni amalga oshirmoqdaki, agar gap samolyotlar haqida ketganida, bu harakatlar «harbiy mashqlar» deb atalgan bo‘lar edi, deya qayd etgan Pistorius.

Mavzuga oid