Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAVda Tramp tinchlik rejasining to‘liq matni e’lon qilindi
AQSh Ukraina uni bir hafta ichida imzolashini kutmoqda.
Axios nashri Donald Tramp ma’muriyatining Ukrainadagi urushni to‘xtatish rejasini e’lon qildi. Nashr hujjatni qoralama variant deb atagan, shu bilan birga, uning haqiqiyligini Ukraina va AQSh rasmiylari tasdiqlagan. Avvalroq Trampning rejasini (ukrain tilida) Oliy rada deputati Aleksey Goncharenko ham e’lon qilgandi. Hujjat 28 banddan iborat.
Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Tramp Kiyev tinchlik rejasini bir necha kun ichida ma’qullashi uchun Ukraina hukumatiga kuchli bosim o‘tkazmoqda. Ukrainalik rasmiylar nashr bilan suhbatda Oq uydagilar Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bitimni Shukronalik kunigacha (AQShda 27 noyabr kuni nishonlanadi) imzolashini istashmoqda. FT suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, AQShdagilar kutayotgan muddatga rioya etilishi dargumon.
20 noyabr kuni Zelenskiy AQSh armiyasi vaziri Deniyel Driskoll boshchiligidagi yuqori martabali amerikalik harbiylar delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuvda amerikaliklar Ukraina prezidentiga tinchlik rejasini rasman taqdim etgan. Keyinroq Zelenskiy kechki murojaatida Ukrainaga «munosib tinchlik» kerakligini aytdi. «Men biz uchun prinsipial bo‘lgan narsani belgilab berdim. Va jamoalarimiz ushbu takliflarni hayotga tatbiq etish ustida ish olib borishiga kelishib oldik. Biz keskin bayonotlar bermaymiz va aniq, shaffof ishlashga intilamiz», – dedi Zelenskiy. Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Kristina Gayovishin 20 noyabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida AQSh taklif qilgan tinchlik rejasi haqida gapirarkan, uning mamlakati o‘z «qizil chiziqlari» borligi, ular «aniq va mustahkam» ekanini ta’kidladi.
Trampning rejasi. Qisqacha
- Qrim, Luhansk va Donetsk (rejada shaharlarning nomi keltirilgan, lekin, katta ehtimol bilan, gap Luhansk va Donetsk oblastlari haqida ketgan) AQSh tomonidan de-fakto Rossiyaniki deb tan olinadi. Xerson va Zaporijjya oblastlari hozirgi front chizig‘i bo‘yicha bo‘lib olinadi. Rossiya Ukrainaning to‘rt regioni hamda Qrimdan tashqaridagi egallab olingan boshqa hududlardan (Sumi va Xarkiv oblastlarida) voz kechadi. Ukraina Donetsk oblastidan qo‘shinlarini to‘liq olib chiqadi va bu hudud Rossiya tarkibidagi bufer zonaga aylanadi.
- Ukraina qurolli kuchlaridagi harbiylar soni 600 ming kishigacha qisqaradi (hozirda 800–850 ming kishi).
- Ukraina Konstitutsiyasiga NATOga qo‘shilmaslik haqidagi modda kiritiladi, NATO esa Ukrainani kelajakda ham alyansga qabul qilmaslik majburiyatini oladi. Shu bilan birga, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirish huquqi cheklanmaydi.
- NATO Ukrainada o‘z qo‘shinlarini joylashtirmaydi, alyans qiruvchilari qo‘shni Polsha hududida bo‘ladi. Rossiya Yevropa va Ukrainaga hujum qilmaslik, NATO o‘z hududini kengaytirmaslik majburiyatini oladi.
- Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan 100 milliard dollari Ukrainani tiklashga sarflanadi, bu sarmoyalardan keladigan foydaning 50 foizini AQSh oladi. Yevropa yana 100 milliard dollar qo‘shadi. Rossiyaning muzlatilgan aktivlarining qolgan qismi Amerika-Rossiya investitsiya fondiga investitsiya qilinadi va qo‘shma loyihalarga yo‘naltiriladi.
- Rossiyadan sanksiyalar bosqichma-bosqich yechiladi, unga «Katta sakkizlik»ka (G8) qaytish taklifi beriladi.
- Kelishuv imzolanganidan 100 kun o‘tib Ukrainada saylovlar o‘tkaziladi.
- Bu mojaroga jalb qilingan barcha tomonlar urush davridagi harakatlari uchun to‘liq amnistiyaga erishadi.
- Barcha tomonlar haqiqiy hujjatga rozilik bildirgach, darhol o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilishni boshlaydi.
The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina hukumati tinchlik rejasining eng muhim bandlaridan birini o‘zgartirishni talab qilgan. Gap urush paytida olingan xalqaro yordam bo‘yicha audit o‘tkazish bandi haqida ketmoqda. Amerikalik mulozimlardan biri nashr bilan suhbatda bunday tekshiruv ehtimoliy korrupsiya holatlarini aniqlashi kerakligini ta’kidladi. Biroq, Ukraina «urush paytidagi harakatlar uchun to‘liq amnistiya» formulirovkasini talab qildi, dedi nashr manbasi.
Tramp rejasi. To‘liq
1. Ukraina suvereniteti tasdiqlanadi.
2. Rossiya, Ukraina va Yevropa o‘rtasida o‘zaro hujum qilmaslik to‘g‘risida keng qamrovli shartnoma tuziladi. So‘nggi 30 yildagi barcha qarama-qarshiliklar hal qilingan deb hisoblanadi.
3. Rossiya qo‘shni davlatlar hududiga bostirib kirmasligi, NATO esa kengayishda davom etmasligi kerak bo‘ladi.
4. Rossiya va NATO o‘rtasida Qo‘shma Shtatlar vositachiligida barcha xavfsizlik masalalarini hal qilish va global xavfsizlikni ta’minlash hamda hamkorlik va kelajakdagi iqtisodiy rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida keskinlikni kamaytirish uchun sharoit yaratishga qaratilgan muloqot o‘tkaziladi.
5. Ukraina ishonchli xavfsizlik kafolatlarini oladi.
6. Ukraina qurolli kuchlari 600 000 ming kishi darajasida cheklanadi.
7. Ukraina o‘z Konstitutsiyasida NATOga qo‘shilmasligini mustahkamlashga, NATO esa o‘z nizomiga Ukraina kelajakda [alyansga] qabul qilinmasligi haqidagi bandni kiritishga rozi bo‘lishi kerak.
8. NATO o‘z qo‘shinlarini Ukraina hududiga joylashtirmaydi.
9. Yevropa qiruvchi samolyotlari Polshaga joylashtiriladi.
10. AQSh kafolatlari:
- AQSh taqdim etilgan kafolatlar uchun tovon puli oladi;
- agar Ukraina Rossiyaga bostirib kirsa, u kafil maqomini yo‘qotadi;
- agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, qat’iy muvofiqlashtirilgan harbiy javobdan tashqari, barcha global sanksiyalar tiklanadi, yangi hududlar tan olinishi va ushbu bitimning boshqa barcha afzalliklari bekor qilinadi;
- agar Ukraina sababsiz Moskva yoki Sankt-Peterburgga raketa uchirsa, xavfsizlik kafolatlari haqiqiy emas deb topiladi.
11. Ukraina Yevropa Ittifoqiga kirish huquqiga ega bo‘ladi, shuningdek, bu masala ko‘rib chiqilgunga qadar Yevropa bozoriga qisqa muddatli imtiyozli kirish huquqi bilan ta’minlanadi.
12. Ukrainani tiklash bo‘yicha kuchli global chora-tadbirlar to‘plami:
- tez rivojlanayotgan sohalarga, jumladan texnologiyalar, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari va sun’iy intellektga sarmoya kiritish uchun Ukraina taraqqiyot jamg‘armasini tashkil etish;
- AQSh va Ukraina o‘rtasida Ukraina gaz infratuzilmasini, jumladan, gaz quvurlari va omborlarini birgalikda tiklash, rivojlantirish, modernizatsiya qilish va ishlatish bo‘yicha hamkorlik;
- shaharlar va turar joylarni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish maqsadida urushdan zarar ko‘rgan hududlarni tiklash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar;
- infratuzilmalarni rivojlantirish;
- foydali qazilmalar va tabiiy resurslarni qazib olish;
- Jahon banki tomonidan ushbu sa’y-harakatlarni jadallashtirish uchun maxsus moliyalashtirish paketini ishlab chiqish.
13. Rossiya jahon iqtisodiyotiga reintegratsiya qilinadi:
- sanksiyalarni bekor qilish bosqichma-bosqich va yakka tartibda muhokama qilinadi va kelishiladi;
- AQSh va Rossiya energetika, tabiiy resurslar, infratuzilma, sun’iy intellekt, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, Arktikada nodir metallarni qazib olish loyihalari va boshqa o‘zaro manfaatli korporativ imkoniyatlar sohalarida o‘zaro rivojlanish uchun uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzadi;
- Rossiyaga «Katta sakkizlik»ka (G8) qaytish taklif qilinadi.
14. Muzlatilgan aktivlardan quyidagicha foydalaniladi:
- Rossiyaning muzlatilgan aktivlarining 100 milliard dollari AQSh boshchiligidagi Ukrainani tiklash va investitsiyalash bo‘yicha chora-tadbirlarga investitsiya qilinadi;
- AQSh bu operatsiyalardan keladigan foydaning 50 foizini oladi;
- Yevropa Ukrainani tiklashga yo‘naltiriladigan investitsiyalar hajmini oshirish uchun yana 100 milliard dollar qo‘shadi;
- Rossiyaning muzlatilgan aktivlarining qolgan qismi alohida tarmoqlardagi qo‘shma loyihalarni (Rossiya-Amerika) amalga oshirish uchun investitsiya qilinadi;
- bu fond mojaro qaytalanmasligi uchun kuchli rag‘bat yaratish maqsadida munosabatlarni mustahkamlash va umumiy manfaatlarni oshirishga yo‘naltiriladi.
15. Ushbu bitimning barcha qoidalari bajarilishiga ko‘maklashish va uni ta’minlash uchun xavfsizlik masalalari bo‘yicha Amerika-Rossiya qo‘shma ishchi guruhi tuziladi.
16. Rossiya o‘z qonunchiligida Yevropa va Ukrainaga hujum qilmaslik siyosatini mustahkamlab qo‘yadi.
17. AQSh va Rossiya yadro qurolini tarqatmaslik va uni nazorat qilish to‘g‘risidagi shartnomalar, jumladan, SNV-1 shartnomasini uzaytirishga kelishib oladi.
18. Ukraina Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq yadrosiz davlat bo‘lib qolishga rozi bo‘ladi.
19. Zaporijjya AES Xalqaro atom energetikasi agentligi nazorati ostida ishga tushiriladi hamda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Rossiya va Ukraina o‘rtasida teng taqsimlanadi – 50 ga 50.
20. Ikki mamlakat ham maktablar va jamiyatda o‘zaro tushunish, turli madaniyatlarga bag‘rikenglik va irqchilik hamda noto‘g‘ri qarashlarni bartaraf etishga qaratilgan ta’lim dasturlarini amalga oshirish majburiyatini oladi:
- Ukraina Yevropa Ittifoqining diniy bag‘rikenglik va til ozchiliklarini himoya qilish bo‘yicha qoidalarini joriy etadi;
- har ikki davlat barcha kamsituvchi choralarni bekor qilish va ukrain hamda rus ommaviy axborot vositalari hamda ta’lim tizimlari huquqlarini kafolatlashga kelishib oladi;
- barcha natsistik mafkura va u bilan bog‘liq faoliyat rad etilishi va taqiqlanishi kerak.
21. Hududlar:
- Qrim, Luhansk va Donetsk de-fakto Rossiyaniki deb tan olinadi, jumladan, Qo‘shma Shtatlar tomonidan ham;
- Xerson va Zaporijjyada front chizig‘i muzlatiladi, bu amalda hududlar ikkiga bo‘lib olinishini anglatadi;
- Rossiya besh regiondan tashqarida egallab olgan hududlaridan voz kechadi;
- Ukraina qo‘shinlarini Donetsk oblastining hozirda o‘z nazoratida qolayotgan qismlaridan olib chiqadi, bu xalqaro miqyosda Rossiya Federatsiyasiga tegishli hudud sifatida tan olingan betaraf demilitarizatsiya qilingan bufer zona hisoblanadi. Rossiya kuchlari ham bu hududga kirmaydi.
22. Kelajakdagi hududiy kelishuvlar kelishib olingandan so‘ng, Rossiya Federatsiyasi ham, Ukraina ham ushbu kelishuvlarni kuch bilan o‘zgartirmaslik majburiyatini oladi. Ushbu majburiyat buzilgan taqdirda, hech qanday xavfsizlik kafolatlari qo‘llanmaydi.
23. Rossiya Ukrainaning Dnipro daryosidan tijoriy maqsadlarda foydalanishiga to‘sqinlik qilmaydi va Qora dengiz orqali g‘allani erkin tashish bo‘yicha kelishuvlarga erishiladi.
24. Hal qilinmagan masalalarni hal qilish uchun gumanitar qo‘mita tashkil etiladi:
- barcha asirlar va qurbonlarning jasadlari «barchani barchaga» prinsipi bo‘yicha almashtiriladi;
- garovdagi barcha fuqarolar va asirlar, jumladan, olib ketilgan bolalar qaytariladi;
- oilalarni birlashtirish dasturi amalga oshiriladi;
- mojaro qurbonlarining uqubatlarini yengillatish uchun choralar ko‘riladi.
25. 100 kun o‘tib Ukrainada saylovlar o‘tkaziladi.
26. Bu mojaroga jalb etilgan barcha tomonlar urush davridagi harakatlari uchun to‘liq amnistiya qilinadi va kelgusida hech qanday da’vo qilmaslik va shikoyatlarni ko‘rib chiqmaslik majburiyatini oladi.
27. Ushbu kelishuv majburiy yuridik kuchga ega bo‘ladi. Uning bajarilishi prezident Donald Tramp boshchiligidagi Tinchlik kengashi tomonidan nazorat qilinadi va kafolatlanadi. Qoidabuzarliklar uchun sanksiyalar joriy etiladi.
28. Barcha tomonlar ushbu hujjatga rozi bo‘lganidan so‘ng, har ikki tomon kelishuvni amalga oshirishni boshlash uchun kelishilgan pozitsiyalarga chekinganidan so‘ng darhol o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kiradi.
Xavfsizlik kafolatlari
Matnda Ukraina aynan qanday «ishonchli xavfsizlik kafolatlari»ga ega bo‘lishiga aniqlik kiritiilmagan, biroq Axios olgan ma’lumotlarga ko‘ra, Kiyevga bu borada alohida hujjat taqdim etilgan, unga ko‘ra, xavfsizlik kafolatlari NATOning 5-moddasiga asoslanadi: u alyans mamlakatlaridan biriga hujum barchaga hujum sifatida baholanishini nazarda tutadi. Kafolatlar AQSh va Yevropa ittifoqchilarini Ukrainaga hujumga butun «transatlantik hamjamiyat»ga hujum sifatida qabul qilish majburiyatini yuklaydi.
Axios maqolasida aytilishicha, Rossiyaning Ukrainaga har qanday «muhim, qasddan va uzoq davom etadigan qurolli hujumi» «transatlantik hamjamiyat tinchligi va xavfsizligiga tahdid soluvchi hujum sifatida qaralishi kerak», AQSh va uning ittifoqchilari esa tegishli tarzda, jumladan, harbiy kuch ishlatish orqali javob qaytaradi.
Xavfsizlik kafolatlari 10 yil davomida amal qiladi va o‘zaro kelishuvga ko‘ra uzaytirilishi mumkin. Amerikalik mulozimlardan birining so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik bo‘yicha taklif qilingan kafolatlarni Tramp ma’muriyati Zelenskiy va Ukrainaning uzoq muddatli xavfsizligi uchun «katta g‘alaba» deb biladi.
Mavzuga oid
13:45
Kipr: Ukraina YeI Kengashiga raislik davrida ustuvor yo‘nalish bo‘ladi
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025
Ukraina aholisi 42 milliondan 36 milliongacha kamaydi – OAV
23:00 / 04.12.2025