Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Polsha 10 ming harbiyni muhim obektlarga jo‘natadi
Polshada 21 noyabrdan boshlab muhim infratuzilma obektlarini himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiya boshlanadi. Hukumat bu haqda, taxminlarga ko‘ra, Rossiya maxsus xizmatlari agentlari aloqador deb hisoblanayotgan temiryo‘ldagi portlashdan so‘ng e’lon qildi.
Polsha hukumatining ma’lum qilishicha, keng ko‘lamli operatsiya doirasida aeroportlar va aloqa tarmoqlari kabi muhim infratuzilma obektlarini himoya qilish uchun 10 minggacha harbiy xizmatchi jalb etiladi. Bu haqda chorshanba, 19 noyabr kuni mamlakat mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish va ichki ishlar vaziri Marsin Kervinskiy ma’lum qildi, deya xabar beradi PAP Polsha agentligi.
Bundan avvalroq Polsha Varshava — Lyublin temiryo‘l yo‘nalishidagi diversiyada Rossiyani ayblagan edi.
«Gorizont» kod nomi berilgan operatsiya 21 noyabr kuni boshlanadi va butun mamlakat hududida amalga oshiriladi.
Marsin Kervinskiyning tushuntirishicha, harbiylar politsiya, temiryo‘l qo‘riqlash xizmati va barcha davlat tuzilmalari bilan hamkorlikda diversiyalarga qarshi kurash harakatlarini muvofiqlashtiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Polsha «fuqarolari xavfsizligini himoya qilish» uchun «barcha resurslardan foydalanmoqda».
«Bugun ko‘plab ekspertlar shunday deyishmoqdaki, biz urush deb ham, tinchlik deb ham atalmaydigan davrda yashayapmiz. Bunday tahdidlar, gibrid xavflar va raqibimiz jamiyat tuzilishiga ko‘rsatishga urinayotgan ta’sir sharoitida biz barcha davlat xizmatlarining sa’y-harakatlarini birlashtirishimiz lozim», — dedi Polsha ichki ishlar vaziri.
O‘z navbatida, Polsha Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, general Veslav Kukula ta’kidlashicha, operatsiya doirasida asosiy e’tibor diversiyalar uchun eng zaif bo‘lgan obektlarni aniqlashga qaratilgan bo‘ladi.
Keng ko‘lamli operatsiya haqidagi e’lon 16 noyabr kuni Mazovetsk voyevodaligida, Varshava yaqinidagi temiryo‘l uchastkasida portlash sodir bo‘lganidan keyin qilindi. Poyezd mashinisti Ukraina bilan chegaradagi «Doroxusk» nazorat-o‘tkazish punktiga olib boruvchi temiryo‘l izlarida shikastlanishni payqab qolgan. Harakat to‘xtatilgan, oqibatda hech kim jabrlanmagan.
Polsha bosh vaziri Donald Tusk shunday dedi: «Aniqlangan shaxslar — Rossiya maxsus xizmatlari bilan uzoq vaqt davomida hamkorlik qilgan ikki nafar Ukraina fuqarosi. Bu — bizning maxsus xizmatlarimiz va prokuraturamiz xulosasi, shuningdek ittifoqchi maxsus xizmatlar bilan hamkorlik natijasidir».
Taxmin qilinishicha, mazkur diversiya katta avariyalarga olib kelishi mumkin edi, ammo ularning oldi olindi. Shikastlangan temiryo‘l liniyasidan, jumladan, Ukrainaga yuklar yetkazib berish uchun ham foydalaniladi.