Jahon | 12:19 / 21.11.2025
3432
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Yermakni prezident devoni rahbari lavozimidan bo‘shatishdan bosh tortdi

«Sluga naroda» fraksiyasi bilan uchrashuvda Ukraina prezidenti «Energoatom»dagi korrupsiya ishi fonida Andrey Yermakni iste’foga chiqarmasligini bildirib o‘tdi.

Foto: Ruslan Kaniuka/Ukrinform/ABACA/picture alliance

Volodimir Zelenskiy «Energoatom» energetika sohasidagi davlat kompaniyasi atrofidagi korrupsiya mojarosi fonida o‘zining yaqin hamkori Andrey Yermakni Ukraina prezidenti devoni rahbari lavozimidan bo‘shatishdan bosh tortdi. Zelenskiyning bu rad javobini o‘z fraksiyasi «Sluga naroda» partiyasi deputatlari bilan uchrashuvi chog‘ida bilvosita ma’lum bo‘ldi, deb xabar berdi «Ukrainskaya pravda» va Hromadske nashrlari payshanba, 20 noyabr kuni.

Uchrashuvda deputat Maryana Bezuglaya davlat rahbaridan prezident devoni rahbarini va boshqa amaldorlarni ishdan olishni rejalashtirayotgani yoki yo‘qligi haqida so‘radi. «Zelenskiy prezident devonidagi kadrlar masalasi prezidentning mas’uliyati ekanini aytdi va Yermak iste’foga chiqarilmasligini bildirdi», – dedi «Ukrainskaya pravda»ga Zelenskiy bilan muloqotda qatnashganlardan biri. Shu bilan birga, Verxovnaya rada deputati Fyodor Venislavskiyga tayanib «Ukrainskaya pravda» yozishicha, «Sluga naroda» a’zolarining «ancha katta qismi» Andrey Yermak iste’foga chiqishi kerak, deb hisoblaydi.

Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi (NABU) va Maxsus antikorrupsiya prokuraturasi (SAP) 10 noyabr kuni «Energoatom» atrofidagi yirik korrupsiya sxemasini fosh etgani haqida ma’lum qildi. Mojaro markazida Ukraina hukumatining bir qator vazirlari, shuningdek prezidentning ko‘p yillik hamkori Timur Mindich va moliyachi Aleksandr Tsukerman qoldi. Shu kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar Mindichning uyida, «Energoatom»da, shuningdek Ukraina adliya vaziri German Galushchenkoning ofisida tintuv o‘tkazdi. Mindich esa bundan sal oldinroq Ukrainani tark etgan edi.

Zelenskiy 12 noyabr kuni ikki kun oldin vazifalarini bajarishdan chetlatilgan Galushchenkoni va energetika vaziri Svetlana Grinchukni lavozimidan ozod etishni talab qildi. Oliy rada 19 noyabr kuni har ikki vazirning iste’fosi uchun ovoz berdi. Mindich va Tsukermanga nisbatan esa Zelenskiy farmoniga muvofiq sanksiyalar joriy etildi.

Mavzuga oid