Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2430 ta til tahlili grammatik o‘xshashlik va farqlarni ko‘rsatdi
Insonlar tili juda xilma-xil, lekin bu xilma-xillik takrorlanuvchi qonuniyatlar bilan cheklanadi. Turli tillardagi grammatik farqlar qaysi qoidalarga bo‘ysunishini tasvirlashga urinar ekan, lingvistlar shunday ataladigan grammatik universaliyalar - dunyodagi barcha yoki aksariyat tillar uchun to‘g‘ri, deb hisoblangan bayonotlarni shakllantirgan. Germaniya va AQSh universitetlarining xalqaro ilmiy jamoasi 2430 ta til materiallari asosida statistik tahlil o‘tkazib, shunday xulosaga keldiki, bunday bayonotlarning taxminan uchdan bir qisminigina haqiqatga mos, deb hisoblash mumkin.
Foto: Thinkstock
Grammatik universaliyalar lingvistlar fikricha dunyo tillarining barchasi yoki katta qismiga xos qonuniyatlarni ifodalaydi. Masalan, quyidagicha bayonotlar bor: «Agar tilda ko‘plik son bo‘lsa, demak unda yakkalik son ham bor» (ya’ni faqat ko‘plik, lekin yakkalik yo‘q bo‘lgan til mavjud emas), yoki: «Agar tilda so‘z tartibi shundayki, son otdan keyin kelsa, u holda ushbu tilda sifat ham otdan keyin keladi». Shu yerda muhim jihat shundaki, universaliyalar tillar o‘rtasidagi o‘xshashliklarni emas, balki tillar bir-biridan qanday qoidaga ko‘ra farq qilishi mumkin yoki mumkin emasligini tasvirlaydi.
Shuningdek, ko‘plab universaliyalar nisbatan kam sonli tillar asosida shakllantirilgani ham ahamiyatga ega: bu esa ularning to‘liq to‘g‘riligiga ishonch bermaydi. Germaniya va AQShdagi bir necha universitet mutaxassislari 191 ta grammatik universaliyani 2430 ta til ma’lumotlari asosida tekshirdi. Tadqiqot natijalari Nature Human Behaviour ilmiy jurnalida nashr qilindi.
Maqola mualliflari tillarning Grambank bazasida mavjud grammatik ma’lumotlari bilan ishladi va bir necha turdagi universaliyalarni sinovdan o‘tkazdi: iyerarxik (tilda grammatik kategoriyalar qanday bog‘lanishiga taalluqli), so‘z tartibiga oid (ham tor kontekstda — jumlada, ham keng kontekstda — bir necha jumla, abzats, matn doirasida) va «boshqa» turdagi universaliyalar. Tadqiqot uslubi sifatida Bayyescha statistik tahlil qo‘llandi.

Tanlangan ma’lumotlar asosida tillar o‘rtasidagi qardoshlik va geografik yaqinlikni hisobga olgan holda 60 ta grammatik universaliya tasdiqlandi, bu esa 191 ta umumiy sonning 31 foizini tashkil qiladi. Ular orasida 24 ta iyerarxik universaliya (tanlangan 30 iyerarxik universaliyaning 80 foizi), tor kontekstdagi so‘z tartibiga oid 24 ta universaliya (tanlovdagi 65 ta shunday universaliyaning 37 foizi), keng kontekstdagi so‘z tartibiga oid sakkizta universaliya (tanlovdagi 72 ta bunday universaliyaning 11 foizi) va «boshqa» toifaga kiruvchi to‘rtta universaliya (tanlovdagi 24 ta «boshqa» universaliyaning 17 foizi) bor edi. Shu tariqa tildagi grammatik kategoriyalar o‘zaro qanday bog‘lanishini tasvirlaydigan iyerarxik qoidalar eng ko‘p tasdiqlangani ma’lum bo‘ldi.
Tadqiqot mualliflari ta’kidlashicha, tahlil natijalari tillar o‘rtasidagi grammatik farqlar lingvistlar avval o‘ylaganchalik «qatiq reglamentlashgan» emasligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ko‘rib chiqilgan universaliyalarning uchdan bir qismi statistik jihatdan tasdiqlangani shundan dalolat beradiki, bu farqlar tasodifiy emas, balki haqiqatan ham bir qator qonuniyatlar bilan cheklangan.
Mavzuga oid
13:16 / 20.11.2025
Uy-joy bozori jonlandi: bitimlar soni bir oyda 12 foizga ko‘paydi
11:21 / 23.10.2025
Avtobozor sentabr oyida pasaydi, elektromobillar rekord yangiladi
11:48 / 11.06.2025
O‘zbekistonda YaIM o‘sishi 6,7 foiz darajasida prognoz qilinmoqda
09:18 / 19.05.2025