O‘zbekiston | 13:34 / 20.11.2025
889
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent va Budapesht 2026 yil uchun qo‘shma rejalarni kelishib oldi

O‘zbekiston TIV rahbariyati va Vengriyaning mamlakatdagi elchixonasi vakillari uchrashuvida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik yo‘nalishlarini qamrab olgan 2026 yil uchun qo‘shma rejalar muhokama qilindi va asosiy tashabbuslar bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Foto: “Dunyo” AA

“Dunyo” axborot agentligi xabar berishicha, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov Vengriyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yojyef Roja bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida o‘zbek–vengriya hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari, shuningdek 2026 yilga mo‘ljallangan qator yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma rejalar atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlik hajmini oshirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va madaniyat kabi ustuvor sohalarda amaliy loyihalarni ko‘paytirish zarurligini qayd etdi.

Uchrashuv davomida qator qo‘shma tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi, jumladan:

  • ikki davlat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida siyosiy maslahatlarni o‘tkazish;
  • savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlislarini tashkil etish;
  • ishbilarmonlar kengashi to‘planishlarini o‘tkazish;
  • hududlar hamda universitet rektorlarining forumlarini tashkil qilish.

Tomonlar O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi kengaytirilgan strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish hamda yangi loyihalar orqali 2026 yilni ikki tomonlama aloqalarda faol amaliy qadamlar yiliga aylantirish niyatini bildirdi.

Mavzuga oid