Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Katta shaharlardagi yuragi kichkina odamlar
Katta shaharlar hamisha odamlarni o‘zgartirib yuboradi. U yerda binolar hashamatli, viqorli ko‘rinadi. Insonlar ham shunga moslashadi, qudratli, salobatli bo‘lib boradi. Biroq kishining yuragi kichrayib ketadi, ruhiyatdan nimadir g‘oyib bo‘ladi. Bugun biz “5 daqiqa”da o‘zbekning katta adibi Erkin A’zam olamidan o‘sha g‘oyib bo‘lgan narsani topamiz.
Hikoyada ikki bolalikdagi do‘st — shaharda o‘qigan, katta hayotga moslashgan shoir yigit va qishloqning beg‘ubor havosini o‘zi bilan ko‘tarib yuradigan, sodda, beg‘am, samimiy Ramazon haqida gap boradi. Ramazon har bahor qishloqdan keladi — yelkasida pachaq chamadon. U shaharga bolalikni eslatadigan jaydari olmalari bilan keladi. Bu olmalar hikoyaning eng teran ramzlaridan biri: ular ko‘rimsiz, arzon, lekin shunday shirinki, insonning aslini yodiga soladi.
Ramazon har kelganida shahar hayoti mavj urganday bo‘ladi. U tabiatan sho‘x, ta’sirchan, beg‘ubor inson. Kim bilan uchrashsa kuldiradi, kimni ko‘rsa quchoqlaydi, begona bilan ham bir daqiqada do‘st bo‘ladi. Uning hech qanday niqobi yo‘q, qishloqning tozaligini yuragida saqlab yuradi.
U shaharga begona
Shahar esa mutlaqo boshqa olam. Insonlar bu yerda qadamini ehtiyot bo‘lib bosadi, yuzlarda hech qachon to‘liq samimiyat ko‘rinmaydi. Muvaffaqiyat, manfaat, hisob-kitob, “boshqalar nima deydi?” degan o‘y-xayollar hayotning ma’nosiga aylangan. Ramazon esa bu olamga mos emas — u qanchalik noyob odam bo‘lmasin, shaharliklarga begona.
Asarning burilish nuqtasi — Ramazonning “chayqovchi” sifatida qo‘lga olinishi. U bu aybni tushunmaydi ham. Sudda aytgan har bir gapi, har bir xatosi uning hayot qonuniyatlarini tushunmasligidan emas, balki dunyodagi makkorlikka ishonmasligidan.
Uning sud jarayoni — hayotning ayni o‘zginasi. Dunyo sodda odamlarni hamisha tushunmagan. Sudya ham Ramazondan biroz ayyorroq bo‘lishni talab qiladi, yordam bergisi keladi. Biroq o‘sha ayyorlikni u qabul qilsa, siz-u bizdan farqi qoladimi? Uning Ramazonligi qoladimi?!
“Chantrimore” - o‘tmishda qolgan ovoz
Hikoyada fojia Ramazonning boshiga tushmaydi — fojia uning jo‘rasida.
U katta shaharda katta odam bo‘lib ketgan. Manfaatni, ehtiyotkorlikni, g‘alvali joylarga burun suqmaslikni, o‘z yo‘lida jimgina yashashni o‘rganib olgan. U Ramazonni yaxshi ko‘radi, hatto o‘ziga yaqin biladi, lekin uni himoya qilishga jasorati yetmaydi.
Hikoyadagi jo‘ra — bu o‘zni yo‘qotish ramzi. U hayotda yutadi, lekin inson sifatida yutqazib boradi. Ramazon uning qalbining bir burchagida qolgan, lekin bu burchak juda tor va u yerda shamollar esmaydi.
Ramazon qamalgan joydan jo‘rasiga xat yozadi. Har safar bittagina so‘z: “Chantrimore!” Bu bolalik so‘zi. Aniq ma’nosi yo‘q. Ammo anglanuvchi ma’nosi katta: “Biz kim edik? Qaysi dunyodan edik? Meni unutma!” degan ma’nolarni beradi.
Asar yakunida jo‘ra bolalikdagi qo‘ng‘iroqlarni kutadi. Ramazon qayta kelishini istaydi. Jaydari olmalarni sog‘inadi. Jo‘rasi yana o‘sha beg‘ubor kulishlari bilan kelishini istaydi. Yo‘q. U kelmaydi.
Shahar odamni boy qiladi, lekin ba’zan eng qimmat narsadan mahrum etib qo‘yadi: poklik, samimiyat, beg‘uborlik.
Adibimiz Erkin A’zam qishloq odamidagi soddalik — uning kamchiligi emas, balki hayotning bergan ne’mati, demoqchi bo‘ladi.
Xulosa
To‘g‘ri, shaharlarda katta odam bo‘lamiz, vazifalar olamiz, ismlarimizga unvonlar qo‘shiladi. Biroq shu ulg‘ayish ichida biz o‘z yuragimizni kichraytirib qo‘yamiz. Qalbimizdagi bolalik, poklik, soddalik qayergadir ketadi.
Ramazon — biz yo‘qotib qo‘ygan ibtidoiy insoniylik timsoli. U kambag‘al, savodsiz, hayotning g‘irrom qoidalarini bilmaydi, lekin uning qalbida insoniylik to‘la. Shuning uchun ham u “anoyi”. Darvoqe, o‘zbek tilining izohli lug‘atida “anoyi” so‘ziga o‘z ishiga puxta bo‘lmagan, birovning so‘ziga laqqa uchadigan, sodda, deb izoh beriladi.
Bugungi g‘alvali, soxta dunyoda mana shunday asarlarni o‘qib turing, maza qilasiz.
Isomiddin Po‘latov
Mavzuga oid
19:10 / 29.11.2025
“Ko‘rinmas odam” - fan haddidan oshganda nima bo‘ladi?
20:50 / 15.11.2025
Aqlli odamlar ham ommaga qo‘shilganda fikrlash qobiliyatini yo‘qotadi. Nega?
16:40 / 08.11.2025
U odam o‘ldirgan, asirlarni qimorga tikkan, lekin uni dunyo hurmat qiladi. Nega?
11:13 / 01.11.2025