Jahon | 09:07 / 21.11.2025
7902
10 daqiqa o‘qiladi

«Taslim bo‘lish tinchlik rejasi» – ukrainaliklar AQShning yangi rejasini rad etmoqda

Kiyevda Ukrainadagi urushni go‘yoki yakunlash haqida AQSh va Rossiya tomonidan qo‘shma ravishda ishlab chiqilgan deb taxmin qilinayotgan yangi hujjat «Ukrainaning taslim bo‘lish tinchlik rejasi» deb ataldi. Ukrainada bu 28 banddan iborat tinchlik rejasi qat’iy rad etilyapti.

Foto: Ukrainian Emergency Service/Handout/AFP

AQSh va Rossiya Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha «tinchlik rejasi»ni yashirincha ishlab chiqqani haqidagi jurnalistik ma’lumotlar Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning 19 noyabr kuni Turkiyaning Anqara shahrida AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan o‘tkazishi rejalashtirilgan uchrashuvi qoldirilganidan so‘ng Amerika OAVda paydo bo‘la boshladi. Axios nashri o‘z manbalariga tayanib yozishicha, muzokaralarning asosiy mavzusi Donald Trampning tinchlik tashabbusi bo‘lishi kerak edi. Biroq Ukraina prezidenti Turkiyaga Yevropadagi hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan o‘z rejasi bilan kelgan.

Keyinroq NBC News nashri xabar berishicha, Oq uy rahbari go‘yoki 28 banddan iborat tinchlik rejasini ma’qullagan, bu hujjatni uning ma’muriyatidagi yuqori martabali amaldorlar Uitkoff boshchiligida so‘nggi bir necha hafta davomida Rossiya vakili Kirill Dmitriyev bilan maslahatlashgan holda yashirincha ishlab chiqqani aytilmoqda. Ayni paytda, hujjat Rossiya hozir nazoratiga olmagan hududlarni ham o‘z ichiga olgan holda butun Donbassni Rossiyaga topshirishni nazarda tutishi ma’lum qilinmoqda. Shuningdek, Ukraina qurollanish borasida orqaga chekinishi, armiyasini ikki barobar qisqartishi hamda rus tilini ikkinchi davlat tili sifatida qabul qilishi lozimligi aytilgan. Financial Times nashriga ko‘ra, bu reja allaqachon Ukraina tomoniga topshirilgan va Kiyev uni qabul qilib bo‘lmaydigan deb hisoblaydi.

«Biz natija berishi mumkin bo‘lgan boshqa istalgan mazmunli formatlarda ham ishlashga tayyormiz. Lekin qon to‘kilishini to‘xtatish va uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun eng asosiy narsa – barcha hamkorlar bilan muvofiqlashgan holda ishlashimiz, Amerika yetakchiligi esa samarali, kuchli bo‘lib, uzoq davom etadigan va insonlarga xavfsizlik beruvchi tinchlikka yaqinlashtirishi kerak», deb yozdi Volodimir Zelenskiy 19 noyabr kuni Anqarada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuvdan so‘ng X ijtimoiy tarmog‘ida.

Ertasi kuni Zelenskiy AQSh qurolli kuchlarining Quruqlikdagi qo‘shinlari vaziri Den Driskoll boshchiligidagi amerikalik harbiylar delegatsiyasi bilan uchrashdi. Uchrashuv arafasida Ukraina OAV xabar berishicha, amerikalik vakillar go‘yoki Ukraina prezidentini Tramp ma’qullagani aytilgan 28 banddan iborat tinchlik rejasiga rozi bo‘lishga ko‘ndirishga urinmoqchi bo‘lgan.

Uchrashuvdan so‘ng Ukraina prezidenti ofisi bayonot e’lon qildi. Unda aytilishicha, Zelenskiy Amerika tomonidan diplomatiyani faollashtirishi mumkin, deb baholangan reja loyihasini rasman qabul qilgan. Bayonotda ukrain prezidenti xalq uchun muhim bo‘lgan «asoslar»ni belgilab olgani, uchrashuv yakunlari bo‘yicha esa «urushga munosib yakun yasash» uchun reja bandlari ustida ishlashga kelishilgani ta’kidlanadi. Shuningdek, Zelenskiy yaqin kunlarda prezident Tramp bilan mavjud diplomatik imkoniyatlar va tinchlik uchun zarur asosiy bandlarni muhokama qilishga umid bog‘layotgani qayd etilgan.

Ukrainalik siyosatchilar OAVda tarqalayotgan takliflar tarkibida Rossiya talablariga to‘la mos keladigan elementlar borligini ta’kidlamoqda: okkupatsiyani mustahkamlab qo‘yish, Ukraina armiyasini cheklash, haqiqiy xavfsizlik kafolatlarisiz neytral maqom, mudofaa salohiyatini rivojlantirishni taqiqlash, ittifoqlarni erkin tanlash imkoniyatini yo‘qqa chiqarish. «Yevropeyskaya solidarnost» fraksiyasi deputati va Ukrainaning Xalqaro parlament assambleyasi (PASe)dagi vakili Aleksey Goncharenko DW'ga bergan izohida AQSh va Rossiya o‘rtasida OAVda e’lon qilingan kelishuvlar Ukraina taslim bo‘lish rejasiga o‘xshashini aytdi. «Ukraina uchun, boshqa har qanday mamlakat kabi, eng asosiy kafolat – bu o‘zining qurolli kuchlari, – dedi Goncharenko. – Rossiya aynan shuni istayapti – Ukraina armiyasini qisqartirishni, keyingi hujumda Ukrainani butunlay yo‘q qilish uchun».

Goncharenko fikricha, energetika sohasidagi so‘nggi korrupsiya mojarosi Zelenskiy pozitsiyalarini jiddiy zaiflatgan. Ammo, deya ta’kidlaydi siyosatchi, istalgan kelishuvni faqat Zelenskiy emas, balki butun Ukraina jamiyati qabul qilishi kerak. «Agar biz qandaydir kelishuvni istasak, uni Ukraina jamiyati qabul qilishi lozim. Ukraina jamiyati uchun qabul qilinadigan narsalar bor, qabul qilib bo‘lmaydigan narsalar bor», – dedi u.

«Kiyev xavfsizlik forumi» rahbari, 2014–2016 yillardagi Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk esa OAVda paydo bo‘lgan ma’lumotlar amalda shu yil avgust oyida Alyaskadagi Ankorij shahrida Putin va Tramp o‘rtasida muhokama qilingan masalalarni takrorlashini ta’kidlaydi. «Hozir OAVda yangi tinchlik rejasi sifatida namoyish etilayotgan narsa tinchlikka hech qanday aloqasi yo‘q – bu Ukrainaning sekin-astalik bilan taslim bo‘lish rejasidir. Bu «tinchlik rejasi» deb atalgan hujjatdagi barcha tezislar deyarli 4 yil oldin Putin tomonidan aytilgan pozitsiyani to‘liq takrorlaydi», – dedi Yatsenyuk.

Ukrainada yangi reja hozircha faqat ukrainaliklarning kayfiyatini sinovdan o‘tkazish vositasi bo‘lishi mumkin, deb hisoblanyapti. «Aniqki, OAVga bu ma’lumotni chiqarish – Ukraina va ukrainaliklar qay darajada charchagani va qay darajada «tinchlanish»ga tayyor ekanini sinashdir», – deb yozdi Facebook’da muxolifatdagi «Yevropeyskaya solidarnost» parlament fraksiyasi hamraisi Irina Gerashchenko.

«Ukrainskaya prizma» tashqi siyosat kengashi eksperti Aleksandr Krayev ham AQSh prezidenti va uning atrofidagilar Ukraina jamiyatini va Ukraina xalqaro hamkorlarini – urushni tugatish uchun ular nimaga rozi bo‘lishga tayyorligini sinayotgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda, ammo hozircha AQSh Ukrainaga bosim o‘tkazmaydi, deb hisoblaydi. Uning baholashicha, hozirgi vaziyat «muzokaralar haqida gaplashish» bosqichida turibdi.

«Men amerikaliklar bunday kuchli qarshilikka qaramay, Yevropa bilan munosabatlarini buzishga, Xitoy va Rossiyaga bosim o‘tkazish bo‘yicha butun dasturini shubha ostiga qo‘yishga tayyor, deb o‘ylamayman», – dedi Krayev DW'ga. Ekspert hujjatning asosiy muammosini ta’kidlab o‘tdi: u Trampning o‘zi aytgan eng muhim vazifa – otashkesimga erishishni amalga oshirmaydi.

Ukrainaning AQShdagi sobiq elchisi Valeriy Chaliy bu takliflar Donald Trampning yakuniy rejasi emas, deb hisoblaydi. «Agar bu Trampning yakuniy «rejasi» bo‘lganida edi, u kamida bu jarayonga jalb qilingan kongressmenlar va asosiy Yevropa poytaxtlarini xabardor qilishni topshirgan bo‘lardi (bu, aniqki, qilinmagan). Shuning uchun hali hech qanday xavotirga tushish kerak emas. Hozircha bu – amalga oshish imkoniyati deyarli yo‘q bo‘lgan «Dmitriyev–Uitkoff rejasi», – deb yozdi Chaliy Facebook’da. Uning fikricha, bunday reja haqidagi ma’lumot paydo bo‘lishi AQSh tomonidan kelajakdagi «murosa»ning muayyan chegaralarini belgilash jarayoni boshlanishini anglatadi. Ammo Rossiya, deya ta’kidlaydi Chaliy, bu vaziyatdan allaqachon o‘zining axborot-psixologik maxsus operatsiyasi uchun foydalanmoqda, infratuzilmalarga zarbalar va Ukrainada insonlarni ommaviy o‘ldirish orqali bosimni kuchaytirmoqda.

«Novaya strana» fuqarolik platformasi hammuassisi, tahlilchi Valeriy Pekar fikricha, Ukraina jamiyatini ichidan larzaga solish – Rossiya rejasining frontdagi bosimdan keyingi ikkinchi eng muhim qismi. Shu bois shunday «tinchlik rejalari» paydo bo‘lmoqdaki, ular ukrainaliklarni axborot va ruhiy jihatdan yanada zaiflashtirish va kuchsizlantirishni ko‘zlaydi. «Bunday rejalar avval ham bir necha bor payqalgan, ularga Ukraina jamiyatining reaksiyasi esa jamiyatning charchoq va ishonmaslik kayfiyatini, hokimiyatga bo‘lgan ishonch yetishmasligini aks ettiradi. Hatto so‘rovlarda hokimiyat uchun ovoz berishga tayyorman, deb javob berganlar ham uni qandaydir xiyonatga qo‘l qo‘yishga tayyor, deb gumon qiladi. Agar jamiyat hokimiyat qabul qilmaydigan shartlarga imzo chekmasligiga ishonganida, bu qadar xavotir olmagan bo‘lardi. Shu bilan birga, jamiyat qabul qilmaydigan istalgan kelishuv varianti amalda hayotga tatbiq etilishi mumkin emasligini ham ta’kidlash kerak», – deb yozdi Pekar Facebook’da.

Uning fikricha, e’lon qilingan rejaning o‘zida yangi narsa yo‘q: barchasi Putinning maksimalistik talablarining takroridir, bu esa tomonlar hali muzokaralar old bosqichidan bevosita muzokaralar bosqichiga o‘tmaganini anglatadi. Uning aytishicha, muzokaralar bosqichi «oldin muzokaralardan qochgan tomon endi o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishga tayyor ekani haqida ochiq signal berganidan keyingina boshlanadi».

«Yevropa stol atrofida bo‘lmasa, istalgan reja yoki istalgan muzokara ish bermaydi. Bu pozitsiyani xavfsizlik uchun to‘liq javobgarlikni Yevropa zimmasiga yuklashga urinayotgan Amerika Qo‘shma Shtatlari ham qo‘llab-quvvatlaydi. Ukraina mag‘lubiyati Trampga hech qanday siyosiy yutuq keltirmaydi, aksincha, AQSh jamiyatida Ukrainaga nisbatan, hatto korrupsiya mojarosi bilan zaiflashgan bo‘lsa-da, hali ham yuqori qo‘llab-quvvatlash darajasi mavjud ekanini hisobga olganda, unga teskari ta’sir ko‘rsatishi mumkin», – deya xulosa qildi Pekar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid