Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyaning Kiyevga navbatdagi zarbasi: qurbonlar va yaralanganlar bor
Rossiyaning Ukraina poytaxtiga va energetika obektlariga amalga oshirgan havo hujumi oqibatida turar joy uylariga snaryad parchalari tushgan, yong‘inlar chiqqan. Bir kishi halok bo‘ldi, sakkiz kishi yaralandi, deb xabar qildi mahalliy hokimiyat vakillari.
Foto: Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati
Rossiya qo‘shinlari seshanbaga o‘tar kechasi, 25 noyabrda Ukraina poytaxti Kiyev va Kiyev viloyatiga navbatdagi zarbani amalga oshirdi. Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoga ko‘ra, hujum natijasida bir kishi halok bo‘lgan, yetti nafar tinch fuqaro jabrlangan, ulardan ikki nafari kasalxonaga yotqizilgan.
Poytaxtning Pechersk tumanidagi 22 qavatli turar joy uyidan aholi evakuatsiya qilinayotgani haqida Kiyev meri Vitaliy Klichko Telegram’da yozdi. «Uyning 4–7-qavatlari darajasida vayronagarchilik va yong‘in mavjud», — deya aniqlik kiritdi u. Ukraina Favqulodda holatlar davlat xizmati xabariga ko‘ra, shaharning Dnipro daryosi chap sohilida joylashgan Dniprovskiy tumani, Rusanovka mikrorayonida Rossiya droni to‘g‘ridan to‘g‘ri 9 qavatli turar joy binosiga urilgan, natijada 6–7-qavatlarda vayronagarchilik va yong‘in kelib chiqqan. «Jami 8 kishi qutqarildi. Yana 4 nafar jabrlanuvchi mustaqil ravishda shifokorlarga murojaat qildi», — deb yozadi xizmat Telegram’da.
Kiyev viloyatiga raketalar va dronlar bilan qilingan hujum haqida viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Nikolay Kalashnik ma’lum qildi. «Viloyatning tinch aholi yashaydigan qator hududlari qo‘shma zarba ostida qoldi. Afsuski, Belaya Tserkovda 14 yoshli qiz jabrlandi», — deyiladi uning Telegram’dagi xabarida.
Ukraina Energetika vazirligi mamlakat energetika infratuzilmasiga qilingan ommaviy qo‘shma hujum haqida ma’lum qildi. Ukraina Qurolli Kuchlari Havo kuchlari butun Ukraina bo‘ylab raketa xavfi haqida ogohlantirish berdi.