Jahon | 13:00 / 24.11.2025
2741
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada «terroristik jinoyatlar» soni rekord darajaga yetdi

2025 yil yanvar–sentabr oylarida Rossiyada 4467 ta «terroristik xususiyatga ega jinoyat» qayd etildi, deb yozadi TASS RF Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib. Bu - so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkich.

Foto: AP

Rossiyada 2025 yil yanvar–sentabr davrida qayd etilgan «terroristik xususiyatga ega jinoyatlar» soni so‘nggi yillar uchun maksimal darajaga yetdi. Bu haqda yakshanba, 23 noyabr kuni TASS agentligi o‘z ixtiyoriga tushgan RF Ichki ishlar vazirligi materiallariga tayanib xabar berdi.

«2025 yil yanvar–sentabr oylarida 4467 ta terroristik xususiyatga ega jinoyat qayd etilgan», — deb yozadi jurnalistlar o‘rganilgan materiallarga tayanib. Taqqoslash uchun: ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning xuddi shu davrida RF IIV 2,6 ming shunday jinoyatni qayd etgan. 2023 yil yanvar–sentabr oylarida esa bunday jinoyatlar 1713 ta bo‘lgan. Shu bilan birga, 2022 yilning dastlabki to‘qqiz oyida ular 1818 tani tashkil etgani ma’lum qilindi.

TASS izohlashicha, terroristik xususiyatga ega jinoyatlarga faqat teraktlargina emas, balki terroristik faoliyatga ko‘maklashish, unga ochiqcha da’vat qilish va moliyalashtirish ham kiradi. Shuningdek, ushbu toifaga garovga olish, terroristik jamoa yoki tashkilot tuzish va unda ishtirok etish, shuningdek, terroristik yo‘nalishdagi tayyorlanayotgan jinoyatlar haqida xabar bermaslik ham kiritiladi.

Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksiga ko‘ra, ekstremistik yo‘nalishdagi jinoyatlarga siyosiy, ideologik, irqiy, milliy yoki diniy adovat yoxud dushmanlik asosida, shuningdek har qanday ijtimoiy guruhga nisbatan adovat yoki dushmanlik motivi bilan sodir etilgan jinoyatlar kiradi.

The Moscow Times onlayn-nashri yozishicha, 2025 yil oktyabr oyi oxiriga kelib Rosfinmonitoringning «terroristlar» va «ekstremistlar» reyestrida 18 771 nafar kishi bo‘lgan.

«Novaya gazeta. Yevropa» onlayn-nashri hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil boshidan buyon rasmiy idora ushbu ro‘yxatga har oyda o‘rtacha 250–300 kishini qo‘shib borgan. Masalan, 2022 yilda Rosfinmonitoring «terroristlar» va «ekstremistlar» ro‘yxatiga 1,4 ming kishini, 2023 yilda — 1,8 ming kishini, 2024 yilda esa 3,2 ming kishini kiritgan, 2025 yil yanvar–oktyabr davrida reyestr yana 3031 kishi bilan to‘ldirilgan. «2024 yildan boshlab Rosfinmonitoring yiliga taxminan 3 ming “terrorist va ekstremist”ni ro‘yxatga qo‘shmoqda, urush (Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi — tahr.) boshlanishida esa bu ro‘yxat ikki barobar sekin sur’atda kengayayotgan edi», — deya xulosa qiladi maqola mualliflari.

2021 yil iyun oyida Rossiyada hozir marhum muxolifatchi Aleksey Navalniy tomonidan tuzilgan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi (FBK) «ekstremistik tashkilot» deb e’lon qilingan edi. Shu qarordan so‘ng mamlakatda ushbu jamg‘arma faoliyati uchun xayriya qilgan shaxslarni «ekstremizmni moliyalashtirish» moddalari bo‘yicha ta’qib qilish boshlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid