Jahon | 18:15 / 24.11.2025
1067
3 daqiqa o‘qiladi

Malayziya voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi

Mamlakat hukumati 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni taqiqlash rejasini e’lon qildi. Yangilik 2026 yildan kuchga kirishi kerak.

Foto: AFP/Getty Images

Malayziyada ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish qoidalarini jiddiy o‘zgartirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Mamlakat hukumati 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni taqiqlash rejasini e’lon qildi. Yangilik 2026 yildan kuchga kirishi kerak.

Malayziya aloqa vaziri Fahmi Fozilning ma’lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasi bolalarni onlayn tahdidlardan himoya qilishga qaratilgan tashabbusni ma’qullagan. Taqiq ommabop ijtimoiy platformalar va messenjerlarda akkauntlarni ro‘yxatdan o‘tkazishga taalluqli bo‘ladi.

Malayziya hukumati qarorni ijtimoiy tarmoqlarda onlayn-bulling, bolalarni firibgarlikka jalb qilish, zararli kontent tarqatish, maxfiylikni buzish bilan bog‘liq xavflar oshgani bilan izohlamoqda.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi yosh nazorati choralari yetarlicha samarali bo‘lmagan.

Taqiq 2026 yil boshidan kuchga kirishi rejalashtirilgan. Biroq, yakuniy amalga oshirish uchun yuridik majburiy hujjat qabul qilish va yoshni tekshirish mexanizmlarini ishlab chiqish kerak bo‘ladi.

Joriy yil yanvar oyidan boshlab Malayziyada quyidagi qoidalar amal qilmoqda: 8 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega platforma va messenjerlar litsenziya olishi va yoshni tasdiqlash tizimini joriy etishi shart. Bu aslida kelajakdagi cheklovga tayyorgarlik qadamidir.

Hozircha bu qonun emas. Shovqinli sarlavhalarga qaramay, quyidagilarni tushunish muhim: taqiq hali uzil-kesil emas. Bu hukumat tomonidan tasdiqlangan reja bo‘lib, u hali huquqiy shaklda mustahkamlanishi va ijtimoiy tarmoqlar bilan birgalikda texnik jihatdan amalga oshirilishi kerak.

Nimalar taqiqlanadi? 16 yoshgacha ijtimoiy tarmoqlarda yangi akkaunt yaratish va yosh tasdiqlanmagan holda platformalardan foydalanish.

Avvalroq, Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan edi. Bunda Facebook, Instagram, TikTok, Snapchat, X (Twitter), YouTube, Reddit, Discord, Kick va boshqa platformalar 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar tomonidan akkauntni ro‘yxatdan o‘tkazish va undan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikka qonun bilan majburlandi.

Mavzuga oid