Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp harbiylarga chaqiriq bilan chiqqan demokratlarga tahdid qildi
AQSh prezidenti Kongressning olti a’zosini xiyonat va mojaro qo‘zg‘atishda aybladi. Ular harbiylar va razvedka xodimlarini noqonuniy buyruqlarni bajarmaslikka chaqirgan edi.
Foto: Getty Images
AQSh prezidenti Donald Tramp harbiy xizmatchilarni noqonuniy buyruqlarni bajarmaslikka chaqirgani fonida muxolifatdagi Demokratik partiyadan bo‘lgan Kongressning olti a’zosiga nisbatan yana bir bor qattiq tahdidlar bilan chiqdi. «Mening buyruqlarimni bajarmaslikka chaqirgan ana o‘sha xoinlar hozir qamoqda o‘tirishi kerak edi, feyk yangiliklar kanallarida sayr qilib yurib, aytgan gaplari go‘yoki yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan narsa bo‘lganini tushuntirishga urinishi kerak emas», — deb yozdi u shanba, 22 noyabr kechqurun Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Prezident siyosatchilarni «eng yuqori darajada mojaro qo‘zg‘atish»da aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning bayonoti «hech qanday boshqa talqinga yo‘l qo‘ymaydi».
Bundan oldin, payshanba kuni, Tramp senatorlar va Vakillar palatasi a’zolarini o‘lim jazosi bilan qo‘rqitgan va ularni «xoinlar» deb atagan edi. U ularni «o‘lim bilan jazolanadigan xulq-atvor»da ayblagan.
Ilgari armiyada xizmat qilgan yoki maxsus xizmatlarda ishlagan uch ayol va uch erkak videomurojaat e’lon qilib, unda amaldor harbiy xizmatchilar va razvedka xodimlarini «noqonuniy buyruqlarni» bajarmaslikka chaqirgan. Ular misol sifatida Los-Anjyelesda namoyishchilarga qarshi Tramp — qo‘shinlar oliy bosh qo‘mondoni sifatida — buyrug‘i bilan harbiylardan foydalanish holatini keltirdi. Shuningdek, AQSh qurolli kuchlari tomonidan Lotin Amerikasi qirg‘oqlari yaqinida gumon qilingan giyohvand modda tashuvchilarni o‘ldirish amaliyotlari keskin tanqid qilindi.
Kuch tuzilmalariga qaratilgan ushbu qo‘shma chaqiriqni MRBda ishlagan senator Elissa Slotkin, dengiz kuchlarida xizmat qilgan va astronavt bo‘lgan senator Mark Kelli, shuningdek turli vaqtlarda dengiz va harbiy-havo kuchlarida xizmat qilgan Vakillar palatasi a’zolari Kris Deluzio, Jyeyson Krou, Meggi Gudlender va Krissi Xulaxan imzolagan.
Demokratik partiya Tramp tahdidlarini «mutlaqo jirkanch» deb atadi va AQShda yangi siyosiy zo‘ravonlik to‘lqini xavfi borligidan ogohlantirdi.
Mamlakatdagi siyosiy vaziyat hanuz juda tarangligicha qolmoqda. Sentyabr oyida Yuta shtatida bo‘lib o‘tgan tadbir chog‘ida o‘ta o‘ng qarashlarga ega inflyuyenser va Tramp tarafdori Charli Kirk otib o‘ldirilgan edi. Iyunda esa demokratik partiya vakili Melissa Xortman o‘z uyida turmush o‘rtog‘i bilan birga o‘ldirilgan. Aprel oyida Pensilvaniya shtati gubernatori — demokrat Josh Shapiro rezidensiyasi yoqib yuborildi.
AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra, kimki Qo‘shma Shtatlarga qarshi urush olib borsa yoki mamlakat dushmanlariga yordam bersa, bu davlatga xiyonat qilgan hisoblanadi. Davlatga xiyonat uchun o‘lim jazosi, qamoq yoki jarima tayinlanishi mumkin. Aniq jazo turini sudlar belgilaydi.
Mavzuga oid
14:35
AQSh «Lukoyl»ga joriy etilgan ayrim sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40