Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
So‘nggi yo‘llanmalar uchun kurash: Italiya va Turkiya raqiblarini bilib oldi
JCh-2026 saralashi doirasida Yevropa o‘tish o‘yinlari hamda qit’alararo pley-off bosqichiga qur’a tashlandi.
Foto: Reuters
JCh-2026 saralashi doirasida Yevropadagi o‘tish bahslari uchun qur’a tashlandi. Qur’a yarimfinal juftliklari va finallardagi ehtimoliy raqiblarni aniqlab berdi. O‘yinlar 2026 yil martida bo‘lib o‘tadi.
O‘tish o‘yinlariga qaysi jamoalar chiqqan?
Yevropadagi 16 jamoa jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradi: bular guruhlarda ikkinchi o‘rinni egallagan 12 jamoa hamda UYeFA Millatlar ligasi guruhlarida g‘olib bo‘lgan to‘rt jamoa.
Jamoalar pley-offdagi to‘rt setkaga taqsimlandi, har birida – to‘rttadan jamoa. Juftliklar 20 noyabr kuni o‘tkazilgan qur’a orqali ma’lum bo‘ldi. Qur’ani Italiya milliy jamoasi sobiq himoyachisi Marko Materatssi va shvetsiyalik sobiq hujumchi Martin Dalin tomonidan o‘tkazildi.
Yarimfinal bahslari 2026 yil 26 martida, finallar – 31 mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Birinchi setka
Italiya – Shimoliy Irlandiya
Shimoliy Irlandiya A guruhida uchinchi o‘rinni egalladi, ammo Millatlar ligasi orqali o‘tish o‘yinlarida qatnashish huquqiga ega bo‘ldi va endi bu safargi saralashda ham beqaror o‘yin ko‘rsatgan Italiyaga qarshi o‘ynaydi.
Saralashning guruh bosqichida «Skuadra adzurra» Norvegiya bilan ikki o‘yinni ham boy berdi (0:3, 1:4). Saralash siklini futbolchilar Luchano Spalletti boshqaruvida Oslodagi yirik mag‘lubiyat bilan boshlagandi, muvaffaqiyatsizlik Milanda – Jyennaro Gattuzo boshchiligida davom etdi.
Oxirgi tur o‘yinidan keyin murabbiy shunday so‘zlar aytdi: «Biz uzr so‘raymiz. «San Siro»da 1:4 hisobida yutqazish – yoqimsiz holat. Bu o‘yinda hali ham kamchiliklar borligi ko‘rindi: futbolchilar gol o‘tkazib yuborishimiz bilan vahimaga tushib qolishdi».
Uels – Bosniya (juftlik g‘olibi o‘yinini uyda o‘tkazadi)
FIFA reytingida 32-o‘rinda joylashgan Uels saralash bosqichini yaxshi o‘tkazib, 16 ochko jamg‘ardi, ammo Belgiyadan (18) ortda qoldi. 2025 yil yorqin g‘alaba bilan yakunlandi – oxirgi turda ikkinchi o‘rin uchun raqobatchi bo‘lgan Shimoliy Makedoniya 7:1 hisobida tor-mor etildi.
Ammo bosniyaliklar ham munosib ishtirok etishdi: Ruminiya guruhda qoldirib ketildi, so‘nggi turda guruh peshqadami Avstriya bilan durang hisob qayd etildi (1:1).
Avstriyaliklar ustozi Ralf Rangnik o‘yindan keyin shunday degandi: «O‘yin og‘ir bo‘ldi. Juda og‘ir. Agar bosniyaliklar shunday o‘ynashda davom etishsa, ular ham jahon chempionatiga chiqadi».
Birinchi o‘yinlarda g‘alaba qozongan jamoalar finalda o‘zaro bellashadi (masalan, Italiya va Uels).
Ikkinchi setka
Ukraina – Shvetsiya (juftlik g‘olibi o‘yinini uyda o‘tkazadi)
Ukraina Fransiya, Islandiya va Ozarboyjondan iborat D guruhida ikkinchi bo‘ldi. Sariq-ko‘klar asosiy raqobatchisi Islandiyaga qarshi o‘yinda ham g‘olib bo‘ldi : birinchi o‘yinda 5:3, ikkinchisida – 2:0 hisobi qayd etildi va ushbu raqib kurashdan chiqarildi.
Shvetsiya esa, aksincha, saralashni o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi. Tarkibda Aleksandr Isak va Viktor Yokeresh kabi hujumchilar borligiga qaramay, jamoa olti o‘yinda atigi ikki ochko jamg‘ardi va faqat Millatlar ligasidagi reytingi evaziga ikkinchi imkoniyatga ega bo‘ldi.
Polsha – Albaniya
Polsha dog‘uli niderlandlarga raqobat taklif qildi va hatto o‘zaro o‘yinlardan birida g‘alabaga yaqin edi, ammo so‘nggi daqiqalarda Memfis Depay hisobni tenglashtirdi. Yan Urban shogirdlari 17 ochko jamg‘arishdi va G guruhida ikkinchi o‘rinni egallashdi.
Albaniya ishtirok etgan K guruhida boshqa jamoalar Angliyaga qarshi hech qanday chora topa olmadi, inglizlar sakkiz o‘yinda ham birorta gol o‘tkazmasdan g‘alabaga erishib, noyob natija qayd etishdi. Guruhda asosiy kurash ikkinchi o‘rin uchun kechdi va Albaniya Serbiyani bir ochkoga ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. «Burgutlar»ning serblarni safarda mag‘lub etishi (1:0) barchasini hal qildi.
Uchinchi setka
Slovakiya – Kosovo (juftlik g‘olibi final o‘yinini uyda o‘tkazadi)
Slovakiya hal qiluvchi o‘yinda Germaniyaga yirik hisobda (0:6) yutqazib, A guruhida ikkinchi bo‘ldi (12 ochko).
Slovakiyaliklar ustozi Franchesko Kalsona shunday dedi: «Nemislarning hozirgi formasidan kelib chiqsa, dunyoning istalgan jamoasi ularga qarshi o‘ynashga qiynaladi. Men saralash bosqichidagi o‘yinlar uchun yigitlardan minnatdorman – biz vazifani uddaladik».
Kosovoliklar saralash siklini barqarorlik bilan o‘tkazishdi: faqat bir marta, guruh favoriti Shveytsariyaga qarshi safarda kechgan birinchi tur o‘yinida yutqazishdi (0:4), oxirgi turda esa guruh peshqadamligini hal qilib ulgurgan ushbu jamoa bilan 1:1 hisobidagi durangga imzo chekildi. Kosovo Shvetsiyaga qarshi ikki o‘yinda ishonchli g‘alabaga erishdi hamda Sloveniya bilan o‘yinlarda to‘rt ochko qo‘lga kiritdi.
Turkiya – Ruminiya
Ruminiya milliy jamoasi H guruhida uchinchi o‘rinni egalladi va Millatlar ligasi orqali o‘tish o‘yinlarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Turkiya – jiddiy raqib. Vinchenso Montella jamoasi Ye guruhida 13 ochko jamg‘ardi va safarda ispanlarga qarshi kechgan so‘nggi tur o‘yinida durangga erishdi – 2:2. Natijada turklar saralashda to‘rt g‘alaba, faqat bittadan durang va mag‘lubiyat qayd etdi (ikkisi ham guruh favoritlariga qarshi o‘yinlarda).
To‘rtinchi setka
Daniya – Shimoliy Makedoniya
C guruhida ancha vaqt peshqadamlik qilgan Daniya so‘nggi tur oldidan guruhdan chiqish imkoniyatini yo‘qotib bo‘lgan Belarus bilan o‘yinda ochko yo‘qotib (2:2), o‘ziga o‘zi muammo yaratdi. Holbuki o‘sha turda jamoaning to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchisi shotlandlar ham Gretsiyaga safarda yutqazgandi.
Natijada so‘nggi turda drama yuzaga keldi: Shotlandiya – Daniya o‘yinida mehmonlarni durang hisob ham qoniqtirardi, mezbonlarga esa faqat g‘alaba kerak edi. Shiddatli kechgan bahsning ikkinchi bo‘limida ozchilik bo‘lib qolganiga qaramay, skandinavlar 82-daqiqada hisobni tenglashtirishdi, ammo qo‘shimcha daqiqalarda ikki gol o‘tkazib yuborishdi va Shotlandiyani mundialga kuzatib qo‘yishdi.
Shimoliy Makedoniya esa J guruhida 13 ochko jamg‘arib, uchinchi o‘rinni oldi, ammo Millatlar ligasi orqali o‘tish o‘yinlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Jamoa guruhdagi autsayderlar – Lixtenshteyn va Qozog‘istonga qarshi o‘yinlarda to‘rt g‘alabaga erishdi, ammo Belgiya va Uelsga qarshi o‘yinlar qiyinroq kechdi. Jamoaning o‘tish o‘yinlari oldidan formasi u qadar yaxshi emas: jamoa so‘nggi to‘rt o‘yinda uch durang qayd etgan (Latviya bilan o‘rtoqlik o‘yini ham shuning ichida) va Uelsdan yirik hisobda (1:7) mag‘lub bo‘lgan.
Chexiya – Irlandiya (juftlik g‘olibi final o‘yinini uyda o‘tkazadi)
Chexiya eng oson guruhda ishtirok etib, 16 ochko to‘pladi va ikkinchi bo‘ldi. Xorvatiyaga qarshi ikki o‘yin ham boy berildi va Farer orollariga qarshi o‘yinlardan birida sensatsion mag‘lubiyat qayd etildi – 1:2.
Irlandiya esa saralash siklini aql bovar qilmas darajada o‘tkazdi: britanlar juda yomon boshlashgandi (uch turdan keyin bir ochko), keyin esa qatorasiga uch o‘yinda g‘alabaga erishildi (jumladan, Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya ham) va so‘nggi turda Vengriyaga qarshi o‘yinning 90+6-daqiqasida o‘tish o‘yinlari yo‘llanmasi yulqib olindi. Troy Perrotning o‘sha o‘yindagi het-triki uni milliy qahramonga aylantirdi – ushbu jamoa JChga chiqish ishtiyoqida yonmoqda.

Qit’alararo o‘tish o‘yinlari
JCh-2026 uchun yana ikki yo‘llanma to‘rtta qit’aning ikkinchi imkoniyatga ega bo‘lgan olti vakili o‘rtasida o‘ynaladi.
1-yo‘l
Yarimfinal: Yangi Kaledoniya (OFK) – Yamayka (KONKAKAF)
Final: Kongo DR (Afrika) – Yangi Kaledoniya/Yamayka juftligi g‘olibi
2-yo‘l
Yarimfinal: Boliviya (Janubiy Amerika) – Surinam (KONKAKAF)
Final: Iroq (Osiyo) – Boliviya/Surinam o‘yini g‘olibi

O‘yinlar 2026 yil 23 va 31 mart kunlari Meksikaning Gvadalahara va Monterrey shaharlarida bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid
10:01
Bugun JCh-2026 qur’asi: O‘zbekiston raqiblari aniqlanadi
22:55 / 01.12.2025
Superkompyuter O‘zbekistonning JCh-2026 g‘olibi bo‘lish imkoniyatiga baho berdi
23:44 / 28.11.2025
Eron futbol bo‘yicha jahon chempionati qur’asini boykot qilmoqchi
15:05 / 28.11.2025