Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Tramp tinchlik rejasi»da nima yozilgan? Barcha 28 band o‘zbek tilida
Oxirgi kunlarning eng asosiy muhokama mavzusi AQShning Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha «tinchlik rejasi» bo‘lmoqda. Vashington «Mana bu bizning rejamiz, o‘qib ko‘ring», deb o‘z saytida rasmiy hujjat e’lon qilmadi. Hozircha Amerika nashrlari o‘z manbalariga tayanib e’lon qilayotgan qoralama hujjatga ishonishga majburmiz.
Tramp ma’muriyatidagilarning o‘zini tutishiga qaraganda, bu qoralama osmondan olinmagan. «Tramp tinchlik rejasi» sifatida talqin qilinayotgan rejaning barcha 28 bandini tarjima qildik, asosiy qismlarini. Quyida shu haqda.
Bu reja «Tramp tinchlik rejasi» deb talqin qilinmoqda, lekin shaxsan men uni Tramp qo‘liga qalam olib, birma-bir yozib chiqqaniga ishonmayman. Hatto Amerika bosh diplomati Marko Rubio hujjat borligidan OAVda chiqqan xabarlardan keyin xabardor bo‘lgani aytilmoqda. Bu haqda keyinroq, hozir rejadagi 28 bandda nimalar deyilganini sanab chiqamiz:
1. Ukraina suvereniteti tasdiqlanadi;
Tushunmovchilik birinchi banndan boshlanadi. Ukrainaning besh oblastiga da’vo qilayotgan, mamlakat sharqini bosib olgan Rossiya qanaqasiga Ukraina suverenitetini tasdiqlashi mumkin?
Rossiya 2014 yil Qrimni egallab, Donbassga kirishidan avval ham Ukrainaning 1991 yilgi chegaralarini tan olardi, Putin bir necha marta Qrimni egallab olish haqida so‘rashganda, buni bo‘lmag‘ur ish degan. 1994 yil Ukraina Rossiyaga SSSRdan qolgan yadro qurollarini berganda, Rossiya Ukraina hujum qilmaslikka AQSh va Britaniya guvohligida so‘z bergan, hujjat imzolagan.
2. Rossiya, Ukraina va Yevropa o‘rtasida hujum qilmaslik bo‘yicha kelishuv imzolanadi. Oxirgi 30 yilda yuzaga kelgan barcha tortishuvlar hal qilingan deb hisoblanadi;
3. Rossiya qo‘shni davlatlarga bostirib kirmasligi kutiladi. NATO esa kengaymaydi;
4. Rossiya va NATO o‘rtasida AQSh vositachiligida muloqot yo‘lga qo‘yiladi;
5. Ukraina ishonchli xavfsizlik kafolati oladi;
6. VSU shaxsiy tarkibi 600 ming kishigacha qisqartiriladi;
Bu band amalda hech narsani o‘zgartirmaydi. Hozir Ukraina armiyasi doimiy a’zolari 800 ming atrofida ekani aytiladi (urush boshida 200 ming ham bo‘lmagan). Agar kelishuv imzolansa ham, Kiyev 600 mingdan tashqari boshqa kuchlarini masalan «teroborona» deb ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.
7. Ukraina o‘z konstitutsiyasida NATOga a’zo bo‘lmasligini belgilab qo‘yadi. NATO o‘z ustavida Ukraina alyans a’zosi bo‘lolmasligi qayd etib qo‘yiladi;
Shu o‘rinda bir ma’lumot: NATO shundog‘am Ukrainani o‘z tarkibiga qo‘shib olmoqchi emas, chunki alyans ustaviga ko‘ra hududiy mojarosi bor davlatlar a’zolikka qabul qilinmaydi.
8. NATO Ukrainaga qo‘shinlarini joylashtirmaydi;
Shundog‘am Ukrainada NATO qo‘shinlari yo‘q edi, alyans a’zolari bunga urush boshidan buyon qarshi chiqqan.
9. Yevropa davlatlari qiruvchi samolyotlarini Polshada joylashtiradi;
Bu band kiritilgani ham qiziq, chunki ittifoqdagilar Polshada qiruvchi samolyotlar joylashtirishiga hech qanday taqiq yo‘q edi.
10. AQSh kafolat oladi:
* Vashington xavfsizlik kafolati uchun kompensatsiya oladi;
* Ukraina Rossiyaga bostirib kirsa, xavfsizlik kafolatidan mahrum bo‘ladi;
* Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, bunga qatiy harbiy javob beriladi, barcha xalqaro sanksiyalar tiklanadi, tan olingan hududlar bo‘yicha kelishuv bekor bo‘ladi;
* Ukraina hech qanday sababsiz Moskva yoki Sank-Peterburgga raketa uchirsa, xavfsizlik kafolati bekor bo‘ladi;
Aynan Moskva hamda Sank-Peterburgga, Krasnodar, Rostov, Belgorod yoki Kurskka emas.
11. Ukraina Yevropa Ittifoqiga kirish huquqiga ega bo‘ladi;
12. Ukrainani tiklash bo‘yicha global sa’y harakatlar boshlanadi;
13. Rossiya dunyo iqtisodiyotiga reintegratsiya qilinadi:
* Sanksiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi, G8'ga qayta chaqiriladi.
14. Rossiyaning muzlatilgan aktivlari quyidagi tartibda sarflanadi:
* 100 milliard dollar Ukrainani tiklash uchun AQSh nazorati ostida ishlatiladi;
* Bu tiklash loyihalaridan keladigan foydaning yarmini AQSh oladi, Yevropa Ukrainani tiklashga yana 100 milliard dollar ajratadi. Yevropada muzlatilgan boshqa Rossiya pullari AQSh va Rossiya investitsion fondi loyihalarida ishlatiladi;
15. Xavfsizlik bo‘yicha AQSh – Rossiya ishchi guruhi tashkil etiladi;
16. Rossiya o‘z qonunchiligida Yevropa va Ukrainaga hujum qilmaslikni mustahkamlab qo‘yadi;
17. AQSh va Rossiya yadro qurolini tarqatmaslik bo‘yicha kelishuvni uzaytiradi;
18. Ukraina yadrosiz davlat bo‘lib qolishini tasdiqlaydi;
Ma’lumot uchun, Ukrainada shundog‘am yadro quroli yo‘q, borini 1994 yil qo‘shnisi Rossiyaga Ukrainaga hujum qilmaslik sharti bilan topshirgan.
19. Zaporijjya AES Atom energetikasi xalqaro agentligi nazoratiga o‘tkazilib, ishlab chiqarilgan energiya Rossiya va Ukraina o‘rtasida teng taqsimlanadi;
20. Har ikki davlat maktab darsliklarida turli madaniyatlarga tolerantlik g‘oyalarini singdirish majburiyatini oladi. Ukraina Yevropa Ittifoqining diniy bag‘rikenglik va barcha milliy ozchilik tillarini himoya qilish qoidasiga amal qiladi. Har ikki tomon bir-birini kamsitmaslik, ukrain va rus OAVlarini himoya qilishga kelishib oladi. Barcha millatchilik g‘oyalari va harakatlari taqiqlanadi;
Medinskiy yozgan tarix darsliklari nima bo‘ladi? Bu haqda hech narsa deyilmagan, albatta, shunchaki esimga kelib qoldi.
21. Hududlar masalasi:
* Qrim, Luhansk va Donetsk de fakto, ya’ni amalda Rossiyaniki deb tan olinadi;
* Xerson va Zaporijjyada front muzlatiladi; (Ya’ni amalda ikki davlat Ukrainaning bu shaharlarini hozirgi front chizig‘ida bo‘lib oladi);
* Rossiya ushbu besh hududdan boshqa regionlardagi yerlardan voz kechadi; (Bunaqa yer sifatida faqat Kupyanskni aytish mumkin, uni ham to‘liq egallashgani yo‘q).
* Ukraina armiyasi Donetsk oblastidagi hozir nazorat qilayotgan yerlaridan chiqib ketadi. Bu demilitarizatsiya qilingan bufer zona bo‘ladi, xalqaro darajada Rossiyaniki deb tan olinadi, lekin u yerga rossiyalik harbiylar kiritilmaydi;
23. Rossiya Ukrainaning Dnepr daryosidan tijoriy maqsadda foydalanishiga qarshilik qilmaydi. Don mahsulotlari Qora dengizga muammosiz olib chiqilishi bo‘yicha kelishib olishadi;
24. Ochiq qolgan savollarni hal qilish uchun humanitar guruh tuziladi. Barcha asirlar almashiladi. Qo‘lga olinganlar, xususan, bolalar ortga qaytariladi;
25. Ukrainada 100 kun ichida saylov o‘tkaziladi;
26. Tomonlar urush davrida qilgan ishlari uchun amnistiya oladi, keyinchalik bir-biriga e’tiroz qilmaydi;
27. Bu kelishuv huquqiy jihatdan majburiy bo‘ladi. Uning ijrosini Donald Tramp boshchilik Tinchlik kengashi nazorat qiladi;
28. Barcha tomonlar memorandumni tasdiqlagani zahoti o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kiradi, har ikki tomon kelishilgan hududlarga chekinib, kelishuvni bajarishga kirishadi.
Lekin
Demak 28 bandli «tinchlik rejasi»ni o‘qib oldik, sizga tushunarli bo‘ldi deb umid qilaman. Bu juda mujmal, tushunarsiz bandlarga boy reja muallifi Kirill Dmitriyev va Stiven Uitkoff ekani aytilmoqda. To‘g‘risi, katta diplomatlarga bu «Tramp tinchlik rejasi» ekanini aytmay, mana shu reja bilan 80 yil ichidagi eng yirik urushni to‘xtatishmoqchi ekanini aytsangiz, diplomat kulib qo‘ygan bo‘lardi. Hatto senatorlar bilan suhbatda AQSh bosh diplomati Rubio ham bu tinchlik rejasi emas, «Rossiyaning istaklar to‘plami» degan ekan.
Aftidan Rubio u vaqtda Uitkoff Trampga olib kirgan bu reja butun boshli Amerikaning «tinchlik rejasi» bo‘lib ketganidan bexabar qolgan. Boshqa vaqtda davlatlar bunday xom rejani hatto muhokama qilmagan bo‘lardi, lekin hozir dunyodagi eng ta’sir doirasi katta odam uning 27 noyabrgacha imzolanishini talab qilmoqda. Nega bu sanada ekanini kecha aytgandim.
Ukraina bu rejadan tushkunlikka tushib qoldi, Zelenskiy qanday chiqish qilganini ko‘rdingiz, u urush boshida ham bunaqa holatga tushmagandi. Oq uydagilar «Trampning qanchalik daho ekani, urushni tugatish uchun bundan yaxshi reja yo‘qligini» aytmoqda, Amerika va Ukraina delegatsiyasi Jyenevada ikki kundan beri hamma ishini, tirikchiligini qo‘yib, reja ustida ishlayapti.
Lekin janoblar, siz eng asosiy masalani esdan chiqaryapsiz: Putin bu kelishuvga ko‘nadimi o‘zi? Zelenskiyni-ku bir amallab generallarni yuborib, Oq uyga chaqirib, «bundan ham yomon bo‘ladi» deb kelishuvni imzolashga majbur qilarsiz, lekin Vladimir Putinning imzosi bo‘lmasa, bu hujjatning oddiy qog‘ozdan farqi qolmaydi.
Sizning tinchlik rejangizni qabul qilishi kerak bo‘lgan eng asosiy odam – Vladimir Putin. Va Putinni nimagadir ko‘ndirish siz tasavvur qilgandek oson emas. Putin Zaporijjya bilan Xersonni Rossiyaniki deb konstitutsiyasiga kiritib qo‘ygan, ishoning, hech qachon bu hududlar hozirgi front chizig‘ida bo‘linishiga rozi bo‘lmaydi.
Trampning jamoasi Putin bu kelishuvni imzolaydi degan optimizmni qayerdan olyapti hayronman. Yoki Uitkoff yana Kreml vakili bilan tarjimonsiz gaplashib qovun tushirdimikin?
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025
Ukraina aholisi 42 milliondan 36 milliongacha kamaydi – OAV
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
21:45 / 04.12.2025