Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil yana G‘azoga hujum qildi: 28 kishi halok bo‘ldi
Isroil armiyasi, sulhga qaramay G‘azo bo‘ylab uyushtirgan hujumlari natijasida 28 kishi, jumladan 9 nafar bola halok bo‘ldi. IDF hujumlarni Isroil askarlariga «bir nechta» o‘q uzilganiga javob, deb baholadi. Hamas esa AQShni – «sulhga rioya qilishi» uchun Isroilga jiddiy bosim o‘tkazishga chaqirdi.
Foto: Reuters
19 noyabr kuni Isroilning G‘azo bo‘ylab uyushtirgan hujumlari kamida 28 falastinlikning o‘limiga sabab bo‘ldi. Bu Isroil va Hamas o‘rtasidagi sulh kuchga kirganidan beri zo‘ravonlikning navbatdagi kuchayishidir, deb yozmoqda CNN.
G‘azodagi sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, chorshanba kungi hujumlarda halok bo‘lganlar orasida to‘qqiz nafar bola ham bor. Kamida yana 77 kishi jarohatlangan.
G‘azodagi Al-Ahli Baptist kasalxonasi majmuasida olingan lavhalarda hujumlardan jarohatlanganlarni olib kelayotgan tez yordam mashinalari ko‘rinadi. Kasalxona ichidagi o‘liklar solingan qoplardan birida esa chang bosgan holda yotgan uch nafar bolalarning jasadi bor.
G‘azo Favqulodda xizmatlariga ko‘ra, chorshanba kuni eng ko‘p qurbon bo‘lgan hujum Zaytun mahallasida sodir bo‘lgan: u yerda jami 10 kishi o‘ldirilgan.
Tomonlar bir-birini ayblamoqda
Isroil tomoni Xon Yunusda faoliyat yuritayotgan IDF askarlariga «bir nechta» o‘q uzilganidan so‘ng Hamas nishonlariga hujumlar uyushtirilganini aytdi. Biroq unda Isroil kuchlaridan hech biri jarohatlanmagan. IDFning bildirishicha, «bu harakat sulh kelishuvi buzilishi hisoblanadi»,
Hamas bu hujumlarni «xavfli eskalatsiya» deb qoraladi va Isroilning bayonotini rad etdi. Hamasga ko‘ra, Isroil «davom etayotgan jinoyatlarni oqlashga» urinmoqda. Hamas, shuningdek AQShni Isroilga «sulhga rioya qilish va tajovuzni to‘xtatishga» majbur qilish uchun zudlik bilan, jiddiy bosim o‘tkazishga chaqirdi.
Hujumlar BMT Xavfsizlik Kengashi G‘azo bo‘yicha AQSh rezolyutsiyasini ma’qullaganidan atigi bir necha kun o‘tib sodir bo‘ldi.
Bundan tashqari, kecha Isroil janubiy Livanda Hizbullohga tegishli deb aytilgan qurol omborlariga ham aviazarbalar bergan. Ikki kun oldin Livandagi falastinlik qochqinlar lageriga bergan zarbasi natijasida esa 13 kishi vafot etgandi.
G‘azodagi ushbu hujumlar sulh kelishuvi kuchga kirgandan beri uchinchi yirik eskalatsiya bo‘ldi. Sulhdan keyingi ikki hujumda Isroil taxminan 150 nafar falastinlikni o‘ldirgan. Undan oldinroq uch nafar Isroil askari o‘ldirilganini aytgandi.
Ushbu eskalatsiyalarga qaramasdan, hozircha G‘azodagi sulh asosan saqlanib turibdi.
Tramp ma’muriyati, boshqa vositachilar bilan birga, G‘azoda tinchlik bo‘yicha sulhning keyingi bosqichlari ustida ishlamoqda. Bunga Hamasning qurolni tashlashi, xalqaro xavfsizlik kuchlarining joylashtirilishi va Isroilning to‘liq chekinishi kiradi. Ammo ko‘plab kuzatuvchilar sulh bu bosqichga yetmasdan turib qulashidan qo‘rqmoqda.
Mavzuga oid
16:58 / 04.12.2025
G‘azo vayronalari orasida 54 juftlik uchun ommaviy to‘y o‘tkazildi – fotolar
14:08 / 01.12.2025
Rim papasi: Falastin davlatini tuzish - yagona yechim
16:52 / 29.11.2025
Isroil G‘arbiy sohilning shimoliy qismida yirik harbiy operatsiya boshladi
13:17 / 29.11.2025