Jahon | 11:40 / 22.11.2025
3538
4 daqiqa o‘qiladi

«Tinchlik rejasi»: YeIda Uitkoffga psixiatrga murojaat qilish tavsiya etildi

YeI amaldorlari Politico nashri bilan suhbatda Trampning «tinchlik rejasi»da ko‘rsatilgan RFning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish usuliga qarshi chiqdi.

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Trampning Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha «tinchlik rejasi»da nazarda tutilgan Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish usuli Yevropa Ittifoqining ushbu mablag‘lar hisobiga Kiyevga «reparatsiyaviy kredit» berish rejalariga to‘sqinlik qilishi mumkin. Bu haqda Politico nashrining Yevropa tahririyati bilan suhbatda bir necha yevropalik amaldor va diplomatlar anonimlik sharti bilan ma’lum qilgan. Politico materialini juma kuni, 21 noyabrda e’lon qildi.

Bryusselda Yevroittifoqning yuqori martabali amaldori Trampning Yevropada joylashgan Moskva aktivlarini tasarruf etish bo‘yicha hatto eng kichik vakolatga ham ega emasligini ta’kidladi. YeIga a’zo mamlakatlardan biri amaldori esa «tinchlik rejasi»dan g‘azabini «jonli haqoratli ifoda» orqali bildirgan, Yevropa Ittifoqining yuqori darajali siyosiy arbobi, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu rejaning asosiy mualliflaridan biri bo‘lgan Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff «psixiatrga murojaat qilishi kerak», deb aytgan.

«Yevropaliklar o‘zini ukrainaliklar manfaati yo‘lida aktivlardan qanday foydalanish bo‘yicha hayotiy yechim topishga urinish bilan haddan ziyod charchatyapti, Tramp esa bundan foyda ko‘rishni istayapti. Bu taklif, ehtimol, barcha tomonlardan rad etiladi», — deya sobiq fransuz amaldorining so‘zlarini keltiradi Politico. U Tramp rejasining ushbu bandini «mojaroli» deb atadi.

AQShning «tinchlik rejasi» Yevropada qolgan Rossiya aktivlarini blokdan chiqarishni nazarda tutadi. Kutilganidek, 100 milliard dollar AQSh nazorati ostida Ukraina tiklanish ishlariga investitsiya qilinadi, Amerika tomoni ushbu loyihadan olinadigan foydaning 50 foizini olishni rejalashtirmoqda. Yana 100 milliard dollarni tiklanish uchun Yevropa ajratishi kerak bo‘ladi.

Muzlatilgan Rossiya mablag‘larining qolgan qismi rejaga muvofiq Amerika-Rossiya investitsiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi, u ikki mamlakatning qo‘shma loyihalarini amalga oshiradi.

2022 yilda Rossiya Moliya vazirligi rahbari Anton Siluanov muzlatilgan aktivlar hajmini taxminan 300 milliard dollar deb baholagani haqida aytgan edi. Eng katta ulush — taxminan 220 milliard dollar — Belgiyadagi Euroclear depozitariyda saqlanayotgani qayd etilgan.

YeI Rossiyaning muzlatilgan mablag‘lari garovi ostida bermoqchi bo‘lgan «reparatsiyaviy kredit»ni Ukraina faqat urush tugaganidan va Rossiya yetkazilgan zararni qoplashga rozi bo‘lganidan keyingina to‘laydi. Bu holatda Yevrokomissiya pullarni Belgiyadagi Euroclear depozitariysiga qaytarib beradi va Rossiya ulardan yana foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Kredit taxminan 140 milliard yevro yoki 162 milliard dollar atrofida bo‘ladi — bu summa Ukrainaning 2026 va 2027 yillar uchun «eng zarur moliyaviy ehtiyoji» deb baholangan.

YeI sammitida joriy yil oktyabr oyida Belgiya bosh vaziri Bart de Vever, agar uyushmaga a’zo qolgan davlatlar ehtimoliy tavakkalchiliklarga sherik bo‘lmasa, Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish bo‘yicha Yevropa tashabbusini qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qildi. Shunda ishtirokchi davlatlar Belgiyani himoya qilish lozimligiga kelishib olgan va aktivlar taqdirini YeI sammitida 18–19 dekabr kunlari yakuniy hal qilishga kelishgan.

Endi esa, yevropalik amaldorlardan birining so‘zlariga ko‘ra, Tramp rejasi «reparatsiyaviy kreditni yanada berib borishga qarshi dalilga» aylanishi mumkin, chunki YeI aktivlarni blokdan chiqarishni talab qilayotgan Amerika rahbari tomonidan bosimga duch keladi. Bu holda, agar kredit baribir beriladigan bo‘lsa, uni Rossiyaga qaytarish yuki Yevropa mamlakatlari zimmasiga tushishi mumkin.

Mavzuga oid