O‘zbekiston | 15:22 / 25.11.2025
1107
2 daqiqa o‘qiladi

Arxiv xizmatlari 100 foiz elektron shaklga o‘tkaziladi

Prezidentning “Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan arxiv xizmatlarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, Milliy arxiv fondi hujjatlarini keng ko‘lamda raqamlashtirish hamda sohada boshqaruvni zamonaviy axborot tizimlari asosida yo‘lga qo‘yish vazifalari belgilab berildi.

Mazkur farmonga muvofiq, arxiv sohasini 2030 yilgacha raqamlashtirish va samarali boshqaruv tizimini yaratishning ustuvor yo‘nalishlari aniq belgilab qo‘yildi. Jumladan:

  • Milliy arxiv fondi hujjatlarini raqamlashtirish darajasini 60 foizga yetkazish;
  • arxiv xizmatlarini ko‘rsatishni 100 foiz elektron shaklga o‘tkazish;
  • xizmat ko‘rsatish muddatini kamida 3 baravarga qisqartirish rejalashtirilgan.

2026 yil 1 iyundan amaldagi arxiv axborot tizimlari negizida Yagona milliy arxiv axborot tizimi joriy etiladi. Ushbu tizim orqali fuqarolar va tashkilotlar arxiv ma’lumotlariga masofadan turib murojaat qilish, zarur hujjatlarni elektron shaklda olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Arxiv hujjatlarini raqamlashtirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

  • 1-bosqich (2025–2027 yillar) – alohida qimmatli va noyob hujjatlar, mol-mulk va yerga oid arxiv hujjatlari;
  • 2-bosqich (2028–2029 yillar) – kino, foto, fono va ilmiy-texnik arxiv hujjatlari;
  • 3-bosqich (2030 yildan) – Milliy arxiv fondining boshqa arxiv hujjatlari.

Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlar arxiv hujjatlarini saqlashning ishonchliligini oshirish, ulardan foydalanishni yengillashtirish, fuqarolar va biznes uchun arxiv xizmatlarini yanada tezkor, shaffof va qulay qilishga qaratilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid