Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
FT: AQSh Ukrainadan Tramp rejasini qabul qilishni qat’iy talab qildi
AQSh vakillari Kiyevda YeI davlatlari amaldorlari va elchilari bilan uchrashuvdan so‘ng, Vashington "tinchlik rejasi"ni muhokama qilishda "egiluvchanlik" namoyon etmasligini bildirdi. Yevropalik amaldor esa uchrashuvning umumiy xarakterini "yomon" deb atadi.
Vashington prezident Donald Trampning "tinchlik rejasi"ni muhokama qilishda "alohida egiluvchanlik" ko‘rsatish niyatida emas, deb bildirdi AQSh armiyasi vaziri Deniyel Driskoll Ukraina va Yevropa amaldorlari, shuningdek elchilar ishtirokidagi uchrashuvda. Tadbir juma kuni, 21 noyabrda, Ukrainadagi AQSh ishlari bo‘yicha vaqtinchalik vakil Juli Devisning Kiyevdagi rezidensiyasida bo‘lib o‘tdi. Britaniyaning Financial Times (FT) gazetasi yozishicha, yuqori martabali yevropalik davlat xizmatchilaridan biri uchrashuv ruhiyatini "o‘ta yomon" deb ta’riflagan.
Yevropaliklarga murojaat qilar ekan, Driskoll o‘zini optimistik ruhda ekanini aytdi va "hozir tinchlikka erishish vaqti keldi", deya ta’kidladi. Shu bilan birga, vazir qo‘shimcha qildi: "Biz (Tramp rejasining — tahr.) tafsilotlarini muhokama qilayotganimiz yo‘q". Driskollning so‘zlariga ko‘ra, "AQSh qurolli kuchlari Ukrainani yaxshi ko‘radi va uni qo‘llab-quvvatlaydi, ammo Amerika harbiylarining ochiqchasiga bergan bahosiga ko‘ra, Ukraina juda og‘ir ahvolda".
Uchrashuvda Devis ham bayonot berdi. "Qanchalik Ukrainaga davom etayotgan urushda yordam bermaylik, baribir chegaralar bor. <...> Shuningdek, Rossiya kuchli sanoat bazasiga egaligi haqida jiddiy asoslar mavjud, va masala faqat vaqtda — qachondir baribir Ukraina kelishuv imzolashga majbur bo‘ladi", — deya undan iqtibos keltirdi tadbirda ishtirok etgan elchilardan biri. Driskoll bilan birga Devis ham Ukraina 27 noyabrga qadar "tinchlik rejasi"ni qabul qilishi lozimligi haqidagi Trampning fikrini takrorladi.
Yevropalik amaldorlardan birining so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda ishtirok etganlar orasida shunday taassurot paydo bo‘ldiki, go‘yo AQSh korrupsiya mojarosi fonida Zelenskiyning siyosiy zaifligidan foydalanib, tezda tinchlik kelishuviga erishishga urinyapti.
Qator YeI mamlakatlari elchilari AQSh rejasini Rossiya uchun strategik g‘alaba deb atay boshladi. Bunga javoban Devis, FT ta’kidlashicha, 2022 yilda boshlangan to‘liq masshtabli urushdan beri bir million rus askari halok bo‘lgani (bu AQSh bahosi — tahr.) holati "g‘alaba" deb atalishi mumkin emasligini aytdi.
Uchrashuv oxirida elchilar hozir tinchlik kelishuvi tuzish o‘rniga Rossiyaga bosimni kuchaytirish kerakligini ta’kidladi. Bu fikrga javoban AQSh vakillari taklif qilinayotgan "tinchlik rejasi" shartlari — Ukrainaning umid qila oladigan eng yaxshi varianti ekanini qayd etdi.
Ukrainadagi AQSh vakilligi rezidensiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv Yoxannesburgdagi "katta yigirmalik" — G20 sammitiga to‘plangan yevropalik yetakchilar o‘rtasidagi muzokaralarni faollashtirdi. Uchrashuvlarda, jumladan, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen ham ishtirok etdi, muzokaralar kechqurungacha davom etdi.
Muzokaralar qatnashchilari AQSh prezidentni Ukrainani "tinchlik rejasi"ni qabul qilishiga qaratilgan talablarni yumshatishga ko‘ndirish imkoniyatini izladi. "Endilikda Trampning qulog‘iga pichirlayotganlar jim turishni to‘xtatib, baland ovozda gapirishni boshlashi vaqti keldi", — dedi FT bilan suhbatda muhokamalar borishidan xabardor amaldorlardan biri.